Линклар

21 dekabr kuni Toshkent shahri, Chilonzor tumanidagi Tibbiyot kollejining 3-kurs o‘quvchisi Sevara Obloqulova o‘z hovlisining ikkinchi qavatidagi zinapoya panjarasiga osilgan holda topildi. Hozirda huquq-tartibot idoralari 17 yashar o‘quvchi qizning o‘z joniga qasd qilish sabablarini o‘rganayapti.

Poytaxtning Sirg‘ali tumani, Sa’diy ko‘chasi, Qo‘rg‘on mahallasidagi Obloqulovlar yashaydigan ikki qavatli hovlida chorshanba kuni shu oila a’zosi Sevaraning ma’rakasi o‘tkazildi.

Sevaraning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, qiz dushanba kuni ertalab o‘zi yashaydigan uyning ikkinchi qavatiga olib chiqadigan zinapoya panjarasiga sharfi bilan o‘zini osgan.

“Otasi ertalab ishga ketgan, onasi uyda bo‘lgan. Yakshanba kuni kechqurin Sevaraning kayfiyati yaxshi edi. Uyda hech kim bilan urishmagan, aytishmagan. Lekin ertalab zinadan osilgan holda topishgan. Bo‘ynida o‘zi o‘raydigan sharf bo‘lgan. Shu sharfga osibdi o‘zini. Ota-onasi nimaga bunday qilgani sababini bilmay kuyib, yig‘lashayapti”, dedi marhumaning yaqin qarindoshlaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Sevara Obloqulova o‘limidan u o‘qigan kollej rahbariyati dushanba kuni tushdan so‘ng xabar topgan:

“Obloqulova Sevara Baxtiyor qizi. U 1998 yilning 13 may kuni tug‘ilgan. Chilonzor Tibbiyot kollejining uchinchi kurs o‘quvchisi bo‘lgan. O‘sha kuni Obloqulovaning darsga kelmagani uchun, sinf rahbari Munira Zufarova yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilib, sabablarini surishtirgan. O‘quvchi qizning akalari “hammasi joyida” degan gapni aytishgan. Lekin obeddan so‘ng o‘ldi degan xabar kelgan. Obloqulova yaxshi o‘qigan, hulqi ham namunali bo‘lgan”, dedi boshqarma mas’ullaridan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Mas’ulga ko‘ra, kollej rahbariyati Sevaraning kursdoshlari va o‘qituvchilari bilan uchrashib, o‘quvchi qizning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishmovchiliklar bo‘lganmi yoki yo‘qligini tekshirgan:

“Kollej direktori, ma’naviyat-ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Obloqulovaning sinf rahbari, o‘qituvchilari, kursdoshlari bilan suhbatlashdi. Obloqulova bilan boshqa o‘quvchilar orasida kelishmovchilik bo‘lmagan. O‘qituvchilari bilan ham o‘rtalarida hech qanday muammo bo‘lmagan”, dedi boshqarma mas’uli.

Uning aytishicha, Sevaraning homilador bo‘lgani haqidagi mish-mishlar ham isbotini topmagan:

“Odamlar shunaqa mish-mish qilgan. Lekin kollej o‘qituvchilari Obloqulovaning yigitlar bilan yurmagani, uning xarakterida bunaqa yengiltabiatlilik bo‘lmaganini aytishdi. Keyin uning akalari ham uning yurish-turishini tekshrib turishgan ekan. Uyidagilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, tibbiy ekspertiza natijalarida ham uning hali qiz bola bo‘lgani aniqlangan”, dedi boshqarma mas’ullaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Sirg‘alidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Sevara Obloqulova 22 dekabr kuni dafn qilingan.

Hali huquq-tartibot idoralari Sevara Obloqulovaning o‘limi bo‘yicha yakuniy natijalarni berishmagan. Hozircha surishtiruv ishlari davom etayapti.

O‘zbekistonda o‘quvchi yoshlar orasida turli sabablarga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilish holatlari uchrab turadi.

Jumladan, joriy yil 31 iyul kuni Samarqandning Payariq tumani Burxut fuqarolar yig‘ini Ayuvcha qishlog‘ida yashovchi 17 yashar o‘quvchi qiz 63 yashar hamqishlog‘i tomonidan jinsiy zo‘rlanganidan so‘ng molxona ayvonining to‘siniga o‘zini osgan edi.

May oyida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinfida o‘qigan o‘quvchi qiz ham o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalari iddaosiga ko‘ra, maktab direktori qizning telefonidan behayo rasmlarni topib olib, uni sinfdoshlari orasida masxara qilgan va uyatga qolgan qiz uyida o‘zini osgan.

11 aprel kuni esa Jizzax shahridagi 5-umumta’lim maktabining yettinchi sinf o‘quvchisi o‘z joniga qasd qildi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, 14 yashar qiz maktabda o‘qituvchisi tomonidan tahqirlangandan so‘ng o‘zini osgan.

XS
SM
MD
LG