Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:48

Turkmaniston-2015: Arqadag‘ning oltin haykali, ot uchun rasmiy dafn marosimi, Ginnes kitobiga kirgan xonish


2015 yili Turkmaniston poytaxtida mamlakat prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedovning tilla suvi yugurtirilgan haykali ochildi, Berdimuhammedov yozgani aytilayotgan va 4000 dan ziyod ashulachi jo‘rovoz bo‘lib kuylagan qo‘shiq Ginnes kitobiga kiritildi, Berdimuhammedovning Axaltaka otlarini saqlash va ko‘mishga oid farmoni kuchga kirdi.


Yil boshlandi – manat qadrsizlandi

2015 yil Turkmanistonda milliy valyuta bo‘lmish manatning qadrsizlanishi bilan boshladi. So‘nggi besh yil mobaynida 2 manatu 85 tangadan sotilgan 1 AQSh dollari yangi yilning 1 yanvaridan 3,5 manatga chiqib oldi. Shu tariqa manat devalvatsiyasi 18 foizdan oshiqroqni tashkil qildi.

Ayni paytda Turkmanistonda ko‘pgina mahsulotlar, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasida eng arzon bo‘lgan benzin narxi 60 foizga qimmatladi.

Hukumat narxlar o‘zgarishi yuzasidan hech qanday izoh bergani yo‘q.

Antennalarga hujum

Aprel oyida Ashxobod rasmiylari sun’iy yo‘ldosh antennalariga qarshi urush ochdilar. Turkmaniston poytaxti tashqi ko‘rinishini buzayotgani iddaosi bilan rasmiylar antennalarni olib tashlash talabi aholi orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otdi.

Muxolifatchilar Qurbonquli Berdimuhammedov rejimi Turkmaniston aholisini hozirda faqat sun’iy yo‘ldosh orqaligina ulanish mumkin bo‘lgan yuzlab mustaqil ommaviy axborot vositalari yoyinidan bebahra qoldirmoqchi ekani haqida bong ura boshladi.

Yangi hoqon uchun yap-yangi haykal

May oyi oxirida Ashxobodda Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedovga haykal o‘rnatildi. Haykalning ochilish marosimida Arqadag‘ deb ulug‘lanuvchi Berdimuhammedovning o‘zi ham qatnashdi.

Oltin suvi yugurtirilgan haykal 21 metr balandlikda bo‘lib, u “Arkadag‘ monumenti” deb nomlangan. Unda ot mingan prezident Berdimuhammedov milliy kiyimda, o‘ng qo‘lini yuqoriga ko‘tarib turgan holatda tasvirlangan.

Prezidentning e’tiroziga qaramay, “aholi iltimosiga muvofiq” o‘rnatilgani iddao qilingan haykalning bosh tashabbuschisi turkman parlamenti bo‘ldi.

Qurbonquli Berdimuhammedov Turkmanistonni 2007 yildan beri boshqarib keladi. Bunga qadar Turkmanistonni boshqargan Saparmurod Niyozovning haykallari ham u hali tirik bo‘lgan vaqtda o‘rnatilgan edi. Niyozov "turkmanboshi" sifati bilan ulug‘lanar edi.

Bor, tovog‘im – kel, tovog‘im

Oktyabr oyi boshida Turkmaniston prezidenti Qurbonquli Berdimuhammedov O‘zbekistonga safar qildi.

8 oktyabr kuni Toshkentda uchrashgan Islom Karimov va Gurbanguli Berdimuhamedov “mamlakatlarimiz transchegaraviy daryolar suvidan foydalanish masalasida ham mushtarak pozitsiyaga ega”, deya qayd etishdi. Ikki prezident suv-energiya sohasiga doir masalalar xalqaro huquq printsiplariga asosan, mintaqaning barcha davlatlari manfaatlarini inobatga olgan holda va xalqaro tashkilotlar ishtirokida ko‘rib chiqilishi lozim, deya bayon qilishdi.

O‘zbekiston Tojikistonda Rog‘un GESi va Qirg‘izistonda Qambarota GESi qurilishiga qarshi chiqib keladi. Toshkent rasmiylariga ko‘ra, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi daryolar tabiiy oqimini buzib, Markaziy Osiyoda suv, oziq-ovqat va ekologik xavfsizligi uchun jiddiy muammo keltirib chiqarishi mumkin. Toshkent safari chog‘ida Berdimuhammedov bu borada O‘zbekiston prezidenti bilan hamfikr ekanini namoyish qildi.

Dekabr oyida esa O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov Turkmanistonga safar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif davomida Karimov turkmanistonlik hamkasbi Berdimuhammedov bilan ikki taraflama aloqalarni rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilgan.

Ginnesni qoyil qilgan qo‘shiq

Turkmaniston prezidenti qalamiga mansub ekani iddao qilinadigan “Olg‘a, faqat olg‘a, mening suyukli yurtim - Turkmanistonim” qo‘shig‘i eng ko‘p ashulachi jo‘r bo‘lib aytgan qo‘shiq sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi.

Mazkur qo‘shiq 27 oktyabr kuni Turkmanistonning Mari shahrida kengligi 70 metr, balandligi 35 metr bo‘lgan turkman o‘tovi shaklidagi ulkan kontsert zalida 4166 ashulachi tarafidan ijro etildi. Zalga yig‘ilgan tomoshabinlar ham tik oyoqda qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi.

Qo‘shiqchilar bilan birga bu qo‘shiqni sahnada o‘rnatilgan monitordan Turkmaniston prezidentining o‘zi ham kuyladi.

Ot dafni haqidagi farmon

Noyabr oyida Turkmaniston prezidenti Axaltaka otiga berilgan nomni o‘zgartirishni man qiluvchi farmon imzoladi. Farmonga muvofiq, har bir otning nomi tug‘ilganida shajara daftarida qayd etilganidek qolishi shart. Turkmaniston hukumati esa Turkmaniston milliy ramzi hisoblanmish otlarning geneologik qaydlarini saqlab boradi.

Farmonda har bir Axaltaka oti munosib ravishda ko‘milishi kerakligi, hech bo‘lmasa, ot mahalliy rasmiylar tomonidan belgilangan maxsus joyda va otning o‘limini ro‘yxatga oluvchi rasmiy ishtirokida ko‘milishi zarurligi qayd etib qo‘yilgan.

Talon bo‘lsa, changalda dollar

Dekabr oyida Turkmaniston poytaxtida aholi tomonidan xorij valyutasi sotib olinishi bo‘yicha yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda ashxobodliklar xorij valyutasini sotib olish huquqini beruvchi maxsus talon olish uchun bank oldida 21-22 soatlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqdalar.


Ozodlik radiosi turkman xizmatining xabar qilishicha, ashxobodliklarga berilayotgan talonlarda dollar sotib olish uchun qachon va qaerga kelish lozimligi ko‘rsatib qo‘yilgan. Bunday talonni qo‘lga kiritgan kishilar belgilangan soatda belgilangan bank filiali oldida hozir bo‘lishi lozim. Aks holda, ular valyuta sotib ololmaydi.

Hozir Turkmanistonda AQSh dollari va yevro banklarning bosh idoralarida joylashgan valyuta ayirboshlash shaxobchalarida ham sotilmayapti.

Milliy valyuta yanada qadrsizlanishi mumkinligini taxmin qilgan turkmanistonliklar shu kunda banklarda 3,5 manatdan sotilayotgan AQSh dollarini imkon qadar ko‘proq sotib olishga urinmoqdalar.

XS
SM
MD
LG