Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:28

Toshkent aeroportida yo‘lovchilarni "IGIL-kontrol" kutib olmoqda


Toshkent aeroportida “Islomiy davlat” ekstremist tashkilotiga aloqador shaxslarni aniqlash bo‘yicha maxsus guruh ish olib bormoqda. Yo‘lovchilar orasida “IGIL-kontrol” nomi bilan tanilgan guruh xorijdan uchib kelgan yo‘lovchilarni maxsus suhbatdan o‘tkazmoqda. Ayniqsa, Turkiyadan kelayotgan yo‘lovchilar alohida xonaga olib kirilib, so‘roqqa tutilmoqda. Buning oqibatida Toshkent aeroportidan chiqib olish bir necha soatga cho‘zilayotganini aytishadi yo‘lovchilar. O‘zbekiston xavfsizlik idoralari bir tarafdan fuqarolarni IShID tahdidiga oid vahimali gap-so‘zlarga ishonmaslikka chaqirmoqda, ikkinchi tarafdan bunday favqulodda choralarni joriy etib, vahimaning urchishiga hissa qo‘shishmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportida “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga aloqadorligi ehtimoli bo‘lgan shaxslarni aniqlash tadbiri o‘tgan oyda boshlangani aytilmoqda. Bu tadbirni amalga oshirayotgan maxsus guruh chegara xizmati bilan birgalikda xorijdan kelayotgan har bir yo‘lovchini savol-so‘roq qilmoqda.

"IGIL-kontrol"

O‘zbekistonlik va xorijlik yo‘lovchilar orasida allaqachon “IGIL-kontrol” degan nom bilan tanilgan guruh, ayniqsa, Turkiyadan uchib kelgan yo‘lovchilarni sinchkovlik bilan, alohida xonaga olib kirib, tekshirayotgani aytilmoqda.

Dushanba kuni tong saharda Germaniyadan Istanbul orqali O‘zbekiston poytaxtiga uchib kelgan 28 yoshli ayol “IGIL-kontrolning” joriy etilgani Toshkent aeroportiga xos bo‘lgan sarosimani yanada kuchaytirganini aytadi.

“Kuni-kecha Turkiya orqali Toshkentga uchib keldim. Tong soat 7:35da samolyotdan tushib aeroport binosiga yetib kilishimiz bilanoq, o‘zbeklarimiz birdan shosha-pisha pasport nazoratidan tezroq o‘tib olish uchun chopib qolishdi. Hayron qoldim, ular vatanimizni shu qadar sog‘inib qolishganmikin, deb ham o‘ylab qoldim. Keyinroq, gap nimada ekanligini tushundim. Pasport nazoratida ancha navbatda kutishga to‘g‘ri keldi. Nihoyat nazorat o‘tkazish joyiga kelib, pasportimni uzatsam, chegarachi pasportimni olib qoldi. 15 minutlardan keyin o‘zi bilan birga yana bir odamni boshlab keldi va ikkalasi meni so‘roqqa tuta boshladi: “Yevropada nima qilasan? Necha pul olasan?” va hokazo. Men Turkiyada yashamaganim, Yevropadan tranzit uchib kelganligim bois ishim oson bitganini tushundim. Turkiyaning o‘zidan uchib kelayotganlarning ahvoli voy bo‘ldi. Biz bilan birga shu vaqtda Turkiyadan ikkita reys uchib kelgan ekan. Barcha yo‘lovchilarning pasportlari chegarachilar tomonidan olib qo‘yildi”, deydi toshkentlik juvon.

Toshkent xalqaro aeroporti shundoq ham yo‘lovchilar uchun eng qulay aeroportlar sirasiga kirmaydi. Chegara xizmati tomonidan o‘tkaziladigan pasport nazoratidan kamida 30-40 daqiqada o‘tgan yo‘lovchi, keyin yuklarini kutadi, tashqariga ikki soat deganda chiqadi. “IGIL-kontrol” odamlar uchun ortqcha sargardonlik bo‘lmoqda, deydi suhbatdoshimiz.

“Odam tiqilinch. O‘tirishga joy yo‘q. Ozodlik uchun rasmga olmoqchi edim, ammo iloji bo‘lmadi. Turkiyadan kelganlarni bitta-bitta chaqira boshladi. Bitta alohida xonaga olib kirib, so‘roq qildi. Kirganlar uzoq chiqmayapti. Aftidan, ularni so‘roq qilganlar shoshilmayapti. Endi bular tushgacha aeroportdan chiqolmaydi, deb o‘yladim. Menku ikki soat deganda aeroportdan chiqqanimga xursand bo‘ldim. Tashqariga chiqqach alohida xonaga kirib chiqqan bir opadan “ichkarida nima bo‘lyapti”, deb so‘radim. E, bu “IGIL-kontrol” ekan, deyishga holi bo‘ldi xolos”, deydi toshkentlik ayol.

"IGIL-kontrol"dan CIP zali ham qutqarmaydi

Toshkent xalqaro aeroportida oddiy kutib olish zalidagi sargardonliklarni aylanib o‘tmoqchi bo‘lganlar CIP (Commercial Important Person), ya’ni Tijoriy ahamiyatga ega shaxslar zali orqali 200 AQSh dollari atrofidagi haqini to‘lab chiqishi mumkin. Lekin CIP zali ham “IGIL-konrol” so‘rog‘idan qutqarmaydi.

Germaniya universitetlaridan birida o‘qiydigan Akmal ismli yigit ham dushanba kuni Istanbul orqali uchib keldi. Aynan ortiqcha so‘roq-savolni aylanib o‘tish uchun 180 dollari haqini to‘lab, CIP zali orqali chiqqanini aytadi u.

“O‘zbekistonga yangi yilni uydagilar bilan nishonlash uchun keldim. Uyda bo‘lmaganimga bir yildan oshdi. O‘zi Germaniyadan uchib ketishimdan avval tinishlar aytishgan edi: “Turkiya orqali uchsang, tekshirishadi, so‘roq-savol qiladi”, deb. Shuning uchun universitetdan maxsus ma’lumotnoma olishimni maslahat berishdi. Ortiqcha savol, har xil gap bo‘lmasin deb, uydagilardan CIP zalidan kutib olishlarini so‘radim. 180 dollar turar ekan. Tiqilinch, navbat kutishlar bo‘lmadi-yu, lekin chegarachi baribir so‘roq qildi. “Germaniyaga nimaga bording? Nega Istanbul orqali uchding?” deb surishtirdi. Xullas, kim bilan qiziqshganini o‘zingiz yaxshi tushunib turgan bo‘lsangiz kerak. Aytishlaricha, hozir bundaylarning ko‘pchiligi Turkiyadan kelyapti ekan”, deydi Akmal.

Uning aytishicha, bunday favqulodda choralarning ko‘rilgani odamlar orasida IShID tahdidiga oid vahimali taxminlar va gap-so‘zlarning urchishiga sabab bo‘lmoqda.

Haqiqatga o‘xshaydigan mish-mish

Ayni paytda O‘zbekiston xavfsizlik idoralari o‘zbekistonliklarni “yirik shaharlar va poytaxtda urchiyotgan vahimalarga berilmaslik”ka chaqirmoqda.

Shu hafta boshida Ichki ishlar vazirligining terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik O‘ktam Murodov asossiz mish-mishlarni tarqatishga urinish harakatlariga keskin chora ko‘rilishidan ham ogohlantirdi.

Vazirlik mulozimi mamlakatda aholini vahimaga soladigan voqea-hodisalar kuzatilmayotgani va vaziyat umumiyatla tinch ekanini alohida ta’kidladi.

“Turli mish-mishlar, agar aytish mumkin bo‘lsa, g‘iybatlar, misol uchun, Toshkent IIB binosi yaqiniga kimdir qora bayroq osib ketibdi, o‘sha yerda avtostoyankada bomba o‘rnatilgan mashina topilibdi, qabilidagi g‘iybatlar o‘z harakatlari bilan vahima va qo‘rquv uyg‘otishga urinayotganini tushunmayotganlar tomonidan tarqatilmoqda. Bunaqa asossiz mish-mishlar jamiyatga zarar beruvchi xarakterga ega va shu bois, ularga qarshi keskin chora ko‘riladi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib fuqarolarimizga bunaqa fitnalarga berilmaslik, hatto haqiqatga o‘xshab ko‘ringan ovozalarga ham e’tibor qilmaslikka chaqiraman", deya ta’kidladi vazirlik mulozimi mahalliy nashrlarga bergan intervyusida.

Shu bilan birgalikda terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi rahbari xorijda bo‘lib qaytgan fuqarolar ustidan nazorat kuchayganini ham tasdiqladi.

"Umumiy tahdidga qarshi o‘zaro hamkorlik amaliyotlar doirasida xorijdagi hamkasblarimiz bilan izchil aloqadamiz, xorijga uzoq muddatga chiqqanlar va qaytganlar haqida ishonchli ma’lumotlarga egamiz", deya ta’kidladi IIV mulozimi.

Lekin xavfsizlik idoralari mamlakat bo‘ylab joriy qilgan favqulodda choralar odamlar orasida vahimaning kuchayishiga sabab bo‘layotganini aytishmoqda kuzatuvchilar.

So‘nggi 2-3 oy davomida Toshkentda pasport rejimi joriy qilingani, ommaviy ravishda aholi pasport tekshiruvidan o‘tkazilayotgani, ijaraga berilayotgan xonadonlar ro‘yxatga olinayotgani, xorijdan qaytgan fuqarolar va diniy qarashlari uchun ro‘yxatga olingan fuqarolar so‘roqqa chaqirilayotgani, ayrimlari mahalla qo‘mitasidagi suhbat chog‘idayoq hibsga olinayotgani to‘g‘risidagi holatlarni Ozodlik yoritib bormoqda.

Ozodlikka kundalik ravishda kelayotgan xabarlar va murojaatlarning kattagina qismida, ayniqsa, poytaxt ahlida vahima kuchayganini kuzatish mumkin.

XS
SM
MD
LG