Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:38

Huquq faoli O‘ktam Pardayevga nisbatan yangi ayblov e’lon qilindi


Firibgarlikda ayblanayotgan jizzaxlik inson huquqi faoli O‘ktam Pardayevga nisbatan yangi ayblov e’lon qilindi. O‘ktam Pardayev endi “haqorat qilish” moddasi bilan ayblanmoqda. Ayni paytda, go‘yoki O‘ktam Pardayevning “firibgarligi”ga vositachi bo‘lgan Ruhiyo Baitovaga nisbatan amnistiya qo‘llanilib, u javobgarlikdan ozod qilindi.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bo‘limi raisi O‘ktam Pardayevga nisbatan e’lon qilingan firibgarlik, pora berish kabi ayblovlarga Jinoyat Kodeksining 140 –(haqorat qilish) moddasi ham qo‘shildi.

O‘ktam Pardayev jinoiy ishini kuzatayotgan mustaqil jurnalist, inson huquqlarini himoya qilish “Alyans” tashkiloti faoli Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, jinoyat ishini olib borayotgan tergovchilar O‘ktam Pardayevdan to‘qima ayblovlarga iqror olisholmagani uchun yangi moddani o‘ylab topishgan:

- Tergovchilar O‘ktamga birdaniga ikkita moddani qo‘yishgan edi. Firibgarlik va pora berish. Lekin bu tuzoq ish bermadi. Qarangda O‘ktamni nima uchun qamashdi. Ayblovda 9 fuqaro ariza berib, go‘yoki ular mushkullarini oson qilish uchun Ruhiyo Baitovaga pul berib, u bizni aldab ketdi, degan. Lekin ularning birortasi ham O‘ktam Pardayevni nomini keltirmaydi. Hamma Ruhiyo Baitovaga berdik, deyapti. Ruhiyo Baitova esa bu pullarni men O‘ktam Pardayevga olib borib berardim degan. Lekin bu quruq gapku. Isbot va dalil qani. Bu tergovchilar shunchalik mas’uliyatsizlik bilan ishlaydimi. Agar shunday bo‘lsa, hamma ham shu paytgacha yomon ko‘rgan odamini men unga pora berganman deb qamatib yuborishi mumkin ediku, deydi Malohat Eshonqulova.

Eshonqulovaga ko‘ra, O‘ktam Pardayev endi OAV vositasida ma’lum bir shaxsni haqorat qilganlikda ayblanmoqda.

“Alyans” tashkiloti yaqinda Ruhiyo Baitovaning O‘ktam Pardayev qamalmasidan oldin unga yozib bergan tilxatini e’lon qildi. Bu tilxatda Ruhiyo Baitova ichki ishlar bo‘limi xodimlari uni shantaj qilmoqchi bo‘lganlari haqida yozgan:

- Bu tilxatda Ruhiyo Baitova militsiya xodimlari unga O‘ktam Pardayevning uyiga narkotik modda tashlashini, agar shunday qilsa unga ko‘p miqdorda pul berishlarini va u uy sotib olishi mumkinligini aytishgani yozilgan. Ruhiyo bunga ko‘nmaganidan so‘ng uning ustidan jinoyat ishi ochishgan va O‘ktamga qarshi ko‘rsatma bersang, seni amnistiya bilan ozod qilamiz, deb va’da berishgan. Mana Ruhiyo O‘ktam Pardayevni ayblaganidan so‘ng u ishini bajarib bo‘ldi va amnistiya bilan ozod qilindi, dedi Malohat Eshonqulova.

O‘ktam Pardayevga qo‘yilgan ayblar bo‘yicha huquqshunoslardan maslahat olganini aytgan Malohat Eshonqulova unga qo‘yilgan Jinoyat Kodeksining moddalari noto‘g‘ri malakalanganini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bulimi raisi vazifasida ishlagan O‘ktam Pardayev joriy yilning 16 noyabrida hibsga olingan edi.

O‘ktam Pardayev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tovlamachilik, pora olish kabi moddalari bilan ayblanmoqda. Dastlabki tergov jarayonida O‘ktam Pardaev o‘ziga qo‘yilayotgan bu ayblovlarni keskin inkor qilgan.

O‘zbekistonlik inson huquqi himoyachilari va xalqaro inson huquqi tashkilotlari O‘ktam Pardayevga qo‘yilayotgan ayblovlar to‘qima ekanligini aytar ekan, u inson huquqi faoliyati uchun hibsga olinganini ta’kidlab kelmoqda.

Jumladan, Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatidan O‘ktam Pardayevni zudlik bilan hibsdan ozod qilish haqida 27 noyabr kuni bayonot bergan edi.

XS
SM
MD
LG