Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:22

Rossiya chiqarib yuborgan o‘zbekni O‘zbekiston qabul qilmadi


Odam o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun Sibirda jazo o‘tagan va Rossiyadan chiqarib yuborilgan fuqarosini O‘zbekiston qabul qilmadi.

Bu haqda mediakuzbass.ru sayti Rossiya Federal migratsiya xizmatining Kemerevo oblast boshqarmasidan olingan ma’lumotga tayanib xabar qildi.

Tilga olingan boshqarma rasmiy vakili Yevgeniy Nevzorovga ko‘ra, o‘zbekistonlik Kuzbassda jazo o‘tagan va joriy yil avgustida ozodlikka chiqqan.

Mazkur shaxsning 2023 yil avgustigacha Rossiya Federatsiyasi hududida qolishi nomaqbul ekanligi to‘g‘risida Adliya vazirligi qaror chiqargan va uni O‘zbekistonga deportatsiya qilmoqchi bo‘lganlar.

Shu maqsadda O‘zbekiston konsulxonasiga tegishli hujjatlar yuborilgan, lekin O‘zbekiston hokimiyati vakillari deportatsiya qilinajak shaxsning fuqaroligi yo‘qligi to‘g‘risida bayonot berib, uni qabul qilishdan bosh tortgan.

Shu munosabat bilan migratsiya xizmati shaxsga nisbatan readmissiya chorasini qo‘llagan, ya’ni uni Rossiyaga qaysi davlat hududidan kirib kelgan bo‘lsa, o‘sha davlat hududiga chiqarib yuborgan.

mediakuzbass.ru saytining o‘z manbasi aytganlariga tayanib yozishicha, bu joriy yildagi uchinchi readmissiya holati bo‘lib, davlatning deportantni o‘z fuqarosi sifatida qabul qilmagani - birinchi holatdir.

mediakuzbass.ru readmissiya qilingan o‘zbekning ism-familiyasi va uning shaxsiga oid boshqa ma’lumotlarni keltirmadi.

Xabar matnini o‘qish davomida paydo bo‘lgan boshqa savollarga (masalan, nima uchun Adliya vazirligi o‘zbekistonlikning 2023 yilgacha Rossiyada qolishi nomaqbul ekanligi to‘g‘risida qaror chiqargan? Nima uchun aynan 2023 gacha?) ham javob yo‘q.

Ozodlik mavzuga qaytib, o‘z savollariga javob topishga harakat qiladi.

Joriy yil avgustida O‘zbekistonda “jamiyat va davlat manfaatlariga sezilarli ziyon yetkazgan” shaxslarni fuqarolikdan mahrum qilish imkonini beradigan qonun kuchga kirgan.

Bunday imkoniyatni yaratadigan “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunga tuzatish va o‘zgartishlar kiritishga oid qonunni mamlakat prezidenti Islom Karimov 10 avgust kuni imzolagan.

Mazkur qonun 29 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va 6 avgust kuni Senat tomonidan ma’qullangan.

Hujjatga muvofiq, agar o‘zbekistonlik biror shaxs boshqa davlat foydasiga ishlash yoki osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlarni sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga ziyon etkazsa, fuqaroligidan ayrilishi mumkin.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, urush, tajovuzkorlikni tashviq qilish, urush qonunlari va odatlarini buzish, genotsid, chet davlatlarda harbiy xizmatga yollanish, xorijiy davlatda xavfsizlik organlari, politsiya, harbiy yustitsiya va boshqa shu kabi idoralarga ishga kirish, terrorchilik, milliy, irqiy yoki diniy adovat qo‘zg‘ash kabilar osoyishtalik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar bo‘lib hisoblanadi.

Qonun 2015 yil 11 avgustidan kuchga kirgan.

Inson huquqlari himoyachilari fikricha, mazkur qonun shaxsning fundamental huquqlaridan birining qo‘pol tarzda buzadigan hujjatdir.

XS
SM
MD
LG