Линклар

2015 yili Tojikistonda muxolifat vakillariga nisbatan bosim kuchaydi, mamlakatda IShIDga xayrixohlar ko‘payib, hatto sobiq OMON rahbari jihodchilar safiga qo‘shilganini e’lon qildi, Tojikiston prezidenti esa o‘ziga “Millat peshvosi” maqomini berib, hokimiyatini yanada mustahkamlagan bo‘ldi.
Tojikistonda mart oyi boshida o‘tkazilgan saylovda, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Imomali Rahmon boshchiligidagi Xalq demokratik partiyasi 65 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘ldi.

O‘sha paytda xalqaro kuzatuvchilar va muxolifatchilar ovoz berish jarayonida qonunbuzarliklar ko‘p bo‘lganini aytganlar.

Saylovda ilk bor Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi va Kommunistik partiya vakillari parlamentga kirmay qoldi.

Muxolifatchining o‘ldirilishi

Parlament saylovidan bir necha kun keyin - 6 martga o‘tar kechasi Turkiyada 47 yoshli tojikistonlik muxolifatchi va tadbirkor Umarali Quvvatov otib ketildi.

Istanbuldagi Fotih masjidida o‘tgan janozaga yig‘ilganlar Quvvatovning qotili Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ekani haqidagi plakatlarni ko‘tarib chiqdilar.

Bir paytlar prezident Rahmonga yaqin bo‘lgan tadbirkor va siyosatchi Quvvatov iqtisodiy jinoyat ayblovlari bilan Dushanbe tarafidan qidiruvga berilgan.

Muxolifatchi o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni siyosiy sabablarga ega ekanligini aytgan.

2012 yilda Tojikistonni tark etgan Umarali Quvvatov “24 guruhi” nomli muxolifat guruhiga asos solgan edi.

Jihodchiga aylangan OMONchi

Aprel oyi oxirida Tojikistondan g‘oyib bo‘lgan Ichki ishlar vazirligining OMON guruhi qo‘mondoni Gulmurod Halimov ko‘p o‘tmay o‘zining “Islomiy davlat” ekstremistik guruhiga qo‘shilganini e’lon qildi.

Halimov Internet orqali tarqatilgan o‘z videomurojaatida Tojikiston va AQSh rasmiylariga tahdid qilgan.

Sobiq polkovnik Halimov vatanida davlatga xiyonatda ayblanib, qidiruvga berilgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Jaloliddin Sadriddinov Ozodlik radiosi tojik xizmati bilan sentyabr oyida qilgan suhbatida Gulmurod Halimovga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining bir necha moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgan.

“Unga qarshi “odam yollash”, vatanga xiyonat moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. IShIDga qo‘shilganidan keyin u Tojikiston Ichki ishlar vazirligidagi ishidan bo‘shatilgan”, degandi Jaloliddin Sadriddinov.

Qo‘shma shtatlar esa polkovnik Gulmurod Halimovni “Islomiy davlat” guruhiga aloqador terrorchilar “qora ro‘yxat”iga kiritgan.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Ze Soufan Grup tadqiqot markazining shu yil 7 dekabr kuni e’lon qilgan hisobotida shu kunda Suriya va Iroqda 386 nafar tojikistonlik jihodchi jang qilayotgani aytiladi.

General Nazarzoda isyoni

Shu yilning 4 sentyabr kuni Tojikistonning Dushanbe va Vahdat shaharlarida ichki ishlar bo‘limlari va militsiya maskanlariga hujumlar uyushtirildi, buning oqibatida huquq-tartibot idoralarining 9 xodimi o‘ldirildi. Rasmiylar hujumlarda Tojikiston mudofaa vazirining sobiq muovini, general Abduhalim Nazarzodani ayblashdi.

Hujumlardan keyinoq Dushanbe Nazarzoda guruhiga qarshi maxsus amaliyot boshladi, sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari esa o‘z tarafdorlari bilan Romit darasiga qochib, yashirindi.

Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas rasmiylar general Nazarzoda o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdilar.

Tojik rasmiylari Abduhalim Nazarzoda hujumlarini “davlat to‘ntarishi qilishga urinish” o‘laroq baholadilar va bu hujumlar boshida Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi rahbarlari turganini iddao etdilar.

TIUPning terror tashkiloti deb e’lon qilinishi

29 sentyabr kuni Tojikiston Oliy sudi Islom uyg‘onish partiyasini terrorchi tashkilot deb e’lon qildi va partiyaning mamlakatda faoliyat yuritishini taqiqladi. Bu orada partiyaning 23 faoli terrorchilikda ayblanib, qo‘lga olindi.

Islom uyg‘onish partiyasi rahbarlari, xususan, bahorda Tojikistonni tark etgan partiya raisi Muhiddin Kabiriy bu ayblovlarni tamoman inkor etgan va partiya bundan buyon mamlakat tashqarisida faoliyat olib borishini e’lon qilgan.

Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi Markaziy Osiyo mintaqasidagi yagona islomiy partiya edi. Partiyaning berkitilishi xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilingan.

Sovxoz raisidan Millat peshvosiga

25 dekabr kuni Tojikiston prezidenti “Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosi to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Mazkur qonunda Imomali Rahmonning millat peshvosi o‘laroq vakolatlari, daxlsizligi, xavfsizligi va unga berilgan ijtimoiy kafolatlarga oid moddalar bor.

16 moddadan iborat mazkur qonun “millat peshvosi” daxlsizligini kafolatlaydi va uning barcha sarf-harajatlarini umrbod davlat byudjeti hisobidan bo‘lishini ta’minlaydi.

Qonun Imomali Rahmon prezidentlikdan ketgach, bo‘lajak prezident qarorlarini nazorat qilish huquqiga ega superlider bo‘lishi uchun zamin hozirlaydi.

“Millat peshvosi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan keyin uni dastaklash uchun Dushanbeda talaba-yoshlarning mitingi bo‘lib o‘tdi. Prezident Imomali Rahmonni “uzurpator” deb atagan va unga “Millat peshvosi” maqomi berilishini tanqid qilgan tojik muxolifati bu mitingni “xavfsizlik xizmatlari uyushtirgan tomosha” o‘laroq baholadi.

Rossiyaning yaqin ittifoqdoshi bo‘lmish 62 yoshli prezident Imomali Rahmon Tojikistonni so‘nggi 23 yildan beri boshqarib keladi. Amaldagi prezidentning mansab pillapoyalari bo‘ylab ko‘tarilishi uning 1988 yilda Dang‘ara tumanidagi Lenin nomli sovxoz direktorligiga saylanganidan so‘ng boshlangani aytiladi.

23 yilda birinchi marta o‘tkazilgan maslahatlashuv

24 va 25 dekabr kunlari Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston Tashqi ishlar vazirliklarining siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Bu ikki davlat diplomatik aloqa o‘rnatgan 1992 yildan beri o‘zbek-tojik diplomatlari o‘rtasida ilk marotaba o‘tkazilgan maslahatlashuvdir.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda o‘zaro munosabatlarning bugungi ahvoli va uni rivojlantirish bo‘yicha istiqbollar muhokama qilinib, mintaqaviy va xalqaro miqyosda dolzarb bo‘lgan muammolar bo‘yicha fikr almashilgan.

Gazeta.uz sayti ushbu uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-insonparvarlik va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rilgani haqida yozdi.

O‘zbek va tojik diplomatlarining bu uchrashuvi ikki mamlakat aloqalaridagi iliqlashuv nishonasi o‘laroq baholanayotgan bo‘lsa-da, tahlilchilar chegaradagi vaziyat, gidroinshootlar qurilishi bo‘yicha ixtiloflar va boshqa muammolar bu iliqlashuvga kelajakda ham soya solishi mumkinligini taxmin qilmoqdalar.

XS
SM
MD
LG