Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:08

Peterburgda o‘zbek muhojiri ish beruvchisini zo‘rlab, chavaqlab ketganlikda ayblanmoqda


Peterburglik ayolni avval zo‘rlab, keyin pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanib toshkentlik 31 yashar erkak hibsga olindi. Jinoyat joyidan qochib, shahardan chiqib ketayotgan paytida ushlangan toshkentlik yonidan marhum ayolning uyidan o‘g‘irlangan buyumlar ham topilgan.

22 dekabr kuni Peterburgning Moskovskiy tumanidagi kvartiralardan birida ayol kishining o‘ligi topilgani to‘g‘risidagi xabar politsiya bo‘limiga kelib tushgan. Hodisa joyiga yetib kelgan jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari 48 yoshli mahalliy ayol avval zo‘rlangani, keyin qorniga ikki marotaba pichoqlanganini aniqlashgan.

Kvartiradan 30 ming rubl miqdorida pul va kompyuter texnikasi o‘marilgani ham ma’lum bo‘ldi.

Shaharni junbushga keltirgan bu hodisa ortidan shahar politsiyasi va maxsus xizmatlar oyoqqa turgizildi.

Tez orada o‘ldirib ketilgan ayol qotilligida gumonlanayotgan shaxs aniqlandi. Politsiya xabariga ko‘ra, nobud bo‘lgan ayolning dugonasi unga kvartirasini ta’mirlash uchun quruvchi muhojirni tavsiya qilgan.

Bir kun o‘tar-o‘tmas jinoyat-qidiruv bo‘limi operlari Sankt-Peterburg avtovokzalida 31 yoshli gumonlanuvchi shaxsni hibs etgani aytildi – u shaharni tark etish maqsadida allaqachon chipta sotib olgan ekan.

Patrul politsiyasini ko‘rib qolgan muhojir yigit o‘tib ketayotgan taksini to‘xtatib, haydovchiga uning ortidan jinoyatchilar quvib kelayotgani, ulardan qutulishga yordam berishni so‘rab murojaat qilgan. Izquvarlar taksi ortidan quvib, uni bir necha chorrahadan keyin to‘xtata olgan.

Ushlangan shaxs O‘zbekistondan kelgan mehnat muhojiri ekan, deydi Ozodlikka hodisa tafsilotlarini gapirib bergan Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov:

- U odam 1984 yilda tug‘ilgan Igor Yugay ekan. 105- modda asosida jinoiy ish ochildi unga nisbatan, ya’ni avval zo‘rlab, keyin pullarini o‘g‘irlab ketgani uchun. G‘arazli maqsadlarda qotillik, zo‘rlash va o‘g‘irlik uchun sud jiddiy jazo berishi mumkin,- dedi Sergey Kapitonov.

O‘zbekistonlikning shaxsiy buyumlari orasida Kubinskaya ko‘chasidagi kvartiradan o‘marilgan ayrim narsalar topildi.

Ozodlik muxbiri toshkentlik bo‘lgan Igor Yugay sud qarori bilan tergov yakuniga qadar hibsga olingani va 25 dekabr kuni unga ayblov e’lon qilinganini aniqladi.

Tergov ishlari davom etmoqda

Aytish joyizki, Peterburgda sodir etilgan yana bir qotillik tergovi davom etmoqda.

2015 yilning 11 sentyabrida Sankt-Peterburgning Pushkinskiy tumanida o‘ldirilgan 29 yoshli ayolning qotilligida O‘zbekiston fuqarosi ayblanmoqda.

30 yashar Baxtiyorjon Rajabov birga yashab kelgan mahalliy ayol bilan janjallashib qolgan va darg‘azab bo‘lib, uni 15 marotaba pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanmoqda.

XS
SM
MD
LG