Линклар

logo-print

Daniel Kyoler Suriyadan qaytgan islomiy jangarilarni normal hayotga qaytarish uchun ular ustidan ish olib boradigan g‘arblik sanoqli kishining biridir.

Germaniya fuqarosi bo‘lmish Kyoler Yevropa va Shimoliy Amerikada sobiq jangarilar va ularning oilalari bilan ish olib boradi va jangari yollashda jihodchi mafkuralar o‘ynaydigan rolni yaxshi biladi.

“Islomiy davlat” radikal guruhi dunyodagi eng yomon otliq islomiy jangari guruhga aylangan. Kyoler va u bilan birga ish olib boruvchilar “Islomiy davlat” dunyoning turli burchagidan odam yollash bo‘yicha boshqa jangari guruhlarga, jumladan, “Al-Qoida”ga solishtirganda ancha ildamlab ketganini kuzatib keladilar.

Kyoler barcha bu kabi jihodchi guruhlar Islom zolim kuchlar hujumiga uchraganini, diniga sodiqlar bunga qarshi kurashishi kerakligini, guruhga qo‘shilganlar haqiqiy musulmonlar uchun yangi uy qurishga o‘z hissasini qo‘shishini ta’kidlab, odam yollashini aytadi.

“Ammo Islomiy davlat bunday gaplarning aksarini amalda bajarmoqda. Ular katta geografik hududni boshqaradilar, o‘zlarini to‘liq ishlaydigan, to‘laqonli davlat qilib ko‘rsatishga urinadilar. Ushbu hol, guruhning asosiy mafkurasi bilan birgalikda, Islomiy davlatga qiziquvchi ko‘pchilik odamga “Islomiy davlat” “Al-Qoida” va boshqa islomiy jihodchi tashkilotlar uddalay olmagan ishlarni bajaryotganini ko‘rsatadi”, deydi Kyoler.

Bu kabi talqin har qanday shaxsni – uning ijtimoiy yoki iqtisodiy statusidan qat’i nazar – o‘ziga jalb qilishi mumkin, sababi bunday jangari guruh ularni ishonish mumkin maqsad bilan ham, borish mumkin yer bilan ham ta’minlay oladi. Yoki o‘z mamlakatida hujum uyushtirishga qaror qiladigan radikallashgan shaxslar uchun “Islomiy davlat” bay’at berish mumkin davlat rolini o‘ynaydi.

Radikalizatsiya va deradikalizatsiya olmon instituga yetakchisi sifatida Kyoler Suriya va Iroqdan qaytgan o‘nlab jangari bilan suhbatlashgan. Unga ko‘ra, bunday shaxslar bir necha unsur ta’sirida radikallashadi. Ular o‘z mamlakatlaridagi og‘ir ahvoldan charchagan yoki g‘azablangan bo‘lishi, yoki jamiyatlarida o‘zlarini millatchilik va ajratish qurbonidek his qilib, ko‘ngillari sovugan bo‘lishi mumkin. Yoki ular o‘z nazarlarida xavf ostida bo‘lgan odamlarga yordam berishni istab va sarguzasht izlab shu yo‘lni tanlashlari mumkin.

“Islomiy davlat” bu kabi odamlar e’tiborini katta muvaffaqiyat bilan qozonib kelmoqda, chunki jangari guruh o‘z mafkurasini ilgari surishda Gollivud ko‘pchilik e’tiborini qozonadigan epik filmlarni yaratishda foydalanadigan metodlardan qo‘llanib keladi.

“Islomiy davlat” o‘z hikoyasini “G‘arbdagi pop madaniyat, Gollivud filmlari va videoo‘yinlarga taqlid qilib so‘zlaydi, o‘smirlar ko‘nikib qolgan narsalarni audio va video orqali taqdim etadi”, deydi Kyoler.

Jangari guruh shu kungacha ijtimoiy tarmoqlarda videoo‘yinlarning o‘ziga xos versiyasini, to‘la metrajli hujjatli filmni, Twitter uchun mo‘ljallangan qisqa videolarni hamda Suriya va Iroqdagi janglar aks etgan videolarni e’lon qildi.

Ayrim mutaxassislar “Islomiy davlat” o‘zining yollash kampaniyasi keltirib chiqaradigan yuksak umidlarni oqlamasa, o‘z obro‘-etiborini to‘kishi mumkinligini aytib keladilar.

2013 yil “Islomiy davlat” matbuot kotibi Abu Muhammad al-Adnaniy guruhning maqsadi ilk musulmon istilochilar kabi hech bir chegarasi yo‘q islomiy davlat qurishdan iborat ekanligini aytgan edi.

Ammo yil boshida jurnalist Grem Vud The Atlantic jurnalida chop etilgan maqolasida jangari guruh “oylar o‘tsa-da o‘z hududini kengaytira olmas ekan, Muhammad payg‘ambarning qo‘li baland mamlakatidan ko‘ra ko‘proq o‘z xalqi gullab-yashnashiga erisha olmayotgan Yaqin Sharq mamlakatlariga o‘xshab bormoqda”, deb yozgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, “Islomiy davlat” hikoyalari jangdagi mag‘lubiyatlar sabab o‘z kuchini yo‘qotmasligi mumkin, sababi jangari guruh yakuniy g‘alabaga erishish yo‘lida ko‘p marta ortga chekinishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini ta’kidlab keladi.

Guruh hikoyasiga ko‘ra, “Islomiy davlat” Suriya shimolida kimligi aniq ma’lum bo‘lmagan kuchlar ustidan butunlay g‘alaba qozonadi. Jangarilarga ko‘ra, yakuniy jang Dabiq qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Guruh bu qishloqni zabt etish uchun kurashib keladi va hatto o‘zining rasmiy jurnalini bo‘lajak jang maydoni sharafi bilan “Dabiq” deb ataydi.

Ammo hikoyada keyinroq “Islomiy davlat”ni xurosonlik kuchlar mag‘lub qilishi aytiladi. Xuroson hozirgi Eron, Afg‘oniston hamda Markaziy Osiyo hududidaga ayrim yerlarni o‘z ichiga olgan tarixiy hududdir. Bundan keyin tirik qolgan bir necha yuz jangchi Quddusda so‘nggi jangda ishtirok etadi. Buning ortidan Islomda Muhammaddan keyingi eng muhim payg‘ambar sifatida ko‘riladigan Iso payg‘ambar oxirgi jangchilarni Islomning yer yuzidagi yakuniy g‘alabasi tomon yetaklash uchun keladi.

“Islomiy davlat” o‘z tarafdorlarini ham g‘alaba, ham ortga chekinishlarga tayyorlagani uchun guruh bashoratlarini jang maydonidagi yirik mag‘lubiyatlar ham osonlikcha barbod qilmaydi. Ammo ayrim kuzatuvchilar g‘arbiy hamda boshqa jamiyatlar “Islomiy davlat” haqidagi bor haqiqatni guruh yollashi mumkin bo‘lgan shaxslarga fosh qilishga qattiqroq harakat qilsa, guruh mafkurasini engish mumkin, deb hisoblaydi.

Kyoler bunday harakatlar Iroq va Suriyadan o‘z mamlaktlariga qaytgan jangarilar uchun ayniqsa muhim ekanligini aytadi. Unga ko‘ra, hozirgi kunda qaytib kelayotgan jangarilarning aksari boshidan kechirganlari sabab ruhiy shikast yeganlar va “Islomiy davlat”dan ko‘ngli qolganlardir. Guruhning uchiga chiqqan zo‘ravonligi uning tarafdorlari ko‘nglini sovutishda muhim rol o‘ynamoqda.

“Qaytib kelgan xorijiy jangchilarning ko‘pi tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib qaytadi,- deydi Kyoler. - O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, agar siz [“Islomiy davlat”ga] qo‘shilib Suriya va Iroqqa borganingizda va sizga guruh yoqib, izlagan narsangizni topganingizda, ularning qistovisiz mustaqil ravishda qaytib kelmagan bo‘lar edingiz. Hozir [“Islomiy davlat”] rejalashtirilgan missiyalar uchun jangarilarni yubora olmaydi, chunki ularga jang maydonida kurashadigan jangchilar kerak”.

Kyoler qaytib kelgan jangarilar o‘z jamiyatlarida boshqalarni ular qilgan xatoni qaytarmaslikka chorlashda muhim rola o‘ynay oladi, deb hisoblaydi. Xususan, Kyolerning aytishicha, agar qaytib kelganlarning davlatlari ularni jangari guruhga qo‘shilganlari uchun qamash o‘rniga yana bir imkon berib, ularni jamiyatga qayta integratsiya qilishga urinsa, boshqalarni ogohlantirishda bunday jangarilar katta yordam ko‘rsatishi mumkin.

Ayrim shimoliy Yevropa mamlakatlarida aynan shu yo‘l sinab ko‘rilmoqda. Daniyaning Orxus shahri rasmiylari 2013 yilda boshlangan qayta integratsiya dasturi sabab global e’tibor qozondi. Rasmiylarga ko‘ra, mazkur dastur“Islomiy davlat”ga qo‘shilish niyatidagi orxusliklar soni keskin ozayishiga sabab bo‘ldi..

2014 yilning noyabr oyida Britaniyaning Gardian gazetasi 2012 yil oxiri-2013 yilda 31 Orxus turg‘uni Suriyaga ketgani haqida xabar bergan edi. Ammo 2014 yil bir nafar odam jangari guruhga qo‘shilgan.

Ayrim konservativ siyosiy partiyalar, jumladan, immigratsiyaga qarshi “Daniya xalq partiyasi” Orxusdagi dasturni “go‘l” deya tanqid qilib keladi, chunki ular shahar rasmiylari radikal qarashlaridan voz kechmagan shaxslarni aniqlay olmasligi mumkin, deb hisoblashadi. Ammo dastur tarafdorlari, jumladan, politsiya qaytib kelganlarni muntazam ravishda nazorat qilish bu xavfni ozaytirishini aytib keladi.

Ozod Yevropa – Ozodlik radiosi tahlichisi Charlz Reknagel maqolasini ingliz tilidan Nodir Atayev tarjima qildi.

XS
SM
MD
LG