Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

AQSh Rossiyaga nisbatan yangi jazo choralarini e’lon qildi


AQSh Rossiyadagi yirik kompaniyalar va qator jismoniy shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy etdi. Moskva ham javob choralari qo‘llashini bildirmoqda. Amerikalik mutaxassislar Vashingtonning bunday xatti-harakatlari kutilgani, vaziyat o‘zgarmasa iqtisodiy bosim davom ettirilishi mumkinligini inkor etmadi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Moliya vazirligi Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqidagi mojaroga aralashgan Rossiyadagi qator korxona, muassasalarga nisbatan yangi sanksiyalarni joriy qilganini e’lon qildi.

Vazirlik rasmiy saytida e’lon qilingan ro‘yxatdan jazo choralari va cheklovlar nafaqat tashkilotlar, balki jismoniy shaxslarga nisbatan ham kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Ro‘yxatda keltirilgan 34 shirkat orasida VTB-24 va VTB, Sberbank va uning mintaqaviy bo‘linmalari, Sberbank Nafaqa jamg‘armasi, "Yandeks.Dengi" tizimi, "Luch", Stankoimport, Rosoboroneksport, "Vertoleti Rossii" shirkati, Qrimdagi Likyor-aroq zavodi, “Massandra” korxonasi, “Magarach” Davlat vino instituti, Sevastopol dengiz banki, Quyi Oreanda kurorti, Yalta kinostudiyasi va boshqalar bor.

Shuningdek, amerikaliklar cheklovlariga tan olinmagan Lugansk va Donetsk xalq respublikalari vakillari, Ijevsk mexanika zavodi tashqi ishlar boshqaruvchisi Tatyana Chernix, “Kalashnikov” konserni direktori muovini Eduard Ioffe, shvetsiyalik Sven Anders Olsson va boshqalar kiritildi.

AQSh Moliya vazirligi xabarida bu odamlar oldingi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan Vladimir Putinning do‘sti Gennadiy Timchenko va unga qarashli shirkatlar nomidan ish yuritgani aytiladi.

Avia Grupp Terminal, Transservis, Lerma Treyd, LTS Xolding Ltd, Mapls S.A., Fentex Properties Ltd. kabi korxonalar sanksiyalar ostida qolayotgan aka uka Arkadiy va Boris Rotenberglar, Volgograd Neftemash, Moskva viloyat banki, Respublika banki va boshqalar nomidan yoki nazorati ostida ish yuritgani uchun ro‘yxatga tushirilgan.

Moliya vazirligi rasmiy xabarnomasida AQSh bu sanksiyalar natijasida Ukrainadagi mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal etilishiga erishmoqchi ekani bildirilgan.

AQSh sanksiyalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad nimada? Bu savolga HWA moliya shirkati rahbari Gregori Grushko javob beradi:

- Joriy qilingan sanksiyalar yordamida AQSh oldinroq “qora ro‘yxat”ga kiritilgan shaxslar va kompaniyalarning javobgarlikdan qochishiga qarshi kurashmoqchi. Aslida bu “sanksiyalar siyosatini kuchaytirish” degani emas. Rus shirkatlari eshikni yopsang teshikdan kirib kelishga ko‘nikib qolgan: ularga moliyaviy-iqtisodiy cheklovlar kiritilsa, yangi tuzilma tuzib olishmoqda. Moliya vazirligi shu tuynuklarni yopish bilan ovora. Sanksiyalar natijasida Amerika kompaniyalari va shaxslariga ro‘yxatdagilar bilan aloqa qilishga taqiq qo‘yildi, ularning AQShdagi aktivlari esa muzlatildi, dedi moliyaviy ekspert.

Grushko AQSh Moliya vazirligi cheklovlarni buzgan yangi shaxslar va korxonalar ro‘yxati tuzilsa, yangi sanksiyalar kiritilishini ham aytdi.

Barak Obama hukumati Rossiyaga nisbatan sanksiyalar siyosatini davom ettirmasa Ukraina Sharqida biroz pasaygan ulkan jangovar harakatlar yangittan avj olib ketishi mumkinligidan gapirdi Ozodlikka AQShning sobiq davlat kotibi muovini Devid Kremer:

- Darhaqiqat, sanksiyalarga Rossiyaning yuqori lavozimli shaxslar kiritilmagan, ammo bu asosiysi emas. Sanksiyalar rejimi Minsk shartnomalari bajarilmagunicha va Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi Kreml tomonidan tan olinmagunicha davom etadi, dedi Devid Kremer.

AQSh hukumati sobiq mulozimi fikricha, davlat kotibi Kerrining Moskvaga tashrifi Kremlda AQShning iqtisodiy-moliyaviy bosimini susaytirishi sifatida xato baholangan.

Devid Kremer yana kimlar sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi mumkinligi to‘g‘risida bularni gapirdi:

- Men shaxsan bu ro‘yxatda janob Putinning ismi bo‘lishini istardim. Ammo bunday bo‘lishi dargumon. “Qora ro‘yxat”dan rossiyalik yana qator amaldorlar joy olishi shart, deb o‘ylayman. Xususan, Qrimning anneksiya qilinishi uchun ovoz bergan parlament a’zolari. Bugun Duma navbatdagi yig‘ilishida FSB tomonidan namoyishchilarga, ayrim hollarda, ayollar va bolalarga o‘t ochishi mumkinligi to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qilyapti. Qaerda, qaysi mamlakatda o‘z xalqi huquqlarining bunday toptalishiga yo‘l qo‘yilyapti?! O‘z xalqini hurmat qilmagan parlamentdan qo‘shni davlatlarni hurmat qilishni talab qilishga na hojat? dedi AQShning sobiq davlat kotibi muovini Devid Kremer.

Kremlda esa AQShning yangi sanksiyalarini “buzuvchi” deb atashdi.

- Sog‘lom aql qoidalariga zid ravishda hamda hamkorlikni kuchaytirish o‘rniga Vashington zamon talablariga javob bermaydigan yo‘lni tanlaganidan biz faqat afsus bildiramiz. Bu ikki tomonlama munosabatlarning buzilishiga olib keluvchi yo‘ldir. O‘z-o‘zidan, javob tarzida qabul qilingan qarorlar o‘rganib chiqiladi va ehtimoliy kontrchoralar qabul qilinadi, deya javob qaytardi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

XS
SM
MD
LG