Линклар

logo-print

“O‘zdavneftgazinspeksiya” Toshkent AYoQShlarga kundalik ravishda 400-600 tonna ortiq yonilg‘i berayotganini aytmoqda. O‘zbekistondagi mahalliy nashrga intervyu bergan inspeksiya bosh texnologi Umidjon To‘layev shaharda benzin uchun saqlanib qolayotgan navbatlar sababini ham izohladi. Ammo, Toshkentdagi shohobchalarning aksari ortiqcha benzin berilayotgani haqidagi rasmiy xabarni tasdiqlamadi.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, O‘zbekiston neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi - “O‘zdavneftgazinspeksiya”ning Toshkent shahri bo‘yicha bosh texnologi Umidjon To‘layev bu haqda "Toshkent haqiqati" gazetasiga itervyu bergan.

Rasmiyning ta’kidicha, Toshkentdagi avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining kundalik ehtiyoji 1 ming 200 tonna bo‘lgani holda kuniga 1 ming 600 - 1 ming 800gacha tonna benzin berilmoqda.

Bosh texnolog Umidjon To‘layev shunga qaramay poytaxtda saqlanib qolayotgan benzin taqchilligiga qarshi hukumat chora ko‘rayotgani, yonilg‘ining barqaror ta’minotini yo‘lga qo‘yishga urinayotganini ta’kidlagan.

“O‘zdavneftgazinspeksiya” rasmiysining bu bayonotiga qaramay, Toshkentda benzin taqchilligi davom etmoqda.

Aksar shoxobchalar, “O‘zdavneftgazinspeksiya”si bosh texnologining kuniga poytaxtga 400-600 tona ortiq benzin berilayotgani haqida ma’lumotini tasdiqlamadi.

Aksincha, ba’zi kunlari benzin taqsimoti odatdagi hajmdan biroz kam ekani, ba’zi kunlari esa, hatto, berilmayotganini aytdilar.

27 dekabr kuni ham poytaxtdagi qator yoqilg‘i quyish shoxobchalariga bog‘langan Ozodlik muxbiri benzin yo‘qligiga guvoh bo‘ldi.

Aksariyat shoxobchalar operatorlari har kuni ertalab soat 9 yarimlarda benzin keltirilayotgani va kunduzi soat 2-3ga qadar tugab qolayotganini aytmoqdalar. Operatorlarga ko‘ra, benzinga navbat kundalik odatiy holga aylangan.

Shuningdek, Umidjon To‘layev Toshkentdagi shoxobchalar va haydovchilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan umumiy tartibbuzarlik va kamchiliklarni ham tilga olgan.

Jumladan, ham gaz, ham benzinda yuradigan avtomobillarning benzin bakini to‘ldirib berish hollarini tanqid qilgan. Umid To‘layevga ko‘ra, bunaqa avtomobillarga yaqinroq gaz quyish shoxobchasiga yetib oladigan darajada oz benzin berilishi kerak va buni mulozim xavfsizlik sabablari bilan izohlagan.

Ma’lumki, poytaxtdagi aksar haydovchilar avtomobilini yonilg‘ining ikki turida ham yurishga moslashtirib olgan va endilikda, ulardan bir necha litr benzin olish talab qilinmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zdavneftgazinspeksiya” rasmiysi poytaxtda shu kunlarda shartnoma shartlarini buzgan va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan shoxobchalarga 10 kun muddatga benzin yetkazib berish to‘xtatilganini ma’lum qilgan.

Ozodlik bog‘langan ba’zi shoxobchalar benzin berilmayotganini tasdiqladi. Ammo, buning sababi o‘zlari yo‘l qo‘ygan kamchilik bilan bog‘liqligidan bexabarligini aytdilar. Aksincha, benzin kelmay qolishi shoxobchalar uchun tobora ko‘p uchraydigan holga aylanayotgani bois, buning sababini taqchillik bilan bog‘ladilar.

Shu yilning noyabr oyida “O‘zneftmahsulot” shirkati ham O‘zbekistonda yonilg‘i-moylash mahsulotlari taqchilligi bilan bog‘liq muammo yo‘qligi, bu boradagi shov-shuvlar asossizligi haqida bayonot tarqatgan edi.

“O‘zneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Sizlarni to‘liq ishontirib ta’kidlaydiki, mamlakatimizda avtobenzin va boshqa yonilg‘i-moylash mahsulotlari ta’minoti bo‘yicha muammo yo‘q, bo‘lmaydi ham. Chunki Respublikamizda jahon standartlariga javob beradigan barcha yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetarli miqdorda ishlab chiqarilmoqda”, deya taskin bergan edi shirkat mas’ullari.

Shirkat "benzin taqchil" mazmunidagi shov-shuvlardan tashmachi va chayqovchilar ustalik bilan foydalanayotganini ta’kidlagan va bunga guvoh bo‘lganlarni “O‘zneftmahsulot” ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilishga chaqirgan.

Darvoqe, noyabr oyida bir necha kun davomida Toshkentda benzinning tushgacha tugab qolgani, viloyatlarga esa umuman berilmagani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG