Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:16

Qirg‘iziston-2015: Unikal saylov, Gudbay Amerika, terrorga qarshi kurash


Qirg‘iz parlamentiga o‘tkazilgan saylovning halqaro hamjamiyat tomonidan unikal hodisa sifatida baholanishi, Bishkek markazida va atrofida bir qator terror guruhlari va terrorchi deb gumonlangan odamlarning jismonan yo‘q qilinishi, mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi Qirg‘izistonda 2015 yilning eng muhim voqealari bo‘ldi.

Unikal hodisa. Prezidentning hokimiyatda qolmaslik va’dasi

YeXHT vakillari 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda o‘tgan parlament saylovini o‘zaro raqobat ruhida, barcha partiyalarga teng imkoniyatlar berilgan sharoitda o‘tkazildi, deb baholadi. YeXHT kuzatuvchilari qisqa muddatli missiyasining rahbari Sanches Amor: “Saylovlarni raqobat va erkin asosda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoda unikal hodisa bo‘ldi” , deb bayonot berdi.

Mazkur saylovlarni kuzatgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kuzatuvchilari missiyalari ham bu saylovlarga ijobiy baho berdilar.

Kuzatuvchilar saylov jarayonida hukumat tomonidan bosim ko‘rsatilmagani, saylovning barcha jarayonlari demokratik ruhda o‘tganini ta’kidlagan holda, partiyalar tomonidan ovozlarni sotib olish jarayoni kuzatilgani haqida ham gapirdilar. Biroq shu kungacha partiyalar tomonidan saylovchilarning ovozlarini sotib olinishi yuzasidan na hukumat tomonidan, na huquq-tartibot organlari tomonidan tekshiruvlar o‘tkazilgan emas.

Parlament saylovida kurashgan 14 siyosiy partiyadan 6 tasigina parlamentga kirish uchun zarur bo‘lgan 7 foizli to‘siqdan o‘tgan.

Milliy ozchilik vakillaridan deputatlikka saylanganlarning ko‘pchiligi, jumladan, uch o‘zbek deputati – Anvar Ortiqov, Ilhom Mannonov va Nodirbek Karimov prezident Almazbek Atambayev mansub bo‘lgan Sotsial demokratlar partiyasidan saylangan.

Prezidenti Almazbek Atambayev 24 dekabr kuni yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida, jurnalistlarga Qirg‘izistonda toza va adolatli saylovlarni o‘tkazish an’anaga aylantirilishini aytdi.

Atambayevga ko‘ra, Qirg‘izistonning demokratik tamoyillarga asoslangan davlatga aylanishi uchun u 2017 yilda, ya’ni prezidentlik vakolatlari tugaganidan so‘ng Konstitutsiyaga to‘la amal qilgan holda, nomzodini prezidentlikka ko‘rsatmaydi. Atambayev prezidentlik vakolatlari yakunlanganidan so‘ng Bosh vazir yoki parlament raisi lavozimini egallash niyati yo‘qligini va siyosatdan ketishini ta’kidladi:

- Atambayev hech kimni vorislikka tayyorlamaydi. Prezidentni xalq saylaydi. Bundan tashqari saylov halol o‘tkaziladi. Mening yagona maqsadim: hech kim mamlakatni mana shu yo‘ldan qaytarmasin, mamlakat gullab-yashnasin, - dedi Almazbek Atambayev.

AQSh bilan munosabatlarning yomonlashuvi

2015 yilda Qirg‘iziston tashqi siyosatidagi muhim voqea AQSh bilan munosabatlarning yomonlashuvi bo‘ldi.

AQSh Davlat departamenti O‘sh voqealarida ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan etnik o‘zbek inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovga "Inson huquqlari faoli" mukofotini bergani ortidan Qirg‘iziston Bosh vaziri Temir Sariyev 21 iyul kuni AQSh bilan hamkorlik bitimini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Bishkeklik siyosatshunos Marat Kazakbayev Qirg‘iziston hukumati uchun 2010 yilgi O‘sh voqealarining qay tarzda baholanishi printsipial masala bo‘lgani uchun ham shunday qaror qabul qilingan, deb hisoblaydi.

- Azimjon Asqarov masalasi qirg‘iz tomoni uchun prinsipial masaladir. Chunki sud tomonidan uning aybdorligi isbotlangan va u jinoyatchi deb hisoblanadi. Qirg‘izistonning AQSh bilan shartnomani bekor qilishi qiziqqonlik ortidan qabul qilingan qaror sifatida ham baholanishi mumkin. AQSh juda katta bosim ko‘rsatish resurslariga ega va bu resurslardan foydalanishi mumkin, - dedi Marat Kazakpayev.

Uning fikricha, AQSh bilan shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishiga keyingi yillarda Qirg‘iziston hukumatining rossiyaparastlashayotgani ham turtki bo‘lgan.

O‘sh o‘zbek milliy madaniy markazida ham Azimjon Asqarovga AQSh mukoftoti berilishi masalasi muhokama qilingan va Vashingtonning bu qarori keskin qoralangan.

O‘shlik huquq faoli Izzatulla Raxmatullayev O‘zbek milliy madaniy markazining mazkur bildiruvini buyurtma sifatida qabul qilishini aytdi:

- Milliy markaz nodavlat tashkilotidir. O‘zbek milliy madaniy markazining u yoki bu odamni muhokama qilishga haqqi yo‘q. Agar vijdonan aytadigan bo‘lsak, Azimjon Asqarovning qilgan xizmatlarini hali birorta o‘zbek milliy madaniy markazi qilgan emas. Azimjon Asqarov Qirg‘izistonning haqiqiy patrioti, u korrupsiyaga qarshi, jinoyatchilikka qarshi kurashib kelgan.Milliy markaz bunday “zakaz”larni avvaldan bajarib kelgan. Masalan, taniqli huquq faoli Ravshan Gapirovning ustidan ham yozishgan, uni muhokama qilishgan. Nodavlat tashkiloti bo‘lganidan keyin bular o‘z ishini qilavermaydimi... Ularning siyosiy ambitsiyalar bilan chiqishi umuman qonunlarga to‘g‘ri kelmaydi. Bugungi kunda o‘zbek nomidan spekulyatsiya qilishni ular to‘xtatishi kerak, -dedi Izzatulla Raxmatullayev.

Azimjon Asqarov 2010 yil 15 sentyabrida O‘sh voqealariga aloqadorlikda ayblanib umrbod qamoqqa hukm qilingan. Xalqaro va mahalliy huquqni himoya qilish tashkilotlari Azimjon Asqarovga nisbatan jinoyat ishi soxtalashtirilganiga ishonilishini ta’kidlaydilar. Uning hamkasblari va xalqaro tashkilotlar Asqarovning aybsiz ekaniga amin bo‘lgan holda, qariyb besh yildan buyon huquq faolining ozod qilinishi uchun harakat qilib keladi.

AQSh Qirg‘izistonga ekstremizmga qarshi kurash, iqtisodni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, maorif sohasini mukammallashtirish, demokratik taraqqiyot sohalariga katta miqdorda moliyaviy ko‘mak berib kelingan.

AQShning Bishkekdagi elchixonasi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur dasturlar asosida mustaqillik yillarida ko‘rsatilgan yordam miqdori pul hisobida 2 milliard dollarni tashkil qilgan.

Ayni paytda Bishkek tomonidan strategik hamkor sifatida talqin qilinadigan Rossiya ham G‘arb sanksiyalari ortidan Qirg‘izistondagi loyihalarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Rossiya bilan hamkorlikda qurilishi lozim bo‘lgan Qambarota-1 va Yuqori Norin GESlari qurilishi muzlatib qo‘yildi.

Prezident Almazbek Atambaev 24 dekabrda yil yakunlari bo‘yicha bergan matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Putinga “Qirg‘iziston loyihalarni davom ettirish uchun yangi hamkor izlashini rasman bildirgani” haqida gapirgan.

Terrorchilikka qarshi kurash, Suriyaga ketayotgan o‘zbeklar

Joriy yilda Qirg‘izistonda terrorchilikka qarshi kurash avvalgi yillarga qaraganda misli ko‘rilmagan darajada katta miqyosni tashkil etdi.

Terrorchi, deb atalayotgan shaxslarga nisbatan eng katta amaliyot Bishkekda 16 iyul kuni kechqurun o‘tkazildi. Amaliyot paytida terrorchi guruhga mansubligi iddao qilinayotgan 6 odam o‘ldirildi, 5 kishi qo‘lga olindi. Amaliyot paytida shahar markazida fuqarolarga tegishli 5 ta uy yonib ketgan.


12 oktyabrda Bishkekdagi qamoqdan terrorchilikda ayblanib ozodlikdan mahrum qilingan 9 mahbus qochib, 5 nafari qo‘lga tushgan. Qochib yashiringan to‘rt mahbus qo‘lga olish jarayonida militsiya xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

17 oktyabr kuni Bishkek atrofidagi qishloqlardan birida terrorchilikda gumonlangan 5 kishilik guruh qo‘lga olindi.

11 dekabrga o‘tar kechasi Bishkekda yo‘q qilingan ikki shaxs Chuy viloyati va poytaxt Bishkekda terror xuruji uyushtirmoqchi bo‘lgani haqida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.

24 dekabr kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat olti kishidan iborat diniy-ekstremistik guruh qo‘lga olingani xabar qilindi.

Rasmiylar Qirg‘izistonda aksilterror amaliyotlarining avvalgi bir necha yillarga nisbatan ko‘payganini Suriyaning ta’siri o‘laroq baholamoqda. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rasmiysi Raxat Sulaymanov 2015 yil yanvarida 3 yilda Qirg‘izistonda 7 terrorchilik guruhi tuzilgani va guruh a’zolarining barchasi Suriyadagi janglarda ishtirok etgani haqida ma’lumotlar mavjudligini aytgan edi.

Qirg‘izistonliklarning Suriyaga ketishini oldini olish masalalari bilan ham shug‘ullanayotgan O‘sh o‘zbek milliy markazi raisi Abdurashid Xo‘jayev Ozodlik radiosi muxbiriga bu borada quyidagilarni aytgan:

- Ko‘p bekor qolgan, o‘zini o‘zi anglab olmagan yosh yigitlarimiz Suriyaga ketib qolayapti. Bu millatimizning eng yomon muammolaridan biri. Bugungi kunda rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha 458 nafar odam Qirg‘izistondan Suriyaga ketgan bo‘lsa buning 92 foizi o‘zbek, 6 foizi uyg‘ur, 1 foizi qirg‘iz, 1 foizi boshqa millatlar, deb statistika berilayapti.

Davlat Xavfsizlik qo‘mitasi bilan birga o‘rganib chiqdik. 60 foizi ishsizlikdan Suriyaga ketgan. O‘ziga to‘q oilalardan ketganlar 10 foiz. Ketganda ham oilasi bilan ketganlar bor ekan. Yana qarzdorlar ketgan. 15-16 foiz odam qarzdan qochib ketgan ekan, - deydi Abdurashid Xo‘jayev.

Qirg‘izistonda terror va ekstremizmga qarshi kurash doirasida qo‘lga olinganlar orasida 37 yoshli taniqli imom Rashodxon Kamolov ham bor. U 9 fevral kuni “ekstremizmga da’vat qilganlik”, “xalifalik tuzishga harakat qilganlik”da ayblanib, hibsga olingan. O‘sh viloyat sudi Rashodxon Kamolovni 24 noyabr kuni 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Rashodxon Kamolov o‘zining qamalishini siyosiy buyurtma sifatida baholagan.

- Bu erda, ko‘rib turganingizdek, qamalishimdan uchinchi kuchlar manfaatdor bo‘layapti. Bizni musulmonlar bilan davlat o‘rtasida hech qanday nizo yo‘q. Uchinchi kuchlar radikal kuchlarni paydo qilish, yoshlarni hukumatga qarshi qo‘yish uchun shunday qilmoqda. Ayrim hukumat vakillari ham bundan manfaatdor. Ular o‘zining shaxsiy boyligini, o‘z martabasini saqlash yoki o‘zini kimlargadir yaxshi ko‘rsatish uchun shu ishni qilayapti. Biz hech qanday radikal fikrda emas edik. Lekin, ming afsuski, bugungi kunda bo‘layotgan bu holatlar siyosiy byurtmaga o‘xshab turibdi, - dedi Rashodxon Kamolov.

YevrOsiyo iqtisodiy ittifoqi hozircha umidlarni oqlagani yo‘q

Iqtisodiy sohada rivojlanish bo‘lishini umid qilgan Qirg‘iziston hukumati 2015 yilning 10 mayida Moskva yetakchiligidagi YevrOsiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shildi. Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Armaniston a’zo bo‘lgan mazkur ittifoqqa qo‘shilish yuzasidan muzokaralar 2011 yilda boshlangandi.

Mazkur ittifoqqa qo‘shilish masalasi Qirg‘izistonda katta bahs-munozaralarga va xatto jamiyatning ikkiga – qarshilar va rozilar qatlamiga bo‘linib ketishiga ham sabab bo‘ldi.

Qarshilar ittifoqqa qo‘shilish Qirg‘izistonning hali oyoqqa turib ulgurmagan iqtisodiyotini yanada vayron qiladi, degan nuqtai nazarda bo‘lsalar, rozilar ittifoq mamlakat kelajagi va iqtisodi uchun zarur degan fikrni bildirdilar.

Qirg‘iziston ittifoqqa qo‘shilishi ortidan ellik minga yaqin qirg‘izistonlik muhojir Rossiyaning “qora ro‘yxat”idan chiqarilgani xabar qilingan. Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyada turli qonunlarni buzgani uchun 77 ming qirg‘izistonlik “qora ro‘yxat”ga kiritilgan edi. Ittifoqqa a’zo davlatlarda Qirg‘izistonlik muhojirlar hech qanday to‘siqlarsiz o‘zlarining mutaxasisliklari bo‘yicha ishlay oladi.

YevrOsiyo iqtisodiy ittifoqidan hozircha olingan yagona iqtisodiy manfaat mana shu bo‘ldi. Ittifoqqa qo‘shilish ortidan hukumat va’da qilganiday Qozog‘iston va Rossiyaga eksport ko‘paymadi, aksincha, Qirg‘iziston Xitoy mollarini mintaqaga reeksport qiluvchi davlat maqomidan ajrab qolayotir.

Bojxona tariflarining ko‘paytirilgani ortidan esa Qirg‘izistonda rivojlangan tikuvchilik sanoati ham inqirozga uchrayotgani kuzatiladi. Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan kiyim kechaklar Turkiya mahsulotlaridan qolishmaydigan darajada sifatga egaligi va arzonligi bilan Rossiya hamda Qozog‘istonda xaridorgir edi.

Ayrim mutaxasislar Qirg‘izistonda so‘m bir yil ichida 20 foizdan ko‘proqqa qadrsizlanganini ham YevrOsiyo iqtisodiy ittifoqidagi inqiroz bilan bog‘lamoqda.

XS
SM
MD
LG