Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:52

Yangi yil arafasida O‘zbekiston bo‘ylab xavfsizlik choralari yanada kuchaytirildi


Yangi yil oldidan O‘zbekiston bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘ining mahallalar, korxona va boshqa ob’ektlarda aholini ogoholikka chaqiruvchi tadbirlar uyushtirilayotgani to‘g‘risidagi so‘zlari mahalliy nashrlar keltirmoqda. Ichki ishlar idorasidagi Ozodlik manbasi mahallarda uyushtirilayotgan maxsus suhbatlar chog‘ida diniy ekstremizm va terrorchilikni oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi uqtirilayotganini bildirdi. Bundan tashqari, davlat muassasalaridan yangi yil bayrami kunlari kechayu kunduz navbatchilik tashkil etish talab etilmoqda. Bundan avval O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i mamlakatda terrorchilik tahdidi yo‘qligini ta’kidlab, aholini vahimaga berilmaslikka chaqirgan edi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unovning mahalliy matbuotda keltirilayotgan so‘zlariga ko‘ra, Yangi yil bayrami arafasida mamlakat bo‘ylab “tegishli xavfsizlik choralari” ko‘rilmoqda.

Turg‘unovning aytishicha, bayram kunlari tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun ishlab chiqilgan tadbirlar rejasi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “kutilmagan vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan maxsus reydlar” uyushtirilayotganini bildirgan mulozim mahalla va korxonalarda “ogohlikka chaqiruvchi” tadbirlar uyushtirilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston bo‘ylab keyingi oylarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgani, xususan, Toshkent shahri va viloyatida ichki ishlar idoralari “kazarma holati”ga keltirilgani haqida Ozodlik xabar qilgan.

Toshkent ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasi Yangi yil bayrami kunlari shu paytgacha joriy etilgan choralarni yanada kuchaytirish topshirig‘i yuqoridan tushirilganini aytadi.

“Rejim yanada kuchaytirildi. Yangi yil kunlari uchun maxsus tezkor guruhlar soni ko‘paytirildi. Har bir tumanda odatda bittadan operativ guruh bo‘ladi odatda, shularni ikkitaga ko‘paytirdik. Bayram oldidan profilaktika ishlari ham kuchaytirldi. Har kuni mahallalarga chiqib, yig‘ilishlar o‘tkazilyapti. Har bir mahallada tuman bo‘limlari boshliqlari, hokimiyatlar vakillari ishtirokida haftada ikki marta yig‘in uyushtirilyapti”, deydi suhbatdosh.

Ichki ishlar boshqarmasi mulozimining aytishicha, bu suhbatlar paytida diniy ekstremizm va terrorchilik holatlari oldini olish masalasiga alohida urg‘u berilmoqda.

“Bilasiz, terrorchilikka qarshi kurash hozir asosiy mavzuga aylangan. IShID haqida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Bundan tashqari keyingi paytlarda Toshkent bo‘yicha yoshlar orasida jinoyatchilik oshib bormoqda, bu masalaga ham e’tibor qaratyapmiz”, deydi ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

Xavfsizlik choralari viloyatlarda ham kuchaytirilayotgani to‘g‘risida Ozodlikka xabar kelmoqda.

Juma kuni Watsapp orqali kelgan xabarda “Jizzaxda soat 21:00dan keyin ko‘chada yurish taqiqlandi. Archa oldida oddiy xalqdan militsiya xodimlari ko‘proq”, deyiladi.

Bundan tashqari viloyatlarda, davlat muassasalari xodimlaridan bayram kunlari tungi navbat tashkil etish talab etilyapti.

Qashqadaryo viloyatida ta’lim muassasalari rahbariyatidan bu haqda tilxat olinmoqda. Ozodlikning Telegram mushtariylari jo‘natgan tilxat nusxasiga ko‘ra, rahbarlar “Yangi yil shtabini tuzaman” va “2015 yil 30-31 dekabr kunlari hamda Yangi yil bayrami arafasida 2016 yil 1-2 yanvar kunlari kechayu kunduz shaxsan o‘zim boshchiligimda uzluksiz navvbatchilik tashkil etaman”, degan mazmundagi kafolat xatiga imzo chekishga majburlanmoqda.

O‘zbekiston rasmiy idoralari mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati xususida bir-biriga zid bayonotlarni berayotganini qayd etish joiz. Shu hafta boshida Ichki ishlar vazirligining boshqa bir mulozimi, terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik O‘ktam Murodov o‘zbekistonliklarni vahimali mish-mishlarga uchmaslikka chaqirib, mamlakatda vaziyat “umumiyatla tinch” ekanini alohida ta’kidladi.

Ozodlik bir necha kun avval Toshkent xalqaro aeroportida ham xavfsizlik choraralari kuchaytirilib, “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga aloqadorligi ehtimoli bo‘lgan shaxslarni aniqlash bilan shug‘ullanayotgan “IGIL-kontrolь” guruhlari joriy etilgani haqida xabar qilgan edi.

Toshkent shahar hokimiyati esa, poytaxtliklarni Yangi yil bayramini o‘z uylarida nishonlashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG