Линклар

Qirg‘izistonda yil boshidan buyon jamoat joylarida bomba o‘rnatilgani haqida yolg‘on ma’lumot to‘qqiz marotiba ro‘yxatga olingan.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik Davlat xizmatiga ko‘ra, bunday ma’lumot berganlarning ayrimlari qo‘lga olingan bo‘lsa, ko‘pchiligi hamon qidirilmoqda.

Bomba o‘rnatilgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot bergani aniqlanganlar orasida oddiy odamlardan tortib, yuqori lavozimlarda ishlagan amaldorlargacha bor.

O‘tib borayotgan haftada Qirg‘izistonda jamoat joylarida bomba o‘rnatilgani to‘g‘risida ketma-ket ikki yolg‘on ma’lumot kelib tushgan.

Poytaxt Bishkekning Ulan Kichik rayonidagi uylarning biriga bomba o‘rnatilgani haqida yolg‘on xabar 21 dekabr kuni kechasi bo‘lgan.

Militsiya hodimlari hududda istiqomat qiluvchilardan o‘z uylaridan chiqib, xavfsiz joyda turishni so‘ragan va mahalliy aholi tunni ayozli ko‘chada o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik davlat xizmati hozirda bomba to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot bergan odamni izlamoqda.

20-dekabrda strategik ob’ektlardan biri bo‘lgan “Manas” aeroportiga bomba qo‘yilgani to‘g‘risida telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lgan.

Tayyoragoh hududi tekshirilgan, uchoq qatnovlari to‘xtatilgan, ammo bomba topilmagan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining ma’lum qilishicha, “aeroportda bomba bor”, degan yolg‘on ma’lumot noma’lum IP-adresdan kelgan.

Qo‘mita rasmiysi Raxat Sulaymanovga ko‘ra, 2015 yilda jamoatchilik joylariga bomba o‘rnatilgani to‘g‘risida ja’mi to‘qqizta yolg‘on ma’lumot kelib tushgan.

“Hozir to‘rt ish bo‘yicha tergov yakunlanib, sudga o‘tkazilish arafasida turibdi. Qolgan besh holat yuzasidan hali ham tergov ishlari olib borilyapti. Hozir tushuntirish ishlarini ham olib boryapmiz. Negaki, terorchilik harakati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berganlar jazoga tortiladi,” - deydi Raxat Sulaymanov.

Ma’lum bo‘lishicha, “bomba bor”, deb yolg‘on ma’lumot berganlar orasida oddiy fuqarolardan tortib, sobiq amaldorlargacha bor.

Masalan, 24 sentyabrda poytaxtdagi “Arzu” restoranida “bomba bor,” deb vahima tarqatgan shaxs, yaxshi ko‘rgan qizini rashq qilib, yolg‘on ma’lumot bergan.

4 oktyabr parlament saylovlari chog‘ida Cho‘lpon-Ota shahrining sobiq hokimi Mirlan Maratov mast ahvolda beshta saylov uchastkasiga bomba qo‘yilgan, degan yolg‘on xabar tarqatgan.

Biroq, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq mulozimi Marat Imanqulov, kuch tizimlari portlovchi modda o‘rnatilgani to‘g‘risidagi har bir ma’lumotni tekshirishga mas’ul ekanliklarini aytadi.

“Men yetakchilik qilgan uch yil davomida turli qo‘ng‘iroqlar bo‘lgan, ammo birontasida ham bomba topmaganmiz. Biroq xalqaro tajribaga nazar tashlasak, terrorchilar portlovchi modda o‘rnatganidan so‘ng, ularning orasidan biri bu borada telefonda ma’lum qilib qo‘ygan holatlar ko‘p. Albatda, bunday vaziyatda ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolish mumkin,” deydi Marat Imanqulov.

Uning ilova qilishicha, telefon orqali bomba qo‘yilgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berganlarning ko‘pchiligi ruhiy bemorlar bo‘lib chiqadi.

Qirg‘izistonda hozir bomba to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot berganlarni 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilish taklif qilinmoqda.

Amaldagi qonunga asosan, terrorchilik harakati to‘g‘risida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bu eng yuqori jazo bo‘lgani bilan ko‘p hollarda “telefon terrorchilari” jarima bilan jazodan qutilib ketadi.

XS
SM
MD
LG