Линклар

logo-print

O‘zbekiston xalq artisti 52 yashar Yulduz Usmonova 22 dekabr kuni Toshkentdagi “Navro‘z” to‘yxonasida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga bag‘ishlab qo‘shiq kuyladi. Huquqshunoslik bo‘yicha fan nomzodi o‘laroq mamlakatda monarxiya tizimi yo‘qligini tushunishi lozim bo‘lgan Yulduz Usmonova mamlakat prezidentini “poshsho” deya ta’rifladi.


“Yurtimizni necha-necha yillardan beri O‘zbekistonimizni boshqarib, janjal-to‘polonlardan asrab, jonini fido qilgan bobom, yurtimizni otasiyu bobosi bo‘lgan poshshoimizga atab qo‘shiq yozganman. Mingdan-ming minnatdorman”, degan Yulduz Usmonova 500 kishilik to‘yxonaga yig‘ilganlarga yangi qo‘shig‘ini taqdim etdi.


Video sayyod.com saytidan olindi

Qo‘shiq mobaynida Usmonova Karimovni “Temuriy voris” deya ulug‘laydi:

Ko‘rsatib berdingiz kelajak yo‘lin,
Yoritib ma’rifat chirog‘i bilan.
Johillar yoqqanda urush olovin,
Yongdingiz tafakkur ulovi bilan.

Yetishdik siz sabab erkin hayotga,
Buyuk kelajak ham emasdir olis.
Ozod O‘zbekiston qaytmagay ortga,
Boshida bor ekan Temuriy voris.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu qo‘shiq ijro qilingan to‘yxonada Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Namiq Gunar Erpul janoblari ham hozir bo‘lgan.

To‘ydan oldin nog‘ora
Taniqli xonanda Yulduz Usmonova 12 dekabr kuni Toshkentdagi restoranda nishonlangan tavallud kunida ham prezident Islom Karimovga bag‘ishlab, qo‘shiq yaratgani haqida bildirgan edi.

Biroq, Dedeman mehmonxonasi restoranida, bu qo‘shiqni kuylashdan oldin, Yulduz barcha qo‘l telefonlari va videokameralarni o‘chirishni talab qilgan.

Bundan tashqari, Islom Karimovga bag‘ishlangan qo‘shiqning ushbu davrada ijro etilishiga Yulduzning cholg‘uchilari ham e’tiroz bildirgani haqida ham ma’lumotlar chiqdi.

“Ular kuylama degan bo‘lsa ham, u baribir kuylashini aytdi”, deb yozdi eltuz.com sayti.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Yulduz Usmonova ijro etgan qo‘shiq tahrir qilinib, undan Karimov degan so‘z olib tashlangan va Islom degan ism qolishiga ijozat berilgan.

Ta’qiqmi yoki chegara?
Yulduz Usmonova 2005 yildan beri o‘ziga xos taqiq doirasida qolmoqda.

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi litsenziyasiga ega bo‘lgan holda Usmonova O‘zbekistonda katta sahna hamda televidenie va radiodan chetlashtirilgan.

O‘z ijodiga qo‘yilgan taqiqlardan bezgan xonanda O‘zbekistondan chiqib ketib, bir necha yil Turkiyada yashab ijod qilib ham ko‘rdi.

2011 yili O‘zbekistonga qaytgan xonanda bor kuchini sahnaga rasman qaytishga, ijodiga qo‘yilgan norasmiy taqiqni bekor qilishga sarfladi.

Unga lintsenziya berilgan bo‘lsa-da, katta sahnada konsertlar berishiga va teleradio efirlarda qo‘shiqlari yoyinlanishiga izn hamon yo‘q.

Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan norasmiy ta’qiqni, Prezident Islom Karimovning o‘sha paytlarda katta ta’siriga ega bo‘lgan qizi Gulnora Karimova ham bekor qildira olmadi.

2012 yilning 31 dekabr kuni prezidentning qiziga atab kuylagan “Gulisan” qo‘shig‘ini Internet olamida e’lon qildirgan Yulduz, 2013 yilning bahorida Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan “Fond Forum” tashkilotining dabdabali “Asrlar sadosi” tadbiridagi gala kontsertga rasman taklifni qo‘lga kiritdi.

Gulnora Karimovaning rejasi oddiy edi. Respublika televideniesi va yo‘ldosh kanallari orqali jahon mamlakatlariga translyatsiya qilinadigan “Asrlar sadosi” davlat tadbirining yakuniy gala konsertda Yulduz Usmonovaning chiqishi, uning ijodidagi “zapret”ga nuqta qo‘yishi kerak edi.

Biroq, kontsertning eng so‘nggi daqiqasida, Toshkentdan Gulnora Karimovaga kimdir qo‘ng‘iroq qiladi va Yulduzning ushbu tadbirdagi chiqishi bekor qilinadi.

Yulduz Usmonova “Amerika ovozi” radiosi jurnalisti Navbahor Imomova bilan suhbatda o‘ziga qo‘yilgan taqiqning sababini tushuntirgan bo‘ldi:

“O‘zbekistonda hammadan ko‘p zapretni men olganman… Uni menga kimdir siyosat qilayotgani yo‘q… Bitta odamga yoqmay qolganman, mundayroqda, o‘rtaroqda o‘sha ham, hozir yo‘qdir ham u odam, lekin problema qilib qo‘ygan… Endi shu katta adolatsizlikmi? Taqdir nasib bu…”

Katta sahnaga qaytish ta’masi
Hozir Kanadada istiqomat qilayotgtan jurnalist Ulug‘bek Haydarov o‘z blogida nega O‘zbekiston va dunyoda mashhur Yulduz Usmonovaga bugun o‘z mamlakati sahnalari taqa-taq yopilgani sababini shunday izohlaydi:

“Prezident Islom Karimov va uning a’yonlari ishtirok etadigan davlat tadbirlaridagi gala konsertlar, mana necha yillarki, Yulduz Usmonovasiz o‘tayapti. Unga qo‘yilgan taqiqning muallifi kimligini va bu e’lon qilinmagan taqiqning sababini bugun ko‘pchilik bilsada, sukut saqlashni afzal ko‘rishadi", - deb yozadi Ulug‘bek Haydarov. "Katta sahnaga qaytish uchun o‘zini o‘t-cho‘qqa urayotgan xonanda, mening fikrimcha, eng so‘nggi choraga qo‘l urdi; u o‘z mamlakatining diktator prezidenti, ko‘pchilik hamyurtlari oshkora, yana ko‘plari pinxona nafratlanadigan Islom Karimovni ulug‘lab qo‘shiq kuyladi…”

"Ehtimol, ertaga Islom Karimov Do‘rmondagi qarorgohida choy ichib o‘tirib, Yulduz Usmonovaning “Prezidentim, mangu yashang, siz adolat posbonisiz!” qabilidagi xonishini eshitib qolib, “Bo‘ldi, Yulduzxonga “Istiqlol” saroyini bo‘shatib beringlar!” deb buyruq berib yuborar?!" - deya kinoya qilgan blogger tanganing boshqa tarafiga ham e’tibor qaratadi:

“Sahnalarning darvozasini ochishga qodir bo‘lgan birgina qo‘shiq, Islom Karimov tuzumidan jirkanuvchi o‘zbeklarning qalb darvozasini Yulduz Usmonova uchun yopib tashlashi ham mumkin”.

XS
SM
MD
LG