Линклар

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida yashovchi aka-uka Primqulovlar qo‘shni yigitni urib o‘ldirib, o‘zlarining hovlisiga ko‘mib qo‘ygan. Militsiya xodimlari jasadni uch kundan so‘ng topishgan. Ayni paytda aka-ukalar hibsga olingan va tergov davom etmoqda.

Termiz tumanidagi Uchqizil qo‘rg‘onining Yangihayot mahallasida yashovchi aka-uka 31 yashar Qurbongeldi va 42 yashar Amongeldi Primqulovlar 21 dekabr kuni mahalladoshi 33 yashar Ravshan Beganchiyevni o‘z uylariga chaqirib, urib o‘ldirgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan termizlik manbaga ko‘ra, aka-uka Primqulovlar jinoyat izlarini yashirish maqsadida jasadni o‘zlarining tomorqasiga ko‘mishgan:

“Men ham shu mahallada yashayman. Aka-ukalarni yaxshi taniyman. Kattasi Amongeldi o‘tirib chiqqan. Militsiyada ishlaydigan tanishimdan bilishimcha, 21 dekabr kuni kechqurun aka-ukalar uylarida araq ichishadi. Keyin Amongeldi ukasiga Ravshanni chaqirib kel deb buyruq beradi. Qurbongeldi Ravshanni chaqirib kelganidan so‘ng aka-uka uni qo‘l-oyog‘ini bog‘lab o‘lguncha urib tepadilar. Jasadni esa hovlisining chekkaroq joyiga ko‘mishadi”, dedi manba.

Termiz tuman hokimiyatida ishlaydigan Ozodlik manbasi ham shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Bu odamlarning orasida nima gap-so‘z o‘tganini, nega aka-ukalar Ravshanni o‘ldirishganini tuman prokuraturasi tergov qilmoqda. Ekspertizada ishlaydigan tanishimning aytishicha, jasad uch kundan so‘ng 23 dekabr kuni Primqulovlar tomorqasidan kavlab olingan. Jasadning qo‘l-oyog‘i qattiq bog‘lanib, urib tepilgan. Marhum ichki a’zolar jarohatidan vafot etgan. Hozircha bu qotillikning sabablari haqida hech narsa deya olmayman. Shunisi aniqki, qotillikda gumonlanayotganlardan biri Amongeldi Primqulov avval ikki marta ozodlikdan mahrum qilingan edi. Yaqinda qamoqdan chiqib kelgan edi”, dedi hokimiyat mulozimlaridan biri.

Uning aytishicha, qotillikda gumonlangan aka-ukalar hibsga olingan va ular Angor tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash izolyatoriga yuborilgan (Termiz tumani ichki ishlar bo‘limida vaqtincha saqlash izolyatori mavjud emas – tahririyat).

O‘zbekistonda fuqarolar tomonidan vahshiyona qotilliklar sodir etish holatlari ko‘p bo‘lmasada, uchrab turadi.

Jumladan, yaqinda Namangan viloyati Norin tumanida ona, kelin va nevarani kanalga cho‘ktirgan qotillar guruhi sudlanib, ular 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Toshkent viloyati Bo‘ka tumanining Achamayli fayz mahallasida istiqomat qilgan 60 yoshlardagi er-xotinning chavaqlangan jasadlari boshqa mahalladagi tutqatorlar orasidan topilgan edi.

XS
SM
MD
LG