Линклар

O‘sh viloyati militsiyasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, 24 dekabrda o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida ikki nafar O‘zbekiston va to‘rt nafar Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat “diniy-ekstremistik guruh a’zolari” qo‘lgan olingan.

Guruhning yana ikki nafar a’zosi 25 dekabrda ushlangan.

Guruh a’zolari O‘sh shahri yaqinidagi Qashqarqishloq qishlog‘ida istiqomat qilgan Yunusjon Abdujalilovni otib o‘ldirganlikda ayblanmoqda.

37 yashar Yunusjon Abdujalilov 22 dekabrda to‘qqiz joyidan otib ketilgan va kasalxonada vafot etgandi.

Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarga ko‘ra, uni o‘ldirish buyrug‘ini asli o‘shlik Abu Saloh ismli shaxs bergan.

Abu Salohning hozirda Suriyada isyonchilar safida jang qilayotgan "Tavhid va Jihod" guruhiga rahbarlik qilayotgani aytiladi.

O‘sh viloyati militsiyasi xabarida ta’kidlanishicha, qo‘lga olinganlarning ba’zilari Suriyada harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va janglarda ishtirok etgan.

Ichki ishlar rasmiylari guruh a’zolarining ismlarini to‘liq ochiqlamayapti.

Qo‘lga olingan ikki o‘zbekistonlikning biri Samarqand va ikkinchisi Toshkent viloyatida yashagani xabar qilinadi.

O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarqatgan xabarda ta’kidlanishicha, Yunusjon Abdujalilovning o‘ldirilishiga uning Ahmadiya oqimiga mansubligi sabab bo‘lgan.

“Qo‘lga olinganlarning yurish-turishi, ularning yonidan topilgan dalillar asosida bu fuqarolar qaysidir diniy ekstremistik tashkilotlarga aloqador, degan taxmin bo‘lgan. Shu versiya bilan ishladik, ularning marhum bilan qandaydir ideologik kelishmovchiligi bo‘lgan, degan versiya bo‘yicha ishlab, hozir to‘g‘ri yo‘lga chiqdik,” deydi O‘sh viloyat Ichki ishlar boshqarmasining matbuot kotibi Jenish Ashurbayev.

Yunusjon Abdujalilovning yaqinlari ham qotillikka aynan uning diniy ko‘z qarashlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin degan farazga qo‘shildi.

Marhumning do‘sti, o‘zini Ahmadiy oqimi a’zosi, deb tanishtirgan Oybek Qodirov ba’zi dindorlar ularni “murtad”ga chiqarganliklarini aytadi.

“2007 yoki 2008 yillarda Ahmadiy musulmon jamoatiga bay’at berganmiz. Biz to‘g‘rimizda ko‘p masjidlarda ma’ruzalar qilingan. Bizni murtad, kofirga chiqarishgan. Suriyaga ketgan Siroj degani bor, u qishloq masjidida 3-4 yil imomlik qilgan. O‘sha ham, “ularni o‘ldirsa bo‘laveradi, bularni o‘ldirganlar har bir tomchi qoniga savob oladi”, degan. Shunday ma’ruzalar ortidan yoshlar adashyapti,” deydi Oybek Qodirov.

Qo‘lga olingan guruh a’zolari 18 dekabr kuni Qorasuv shahridagi xonadonlardan biriga bostirib kirib, 1978 yilda tug‘ilgan T.U., ismli shaxsni qattiq kaltaklaganlikda ham gumonlanmoqda.

Voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilayotgani xabar qilinadi.

“Tavhid va Jihod”

"Tavhid va Jihod" Suriya hududida 2014 yildan buyon alohida guruh sifatida prezident Assadga armiyasiga qarshi kurashib kelayotganini iddao qilgan o‘zbek jangarilari jamoatidir.

2014 yilning dekabr oyida Internetda alohida sahifa ochgan va o‘z logosini ham e’lon qilgan bu katiba tarmoqda o‘zbeklarni jihodga da’vat qilib kelayotgan faol jangari guruhlardan biridir.

Uning yetakchisi ekanini da’vo qiladigan Abu Saloh O‘zbekiy ismli jangari haqida esa ma’lumot oz.

Shu kunga qadar Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan o‘zbek jangarilari Abu Salohning qattiqqo‘l ekanini aytganlar.

U ijtimoiy tarmoqlarda bir jang maydoni, bir "Jabhatan Nusra" bayrog‘i yonida bo‘y ko‘rsatib tushgan videolarini tez-tez e’lon qiladi.

Hozircha "Tavhid va Jihod" guruhida jami nechta jangari borligi va ularning qanchasi o‘zbek ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

The Long War Journal tahlilchisi Kalib Veys "Tavhid va Jihod"katibasi ilk bor 2014 yilning 28 dekabrida YouTube tarmog‘iga video ilgach, mintaqani kuzatayotgan tahlilchilar diqqatini o‘ziga tortganini yozadi. Uning yozishicha, avvaliga "Jabhatan Nusra" safida jang qilib yurgan o‘zbeklar keyinchalik alohida jamoatga birlashib, Abu Saloh yetakchiligida "Tavhid va Jihod" katibasini tuzgan.

XS
SM
MD
LG