Линклар

O‘zbekistonda xufyona o‘g‘irliklar ko‘proq qish faslida sodir etiladi. 118 yoshli Sa’diyaxon momoning 330 dan oshiq nevara-chevarasi bor. Rossiyalik xonanda Vera Brejneva Toshkentdagi konsertda qo‘shiq so‘zlarini unutib qo‘ydi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.


Yangi yildan pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratma oshadi

2016 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston fuqarolarining Moliya vazirligi qoshidagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga o‘tkaziladigan majburiy sug‘urta badallari stavkasi 7,5 foizga oshadi (“Adolat ko‘zgusi”, 24 dekabr). Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar tarqatgan. Hozirda pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning bir oylik maoshidan 7 foizi majburiy ravishda o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda 2014 yili 52 ming 498 kishiga amnistiya qo‘llangan

O‘tgan yili O‘zbekistonda 52 ming 498 kishiga amnistiya akti qo‘llanilgan (“O‘zbekiston ovozi”, 24 dekabr). Shundan 7865 nafarini ayollar, 1174 nafarini voyaga yetmaganlar, 681 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 172 nafarini nogironlar tashkil etadi. 2014 yilgi amnistiyaga muvofiq, 3289 nafar mahkum jazoni o‘tash muassasasidan ozodlikka chiqarilgan. O‘zbekiston Oliy sudi sudyasi Umidjon Rasulberdiyevga ko‘ra, mamlakat mustaqil bo‘lgan 24 yildan beri 26 marta umumiy afv e’lon qilingan.

Namanganlik fuqaro ishdan haydagani uchun rahbarini yollanma qotilga o‘ldirtirdi

Namangan viloyati Norin tumanida ishbilarmonlik bilan shug‘ullangan sarmoyador ayol yollanma qotillik qurboni bo‘ldi (“Huquq”, 24 dekabr). Zumrad Boymetova ta’sis etgan ikki firmaga o‘n yil davomida fuqaro Azizbek Ahmedov direktorlik qilgan. A. Ahmedov topshiriqlarini bajarmagach, ta’sischi Z. Boymetova uni ishdan bo‘shatgan. Shundan keyin A. Ahmedov sobiq rahbaridan qasos olish uchun uch nafar qotil yollagan. Jinoyatchilar tunda Z. Boymetovaning uyiga bostirib kirib, uni, kelini D. Ortiqovani va nevarasi Javohirni jabrdiydaga qarashli “Neksiya” mashinasiga bosib, Andijon kanaliga olib borgan. So‘ng uchchala jabrlanuvchini hamda “Neksiya” mashinasini kanalga cho‘ktirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi jinoyat buyurtmachisi A. Ahmedovni 20 yilga, sudlanuvchilar Sh. Ismoilov va N. Husanovni 25 yilga, voyaga yetmagan B. Boqijonovni esa 15 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

O‘zbekiston aholisiga yiliga 400 ming tonna baliq zarur

Bir kishi yiliga o‘rtacha 11 kilogramm baliq iste’mol qilish lozim (“Oila davrasida”, 24 dekabr). Bu haqda O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish ilmiy-tajriba stantsiyasi direktori Ruhullo Qurbonov ma’lum qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston aholisini baliq mahsulotlari bilan yetarlicha ta’minlash uchun yiliga 400 ming tonna baliq yetishtirish kerak bo‘ladi. Shu bois baliqchilikni rivojlantirish, kerak bo‘lsa, mamlakatdagi har bir qishloqda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish talab etiladi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili aholiga 46534 tonna (30381 – sun’iy havzalardan, 16153 – tabiiy havzalardan) baliq yetkazib berilgan.

O‘zbekistonda xufyona jinoyatlar ko‘proq qish faslida sodir etiladi

O‘zbekistonda o‘g‘irlik jinoyati ko‘proq qish faslida sodir etiladi (“Huquq olamida”, 24 dekabr). To‘raqo‘rg‘on tuman IIB tergovchisi Erkinjon Abdurazzoqovga ko‘ra, buning eng asosiy sababi shuki, qishda kunning qisqa va tunning uzoq davom etishi xufyona ishlar bilan shug‘ullanishga imkoniyat yaratadi. Qayd etilishicha, To‘raqo‘rg‘on tumanining Shaxand qishlog‘ida yolg‘iz kelini bilan yashagan, o‘g‘li Rossiyaga ketgan keksa ayol tunda to‘nab ketilgan. O‘g‘ri uyqudagi keksa ayolning yostig‘i tagidagi pulni o‘marib ketgan. Shu munosabat bilan IIB vakili fuqarolarga xavfsizlikni choralari ko‘rish lozimligini eslatgan.

Rossiyalik xonanda Vera Brejneva Toshkentdagi konsert payti qo‘shiq matnini unutib qo‘ydi

15 dekabr kuni Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida rossiyalik xonanda Vera Brejneva konsert berdi (“Darakchi”, 24 dekabr). Xonanda “8 pervix svidaniy” filmiga yozilgan qo‘shig‘ini kuylayotib matnni unutib qo‘ygan. Shou biznes nashri bu katta kamchilik ekani, ammo xonanda vaziyatdan chiqa olganini yozgan. Vera Brejnevaning Toshkentdagi konserti uchun chiptalar 100 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha sotilgan.

Namanganlik 118 yoshli momoning 330 dan oshiq nevarayu chevarasi bor

Dunyoning eng yoshi ulug‘ insonlaridan biri – 118 yoshli Sa’diyaxon Inomova Namanganda yashaydi. Bir necha matbuot nashri xabariga ko‘ra, Sa’diyaxon Inomova 1897 yili To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Yortepa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Bir umr qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat qilgan onaxon turmush o‘rtog‘i Isomiddin ota bilan 8 farzandni tarbiyalab voyaga etkazgan. Ayni paytda Sa’diyaxon momoning 45 nabirasi, 141 evarasi, 139 chevarasi bor.

XS
SM
MD
LG