Линклар

Islom Karimov 2011 yil 14 sentyabr kuni imzolagan qonundan so‘ng¸ 1999 yilgi portlashlardan so‘ng propiska taqa-taq yopilgan poytaxt Toshkentda viloyatlardan kelganlarni doimiy va vaqtincha propiskadan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan edi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 2015 yil oxiriga kelib bu qonun ijrosi og‘zaki buyruq va ichki yo‘riqnomalar asosida noma’lum muddatga to‘xtatilgan.

Yangi yil arafasida vaqtincha propiskasi muhlati tugab¸ uni uzaytirish uchun hujjat topshirishga harakat qilganlar yana bir taqiqqa duch kelmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ propiska muddatini uzaytirish uchun mahalla qo‘mitalaridan olinadigan ma’lumotnoma berilmayapti¸ hujjatlar papkasini hozirlab tuman ichki ishlar bo‘limiga borganlar arizasi qabul qilinmayapti.

Ichki ishlar bo‘limi rasmiylari¸ murojaat qilganlarga¸ vaqtincha propiska muddatini uzaytirishning vaqtincha muddatga to‘xtatilganini aytmoqda.

Toshkentlik huquq faoli Sur’at Ikromov¸ bu borada o‘ziga tushgan ayrim shikoyatlardan so‘ng¸ vaziyatni o‘rganish uchun ichki ishlar rasmiylariga izoh so‘rab murojaat qilganini aytadi:

- Umuman hech qanaqa propiskani qilishmayapti. Lekin propiska to‘xtatilsin¸ degan rasmiy hujjat yo‘q. Davlat ishxonalarida ishlaydiganlar¸ vrachlar¸ ilmiy xodimlar vaqtincha shartnoma asosida ishlab kelayotgan edi. Bu shartnomani uzaytirish uchun propiska muddati uzluksiz uzaytirilishi kerak. Hozir shularni propiskasini¸ muddati tugagan bo‘lsa¸ uzaytirib bermayapti. Ularga chiqib ketishing kerak¸ deyapti ekan. Menga murojaat qilganlardan bittasi¸ hozirgacha uch marta vaqtincha propiskadan o‘tgani¸ endi esa¸ qilolmayotganini aytdi. Uchastka noziridan so‘rasam¸ hamma joyda to‘xtatilgan. Biz hozir vaqtincha propiskadagilar¸ ijarada turadiganlarning hammasini ro‘yxatini qilib¸ rahbariyatga hisobot topshirayapmiz dedi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Sur’at Ikromov.

Yana bir huquq faoli va jurnalist Abdurahmon Tashanov¸ vaqtincha propiska amaliyoti to‘xtatilgani bevosita Toshkent shahrida ijarada turuvchilarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq ekanini aytadi:

- 2011 yilda Toshkent shahri va viloyatiga propiska qilish bo‘yicha qonun qabul qilinganidan so‘ng¸ bu jarayon ancha osonlashgan edi. Uch oyga¸ olti oyga vaqtinchalik propiskadan o‘tish¸ uyning egasi rozilik bersa¸ bemalol bo‘lib qolgan edi. Lekin o‘tgan oy Toshkentda uy egalari va ijarada turuvchilarni qayta sanoqdan o‘tkazish amaliyotlari boshlanganidan so‘ng ham doimiy¸ ham vaqtinchalik propiska qilish to‘xtatildi. Ichki ishlar rasmiylari¸ bo‘sh turgan xonadonlar maxsus ro‘yxatga olinib¸ propiskasizlar poytaxtdan quvilganidan keyin¸ yangi yildan propiska yana ochiladi¸ degan gapni aytishdi. Lekin aniq qachon ochilishini hech kim bilmaydi¸ deydi Abdurahmon Tashanov.

Viloyatdan kelib¸ hozirga qadar Toshkentda vaqtincha propiska asosida yashab kelganlardan ayrimlari Ozodlikka¸ propiskani cho‘zishning to‘xtatilgani yana poraxo‘rlik va haqoratlar uchun yangi maydon ochganini aytadilar:

- Har qadamda melisa¸ to‘xtatsa¸ birinchi navbatda propiskani tekshiradi. Hozirgacha propiskam bor edi¸ endi uzaytirmayapti. Toshkentda noqonuniysan¸propiska qilinmagansan¸ deb shtraf soladi darrov. Pasport O‘zbekistonniki bo‘lsa¸ shu pasport O‘zbekiston ichkarisida istalgan joyda yashash va ishlash haqqini beradiku axir¸ deydi propiskasiz qolib¸ melisalar ta’magirligiga nishon bo‘layotganlardan biri.

Samarqanddan kelib¸ Toshkent bozorlaridan birida savdo qilayotgan ayol ham¸ propiskasi yo‘qligi uchun melisa qo‘liga tushsa¸ bor topganini shulardan qutulishga berishga majbur qolayotganini aytadi:

- Umuman qo‘ymayapti. Ket o‘zingni yurtingga¸ Samarqandingga deyapti. Qanday ketamiz¸ hech kimga ish yo‘q. Xo‘jayinlarimiz ishsiz. Ezvorayapti. Qiynalib ketdik¸ deydi melisa ovi nishoniga aylangan ayollardan biri.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi o‘z fuqarolariga harakatlanish erkinligini kafolatlagani holda¸ poytaxt Toshkent va Toshkent viloyatida yashab-ishlash uchun propiska shart qilib qo‘yilgani¸ huquq faolllari tomonidan aksilkonstitutsiyaviy amaliyot sifatida tanqid qilib kelinadi.

Toshkent shahri va viloyatiga kelgan O‘zbekiston fuqarolari mazkur hududlarda ro‘yxatdan o‘tmasdan besh kun yurishlari mumkin.

Besh kundan ortiq muddatga kelgan o‘zbekistonliklar majburiy tartibda qayddan o‘tishlari lozim.

XS
SM
MD
LG