Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:35

Yil yakuni-2015: IShID fitnasi, O‘IHning yakuni, Olimning vafoti


Yakunlanayotgan yilda O‘zbekistonda IShIDning kuchaygan vahimasi ortidan yuzlab odam qamaldi. IShID terror guruhigacha vahimasi bo‘rttirilgan O‘zbekiston islomiy harakati esa tugatildi, yetakchisi o‘lgani iddao qilindi. Ammo, bu yil o‘zbekistonlik musulmonlar xotirasida muhrlangan yana bir voqea - mujtahid olim Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti bo‘ldi.

IShID vahimasi - kuzatuv, ro‘yxatlarni yangilash

2015 yilda o‘zbekistonlik musulmonlar va ayni paytda xorijda yurgan o‘zbekistonliklarning xavotiriga sabab bo‘lgan, kimlarningdir hayotini bilvosita, kimlarningdir hayotini bevosita o‘zgartirgan muhim muammolardan biri - IShID - sobiq "Iroq va Shom Islom davlati", hozirgi "Islomiy davlat" terror guruhi safida soni ortib borayotgan o‘zbekistonliklar bo‘lib qoldi.

Ayniqsa, yilning ikkinchi yarmiga kelib, O‘zbekiston ichkarisida IShID (“Islomiy davlat” terror guruhi)ga aloqador shaxslarni topish amaliyotlari kuchaytirildi.

Mahalla qo‘mitalari, militsiya tayanch punktlari, hokimiyatlar ishtirokida maxsus komissiyalar tuzilib, aholi orasida diniy qarashlari va ibodati bilan ajralib turgan shaxslarni kuzatuvga olish, avvaldan kuzatuvga olingan shaxslarning IShIDga munosabatini o‘rganish harakatlari boshlandi.

Ozodlik bu boradagi eshittirishlari davomida mahalla qo‘mitalari faollari va IIV xodimlari bilan suhbatlashgan, suhbatlar asnosida Ichki ishlar vaziri buyrug‘i bilan “militsiyaning barcha bo‘linmalari xodimlari, hatto hisobchilargacha shubhali shaxslarni aniqlash ishiga jalb qilindi, Toshkentdagi har bir xonadon tekshirilib, shubhali shaxslar aniqlanib, ro‘yxatga olinishi"ga topshiriq bergani ma’lum bo‘lgan edi.

Xususan, Toshkentda "shubhali shaxslar"ni aniqlash ishlarini noyabr oyi oxirigacha tugatish rejalangani Ozodlikka ma’lum. Ammo, bu amaliyotlar natijasida aniqlangan shubhalilar soni haqida Ozodlikda rasmiy ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ham bu borada ma’lumot taqdim etmayotirlar.

Ammo, 2015 yil davomida IShIDga aloqadorlarni aniqlash, huquq-tartibot idoralari nazariga tushgan shaxslarni hibsga olish va IShIDga aloqadorlar ustidan mahkamalar o‘tkazilgani kuzatildi.

IShIDga aloqadorlarning hibsga olinishi

Yil oxiriga kelib - oktyabr-noyabr oylarida Toshkent shahri va viloyatlardagi yirik shaharlarda mahalliy dindorlar va xorijdan borganlarning IShIDga aloqadorlik gumoni bilan ommaviy ravishda hibsga olinishi kuzatildi.

Bu borada muttasil operativ xabarlar O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga yaqin Internet nashrlari, asosan, 12nyus.uz nashrida berib borilmoqda.

Bu kabi Internet nashrlari tarqatgan rasmiy xabarlarga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida Toshkent shahri va viloyatida o‘tkazilgan amaliyotlar natijasida ushlangan shaxslardan 90 nafari hibs qilingan. Hibsga olinganlar shaxsi va keyingi taqdiriga oid ma’lumotlar Ozodlikka noma’lum.

Ammo, inson huquqlari faollari, xususan, O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi Toshkent shahri va viloyatida IShIDga aloqadorlik aybi bilan 200 dan ortiq odam hibsga olinganini xabar qilgan. Bundan tashqari, hibslar Farg‘ona, Namangan, Xorazm viloyatlarida ham kuzatilgani xabar qilingan.

Quyida ana shu hibslar to‘lqini haqida huquq faoli bilan qurilgan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zida ikki hafta ichida 150 dan ortiq odam IShID va boshqa ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olingani haqida Regnum axborot agentligi ham xabar tarqatgan.

IShIDga aloqadorlar ustidan mahkamalar

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar o‘z fuqarolari orasida IShIDga aloqadorlar yoki uning safida bo‘lganlarni qidirish, topish va jazolash amaliyotini 2014 yildayoq boshlagan, bu haqda matbuotga rasmiy xabar berib kelmoqda.

Suriya va Iroqda yurgan markaziy osiyolik terrorchilar sirasida fuqarolari nisbatan ko‘p bo‘lgan O‘zbekistonda esa bunday amaliyotlar 2015 yilda boshlangani kuzatildi. Xususan, mamlakat prezidenti Islom Karimov bu borada ilk bayonotini 2014 yilning 31 avgusti - Toshkentda Shahidlar xiyobonida so‘zlagan nutqida tilga olgan edi.

Bu nuqtdan so‘ng avvaliga matbuotda ogohlantiruvchi chiqishlar boshlandi. 2015 yilning bahoriga kelib esa IShIDga aloqadorlar ustidan mahkamalar o‘tkazilgani haqidagi xabarlar rasmiy nashrlarda ko‘zga tashlana boshladi.

Rasmiy matbuotda berilgan jiddiy xabarlardan biri Toshkent viloyatida istiqomat qilgan Firdavs Salimov ustidan oktyabr oyida yakunlangan mahkamadir. 18 yashar Salimov "IShID varaqalarini tarqatgani uchun" 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Parkentda uch manzildan ID varaqasi topilgani, tumanga IIV va MXX rahbarlari borgani haqida Ozodlik shu yilning aprelida xabar qilgan edi.

Shu yilning 16 oktyabrida qashqadaryolik Nodir Javliyevga hukm o‘qildi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Farg‘ona vodiysida ekstremistik video-materiallar bilan qo‘lga olingani xabar qilingan Jovliyev hamyurtlarini terror tashkilot safiga yollash ayblovi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Xorazmlik 23 yashar Muhammad Abdullayevga esa 13 noyabrda hukm o‘qildi va u ham IShIDga aloqadorlik aybi bilan 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘zbekiston Oliy sudidagi manbaga tayanib xabar tarqatgan 12nyus.uz sayti Abdullaev Rossiyaning Astraxan viloyatida IShIDga odam yollash bilan shug‘ullangan urganchlik Narimon Safarov vositachiligida Suriyaga borib, jangovar va mafkuraviy tayyorgarlikdan o‘tgan, deb yozdi.

Bu IShIDga aloqadorlik aybi bilan O‘zbekistonda o‘tayotgan mahkamalar haqida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan ma’lumotlardan ayrimlaridir. Huquq faollari bu kabi mahkamalarning ko‘pi yopiq o‘tayotgani va hokimiyatlar tanlangan alohida mahkamalar targ‘ibot maqsadida jamoatchilikka yetkazilayotganini aytib keladilar.

IShID safidagi o‘zbekistonliklar

Ularning soni haqida O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari biror aniq raqam e’lon qilgani haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Shu yil yozda O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi raisi o‘rinbosari Abdulaziz Mansur Suriya va Iroqda jang qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 200 atrofida, deb ma’lumot bergan edi.

Yil oxirida bog‘langan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda shayx hazratlari bu borada aniq raqamdan xabardor emasligi, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari biror raqam berganidan ham bexabarligini aytdi.

Xorijiy ekspertlar va tadqiqot markazlari esa "Islomiy davlat" safidagi o‘zbekistonliklar sonini 500 nafar atrofida, deb taxmin qiladi.

So‘nggi tadqiqotlardan biri 7 dekabr kuni qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Ze Sufan Grup tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilindi. “Xorijlik jangarilar. Suriya va Iroqqa kelayotgan jangarilar oqimiga oid so‘nggi ma’lumotlar” nomli hisobotda Suriya va Iroqda IShID bayroqlari ostida 86 mamlakatdan kelgan 27 mingdan 31 minggacha chet ellik mavjudligi, bularning 500 nafari O‘zbekistondan ekani aytildi.

Ozodlikka shu kunda Iroq va Suriya hududida mavjud o‘zbeklarning ikki guruhi ma’lum. Bulardan biri "Imom Buxoriy" katibasi guruhidir. Uning tarkibidagi o‘zbeklarning Qirg‘iziston janubi va O‘zbekistondan borgani aytiladi.

Yana bir guruh esa, asosan, qirg‘izistonlik o‘zbeklardan iboratligi aytiladigan "Tavxid va Jihod" guruhidir.

IShID fitnasiga qarshi targ‘ibot

IShIDga qarshi targ‘ibot, asosan, O‘zbekistondan Suriyaga ketgan yoki Suriyaga ketishga uringan alohida shaxslarning tavba-tazarrulari aks etgan hujjatli filmlar vositasida olib borilmoqda.

Ozodlikka Toshkent viloyati Bo‘ka tumani va Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridan Suriyaga ketgan oilalar haqidagi hujjatli filmlar respublika bo‘ylab mahalliy hokimiyatlar buyrug‘i bilan mahalla qo‘mitalari, ta’lim muassasalari va davlat tashkilotlarida namoyish qilingani ma’lum.

Islom va musulmonlar: Suriyaga ketgan marg‘ilonlik 4 oila

Bunday xabarlardan so‘nggisi 24 dekabr kuni tarqatildi: Samarqand viloyati hokimiyati binosida hokim Zoir Mirzayev ishtirokida maxsus yig‘ilish o‘tkazilgan va unda Suriyaga oilasi bilan jang qilishga ketgan samarqandliklar haqida hujjatli film namoyish qilingan.

Shu tariqa, 2015 yilda O‘zbekiston diniy-ekstremistik, terroristik va fundamentalistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarga nisbatan ayblovlar "IShID" so‘zi ko‘p tilga olina boshlagani kuzatildi. Bunga qadar ayblov xulosalari, tergov hujjatlar va sud hukmlarida ko‘p tilga olingan yana bir qisqartma - "O‘IH" - O‘zbekiston Islomiy harakati terrorchi guruhi esa 2015 yil o‘rtasida tugatildi, oxiriga kelib, uning yetakchisi o‘ldirilgani haqidagi iddaoli fotoxabar Internetda shov-shuv bo‘ldi.

IShIDga qadar qo‘llangan tamg‘a - O‘IH tugatildi

1996 yilda tuzilgan va AQSh, Evropa davlatlari, Rossiya va O‘zbekiston hukumati tomonidan "terrorchi tashkilot" deb e’lon qilingan O‘zbekiston Islomiy harakati iyun oyida "Islomiy davlat" safiga o‘tgani va harakat tugatilib, IDning bir qismiga aylanganini e’lon qilgan edi.

Harakat rahbari Usmon G‘oziyning halifa Bag‘dodiyga bay’at bergani aks etgan video tarqatilib, unda Xuroson mintaqasi xalifalik tasarrufiga o‘tgani iddao qilingan.

Islom va musulmonlar: O‘IHning tugatilishi

Bundan tashqari, Usmon G‘oziy mulla Umarning 14 yil muqaddam o‘lganini da’vo qilib, Toliblarning amaldagi rahbariyatini "yolg‘onchilik, afg‘onparastlik, qavmparastlik"da ayblagan, Pokiston maxsus xizmatlari nazoratiga bo‘ysungan, deb qoralagan edi.

Toliblar G‘oziy o‘lganini iddao qildi

Ammo, Pokistondan siqib chiqarilgach, Afg‘oniston shimoliga o‘tib joylashgan o‘zbekistonlik jangarilar sentyabr-oktyabr oylariga kelib Toliblarning yangi rahbariga qarshi bo‘lgan isyonchi guruhlarga qo‘shilgani va ichki janglarda yangi rahbar Mulla Axtar Mansurga qarshi jang qilayotgan xabar qilina boshladi.

6-9 noyabr kunlari Afg‘onistonning Zobul viloyatida Toliblar bilan o‘zaro janglarda sobiq O‘IH amiri Usmon G‘oziy asir olinganiga oid ilk iddaolar paydo bo‘ldi. Afg‘on rasmiylari "Islomiy davlat"ga bay’at bergan o‘zbeklar mulla Axtar Mansurga qarshi jang qilganini tasdiqladi, ammo G‘oziyning asir olinganini tasdiqlamadi.

10 dekabrga kelib esa Toliblarga oid Internet tarmoqlarida Usmon G‘oziyning o‘lgani iddao qilingan suratlar tarqatildi. Suratlarda G‘oziyning jasadi sochi qirqilgan, soqoli esa qirilgan holda aks etdi. Uning jasadi Zobulda topilganini da’vo qilgan Toliblar G‘oziy ikki haftadan buyon qochib yurgani, hatto ayol kiyimida saqlanganini yozdilar. Afg‘on rasmiylari hozircha bu iddaolarni tasdiqlamadi.

Toliblar Usmon G‘oziy o‘lganini iddao qilmoqda

O‘IH vasvasi

Sobiq O‘IH O‘zbekistonda ekstremizm, radikalizm va terrorizmga oid qator ayblovlar bilan ayblangan, 1993 yilda mamlakatdan qochib chiqqan namanganlik din peshvosi Tohir Yo‘ldosh tomonidan tuzilgan.

1999 yilda Tojikistonning Jirg‘atol tumanida o‘zining ilk qarorgohini qurgan va o‘sha yerdan turib, Qirg‘izistonning Botkent viloyatiga ilk yirik hujumini uyushtirgan edi.

1999 yilning 16 fevralida Toshkentda bo‘lgan ilk portlashlardan so‘ng O‘IH O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari va Islom Karimov hukumatining nishonidagi asosiy dushmanlardan biriga aylandi. Mamlakatda diniy-siyosiy motivlarda ayblangan va qo‘lgan olingan yuzlab shaxslarga O‘IHga aloqadorlik yoki a’zolik ayblovi qo‘yildi.

2001 yilda AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg‘onistonda amirlik e’lon qilgan Toliblarga qarshi kurash boshlagan kezlarda, O‘IH Toliblar safiga o‘tdi. O‘shandan boshlab, bu harakat AQSh va bir qator g‘arb davlatlari taqiqlagan terror tashkilotlar safidan o‘rin oldi. O‘sha kezdayoq harakat asoschisi Tohir Yo‘ldosh Pentagon tomonidan qidiruvga berildi va 2009 yilning 27 avgustida AQSh dronidan otilgan raketadan yaralanib, o‘ldi.

Uning o‘limi 2010 yilda harakat tomonidan tasdiqlandi va o‘sha yili harakatga kuyovi Usmon Odil rahbar etib tayinlangani e’lon qilindi. 2012 yilda u ham o‘ldirildi va shundan buyon O‘IHga Usmon G‘oziy rahbarlik qilayotgan edi.​

Shu tariqa 20 yilga yaqin O‘zbekiston hukumatining asosiy dushman, boshqacha aytilsa, radikal va terrorchi dindorlardan iborat muxolifi bo‘lib kelgan harakat mavhum bir ko‘rgulik bilan qariyb yakun topdi.

Olimning vafoti - 200 ming kishilik janoza namozi

2015 yilning o‘zbekistonlik musulmonlar uchun unutilmas voqealaridan biri esa - o‘zbekistonlik taniqli ulamo, mujtahid olim, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti bo‘ldi.

Shayx O‘zbekistonning so‘nggi 30 yillik tarixida chuqur iz qoldirgan va ziddiyatli shaxs sifatida tarixga kirgan yirik din peshvosidir. ​U kishi 2015 yilning 10 martida Toshkentda yurak xurujidan vafot etdi.

63 yosh - payg‘ambar yoshida vafot etgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga Toshkent shahrining Ko‘kcha dahasi, “Shayx Zayniddin” jome’ masjidida janoza o‘qildi va bu marosimda respublika tarixida kuzatilmagan miqdorda ko‘p odam - 200 ming kishi keldi.

​Shayxning dafn marosimi - poytaxtliklar, keyinchalik bu marosimni Internet tarmog‘i orqali tomosha qilgan o‘zbekistonlik, qirg‘izistonlik, qozog‘istonlik, tojikistonlik, turkmanistonlik, rossiyalik dindorlar xotirasida unutilmas manzara bo‘lib qolishi tabiiy.

Dunyo bo‘ylab Shayx hazratlari haqiga 300 dan ortiq marta Qur’on xatm qilindi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari “Shayx Zayniddin” qabristoniga dafn etildi.

Munozarali ma’naviy meros, noyob ilmiy meros

Shayx Muhammad Sodiq Muhmmad Yusuf 37 yoshida - 1989-yilda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi etib tayinlangan.

1989-yilda shu lavozimni qabul qilganidan keyingi faoliyati oradan ikki yil o‘tib mustaqil bo‘lgan O‘zbekistonning yangi tarixida shubhasiz chuqur iz qoldirdi va bu davr haqida bugun bildirilayotgan munosabatlar juda ziddiyatlidir.

Ozodlik bu borada qator maxsus dasturlar tayyorladi.

O‘zbek imomlari -1: Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Quyida shayxdan qolgan merosga bildirilgan ba’zi munosabatlar bilan tanishishingiz mumkin:

- S.Rafitdinov: Shayx umrini xalqqa shariatni tushuntirishga sarfladi;

- A.Mo‘minov: Shayxdan musulmonlar orasiga nifoq soluvchi meros qoldi;

- M.Nur: Hazrat so‘nggi 500 yilda chiqqan eng katta ulamo;

- M. Obutov: Shayx mazhabparastlikni tiriltirdi;

- OzodlikOnline+: Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kim edi?

- Po‘lat Oxunov: Shayx SSSR deputati sifatida o‘zbeklarni himoya qilgan edi;

- Abdulaziz Mansur: Shayx alg‘ov-dalg‘ov davrda musulmonlarga bosh bo‘lgan edi;

O‘zbek imomlari -2: Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

XS
SM
MD
LG