Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:17

Toshkent shahar militsiyasi boshlig‘i ishdan olindi


Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i almashgani haqida Ozodlikka bir-biridan mustaqil manbalar xabar yo‘lladi. Bu o‘zgarish O‘zbekiston prezidentining ichki ishlar xodimlari faoliyatini keskin tanqid qilishidan ko‘p o‘tmay ro‘y berdi.

Bir-biridan mustaqil manbalarning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirsamat Odilov 26 dekarbrda vazifasidan bo‘shatilib, o‘rniga Bahodir Qurbonov tayinlangan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari Ozodlikka ushbu xabarni na tasdiqlashni va na izohlashni istashdi.

Toshkent shahar militsiyasidagi o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ichki ishlar xodimlari faoliyatini keskin tanqid qilishidan ko‘p o‘tmay ro‘y bermoqda.

So‘nggi haftalarda turli viloyatlarda militsiya bo‘linmalari rahbarlari almashtirildi.

Yangi boshliq

Ozodlikning ishonchli manbalari bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq, poytaxt militsiyasiga Bahodir Qurbonov boshliq etib tayinlangan.

46 yoshli Qurbonov qariyb ikki yildan buyon O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining muovini vazifasini bajarib kelayotgan edi.

Toshkent shahar militsiyasning endilikda sobiq boshlig‘i Mirsamat Odilov 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan nafaqaga chiqarilgan.

Mirsamat Odilovga 2013 yilda general mayor rutbasi berilgandi.

Rossiyaning Regnum axborot agentligi xabariga ko‘ra, Mirsamat Odilovning ishdan chetlatilishiga militsiya xodimlarining “qoniqarsiz ishlashi sabab bo‘lishi mumkin” .

Agentlikning Ichki ishlar vazirligi vakiliga iqstibosan ma’lum qilishicha, yaqinda O‘zbekiston bosh vaziri militsiya va prokuratura xodimlarini to‘plab, ishdagi kamchiliklar uchun ularning “po‘stagini qoqqandi”.

Qonunsiz militsiya

5 dekabrda O‘bekiston Konstitutsiyasining 23 yilligi munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan yig‘inda chiqish qilgan prezident Islom Karimov mamlakatda ichki ishlar organlari xodimlari ishini tartibga soluvchi maxsus qonun yo‘qligini e’tirof etgandi.

Islom Karimov 2015 yilning dastlabki to‘qqiz oyida aholidan tushgan shikoyatlarning asosiy qismi huquq-tartibot idoralari ustidan ekanini aytgan.

"... 9 oy ichida aholidan amaldorlar, huquq-tartibot idoralari va nazorat organlariga oid tushgan 500 shikoyatning har beshinchisi ichki ishlar xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidandir," deb aytgan O‘zbekiston prezidenti.

Islom Karimov zudlik bilan O‘zbekistonda ichki ishlar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarining vazifasi, xizmat vakolatlarini belgilab beruvchi qonun yaratilishi zarurligini bildirgan.

Kechikkan islohot

O‘z faoliyati doirasida Ichki ishlar vazirligi bilan tez-tez to‘qnash keladigan toshkentlik inson huquqlari faoli Surat Ikromovning Ozodlikka aytishicha, prezident Islom Karimovning tanqidiy chiqishi ortidan rasmiy Toshkent ichki ishlar organlarida islohotni boshlashga qaror qilgan ko‘rinadi.

Uning fikricha, O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlari vakolatlarining o‘ta kengligi, xususan, pasport va viza berish, tergov va qamoqxonalar ustidan nazoratni olib borish kabi vakolatlar, uning aholi osoyishtaligini saqlash va fuqarolar huquqlarini himoya qilish kabi asl vazifasidan chalg‘itmoqda.

Ichki ishlar organlarida islohotlarga bo‘lgan ehtiyoj "ko‘p yillardan beri kuchayib kelayotgandi", deydi Surat Ikromov.

"Yuqoridagi chinovniklar islohotlar o‘tkazish zarurligini prezident bilan gaplashib, hammasini etkazish kerak edi. Lekin hammasi jim o‘tirishga o‘rganib qolgan. Sababi, endi tinchgina o‘tirsa yaxshida, o‘ziga o‘zi ish orttirmasdan. Ko‘plab chinovniklar shu rejimga o‘rganib qolgan. Ularga shu rejim ma’qul," deydi Surat Ikromov.

O‘zbekiston Oliy Majlisi "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlashga 2012 yil noyabrida kirishgandi.

O‘zbekistondagi nashrlar o‘sha payt bu haqda rasmiy xabar tarqatishgan.

Ichki ishlar vazirligining rasmiy vebsayti ham qonunni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilgani haqida xabar bergan edi.

Ammo oradan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tgan esa-da, qonunning taqdiri hamon mavhum qolmoqda.

XS
SM
MD
LG