Линклар

Qo‘shma Shtatlar Toshkentning IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilishi borasida o‘zbek rasmiylari bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Deniel Rozenblyum 23 dekabr kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston jurnalistlari bilan telefon orqali uyushtirilgan matbuot anjumanida bildirdi.


Amerikalik diplomatga ko‘ra, IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish taklifi barcha mamlakatlarga, shu jumladan, O‘zbekistonga ham berilgan.

“Biz bu haqda O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bilan so‘zlashishda davom etamiz”, dedi Deniel Rozenblyum.

AQSh Davlat kotibi yordamchisiga ko‘ra, koalitsiyada har bir mamlakatning roli harbiy dastak yoki Suriya va Iroqqa yo‘l olayotgan jangarilar oqimini hamda IShIDni dastaklash uchun yuborilayotgan moliyaviy ko‘makni to‘xtatib qolishda aks etishi mumkin.

“Bu ishda har bir davlat uchun rolь bor va biz O‘zbekiston bilan u qaysi rolni bajarishi mumkinligini muhokama qilamiz”, dedi Rozenblyum.

AQShning mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish niyati haqida

AQSh Davlat kotibi yordamchisining bildirishicha, Qo‘shma Shtatlar 2016 yilda ham O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston kabi mamlakatlar bilan 5+1 shaklidagi hamkorlikni davom ettirishni rejalamoqda.

Amerikalik diplomatga ko‘ra, mintaqa rasmiylari bilan bo‘lajak uchrashuvlarda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Rozenblyum keyingi yilda AQSh Markaziy Osiyo davlatlari bilan terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha muloqotni davom ettirish niyatida ekanini aytdi.

Unga ko‘ra, AQSh uchun mintaqa davlatlaridan odamlar qay tariqa jihodga yollanayotgani va jangarilar oqimiga qarshi qanday kurashilayotgani haqida tushunchaga ega bo‘lish muhim.

“Men bu ish 2016 yilda davom ettiriladi, deb o‘ylayman”, dedi Deniel Rozenblyum.

Markaziy Osiyo mamlakatlari suvereniteti va hududiy yaxlitligi haqida

AQSh Davlat kotibi yordamchisi Markaziy Osiyo respublikalariga avgust va sentyabr oylarida qilgan safari chog‘ida rasmiylar va fuqarolik jamiyati faollaridan mintaqadagi davlatlarning hududiy yaxlitligiga oid xavotirlarni eshitganini ma’lum qildi.

Rozenblyum bu xavotirlarga javoban AQSh barcha vositalar bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligi va ularning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashishi bildirganini ta’kidladi.

“Biz bu ishni o‘zaro manfaatli shartlar asosida amalga oshiramiz. Bu eksklyuziv munosabatlar bo‘lmaydi. So‘nggi fikrimni yana bir bor ta’kidlamoqchiman – biz eksklyuzivlik talab qilayotganimiz yo‘q, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari faqat AQSh bilan munosabatda bo‘lishi va boshqa hech kim bilan munosabatda bo‘lmasligini talab qilayotganimiz yo‘q”, dedi AQSh Davlat kotibi yordamchisi Deniel Rozenblyum.

XS
SM
MD
LG