Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:52

Atambayev Putindan boshqa hamkor izlamoqchi


Bugun yil yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkizgan Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev yaqinda Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan o‘tgan uchrashuvi chog‘ida unga mana shu gapni aytganini bildirdi. Bunga Moskva Qirg‘izistonda GESlarni qurish bo‘yicha imzolangan shartnomalarni bajarmayotgani sabab bo‘lgan.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev 24 dekabr kuni yil yakunlari bo‘yicha o‘tkizgan matbuot anjumanida Rossiya Qambarota-1 va Yuqori Norin GES kaskadlarini barpo etish bo‘yicha shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan bosh tortayotganini ma’lum qildi.

- Rostini aytsam, kutadigan bo‘lsak, bu loyihalar bir necha yillarga muzlatib qo‘yilishi mumkin. Men Rossiya prezidenti Putin bilan ham, energetika vaziri bilan ham gaplashdim. Bahorda ular bir bahonani aytishgandi, yozda boshqa bahona aytishdi. Hozir esa ular yana boshqacha gap qilishayapti. Shuning uchun Putingga ochiq aytdim: “Xafa bo‘lmang, biroq biz boshqa hamkor izlashimiz kerak”, deb. Bu Rossiyaning o‘ziga ham yaxshi, majburiyatlaridan biridan qutilar edi. Albatta, bu GESlarni qurish uchun sarmoyador topiladi, - dedi Atambayev.

Qambarota -1 va Norin GES kaskadlari qurilishining loyihaviy qiymati tahminan ikki milliard dollardan ko‘proqni tashkil qiladi.Rossiya hamkorligida barpo etilishi rejalashtirilgan Qambarota -1 GESini qurish haqidagi shartnoma Moskva bilan 2009 yilda, Yuqori Norin GES kaskadlari shartnomasi 2012 yilda imzolangan. Yuqori Norin GESning birinchi gidroagregati 2016 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan edi.

Moskva bu qurilishlarga 2 milliard dollar sarmoya yotqizishini bildirgan bo‘lsa-da, Rossiya G‘arb sanksiyalari ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli haligacha bu majburiyatini bajara olmagan. Buning oqibatida Rossiya shirkatlari tomonidan qurilishi boshlangan Yuqori Norin GES kaskadlaridagi ishlar muzlatib qo‘yilgan.

Qirg‘izistonda GES qurish loyihalariga O‘zbekiston qarshi chiqib keladi. O‘zbekiston mintaqaning umumiy suv havzalariga bevosita bog‘liq bu loyihalar daryolarning quyi oqimlarida joylashgan mamlakatlarda suv tanqisligi va boshqa muammolarni keltirib chiqaradi, degan fikrda.

Joriy yilning sentyabridan beri o‘tgan to‘rt oy ichida O‘zbekiston mazkur qurilishga qarshi ekani to‘g‘risida turli xalqaro anjumanlarda yana to‘rt marta bayonot berdi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Toshkentning bu qarshiligini murosaga aylantirish uchun O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga GESlar qurilishi loyihasida ishtirok etishni bir necha marta taklif qilganini aytgan edi.

- O‘zbekistonga bungacha bir necha bor taklif etganmiz, hozir ham aytmoqdamiz – ular “Qambar-Ota-1” GESining qurilishiga o‘z hissasini qo‘shsa bo‘ladi, - degan edi Almazbek Atambayev 2014 yilning 7 noyabrida Ostonaga qilgan safari paytida.

XS
SM
MD
LG