Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 21:00

2016 Markaziy Osiyo uchun 2015 dan murakkabroq kelishi kutilmoqda


2015 yil Markaziy Osiyo uchun juda murakkab yil bo‘ldi. 2016 yilda esa, hududda juda ko‘p salbiy hodisalar ro‘y berishi mumkin.

Yakuniga yetayotgan yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari yirik iqtisodiy tanazzulga yo‘liqdi. Afg‘oniston shimolidagi vaziyatning yomonlashgani va Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari “Islomiy davlat” jangari guruhi tug‘diradigan xavf haqida qayg‘ura boshlagani sababli hududda xavfsizlikka doir xavotirlar ko‘paydi.

Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassislarning aksariyati bu qo‘rquvlar bo‘rttirilganiga va ularni bartaraf etish niqobi ostida hududdagi hukumatlar ichki raqiblarini yo‘q qilayotganiga ishonadilar.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Markaziy Osiyo 2015 yilda duchor bo‘lgan muammolar vaqtinchami yoki bu ahvol yana bir necha yilga cho‘ziladimi?

Ozodlik radiosi turkman xizmati Markaziy Osiyoda 2015 yilda sodir bo‘lgan hodisalarni va ular nimalarga olib kelishi mumkinligini muhokama qilish uchun davra suhbati uyushtirdi.

Suhbatda Markaziy Osiyoni yaqindan kuzatib boruvchi mutaxassislar ishtirok etdi.Ozodlik radiosi direktori Muhammad Tohir davra suhbatiga yetakchilik qildi. Suhbatda yana Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati direktori Venera Jumataeva, Ozodlik radiosi tojik xizmati direktori Sojida Ja’farova hamda Ozodlik radiosi o‘zbek xizmati muxbiri Sirojiddin Tolibovlar ishtirok etdi. Men esa (Bryus Pannier – tahr.) Ozodlik radiosi qozoq xizmati nomidan ishtirok etdim.

2015 yilda Markaziy Osiyoda muhim parlament va prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. 1 mart kuni Tojikistonda parlament saylovlari o‘tkazildi. Saylovlar siyosiy plyuralizmga chek qo‘ydi. Ja’farova aytib o‘tganidek, oxirgi 18 yil ichida Tojikiston hukumatida haqiqiy muxolif partiyalar a’zolari bor edi. Ammo 2015 yilgi saylovlar “ikki yirik muxolif partiyani parlamentdagi o‘rinlaridan ayirdi”.

2015 yil o‘z yakuniga yetishidan avval ikki muxolif partiyaning biri bo‘lmish “Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi”ning mamlakatda faoliyat yuritishi sud qarori bilan taqiqlandi.

Keyinroq partiyani noqonuniy ekstremistik guruh deya e’lon qilishdi.

Qirg‘izistonda 4 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovlar esa hududda yil davomida sodir bo‘lgan ijobiy hodisalarning biri bo‘ldi. “Bu Qirg‘izistonda parlament demokratiyasiga, Qirg‘izistonning Markaziy Osiyodagi yagona bo‘lmish yosh parlament tizimiga katta siyosiy shohidlik bo‘ldi”, dedi Jumatayeva.

Saylovlar davomida ayrim kamchiliklar kuzatildi. Bundan tashqari, yangi deputatlar saylovlar keltirib chiqargan umidlarni oqlashlari kerak. Shunday bo‘lsa-da, saylovoldi kampaniyasi Markaziy Osiyo tarixidagi eng yaxshi kampaniya bo‘ldi, deb ayta olamiz.

Qozog‘iston va O‘zbekistonda esa prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev va O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘z mamlakatlariga yetakchilik qilish uchun yangi mandat olishdi. MDHda bu ikkisidan boshqa mustaqillikka erishilganidan beri prezidentlik qilib kelayotgan boshqa yetakchi yo‘q.

Ayrim mutaxassislar bu ikki yetakchi Markaziy Osiyoda boshlanishi kutilgan iqtisodiy tanazzul o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlashidan avval prezidentlikni uzaytirib olishni istaganini aytishdi.

Karimov 29 mart kuni, Nazarboyev esa 26 aprel kuni qayta saylandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikkisi ham 90 foizdan oshiq ovoz to‘plagan.

O‘sha paytda bu ikki mamlakatning iqtisodi qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari iqitosodidek allaqachon qiyin ahvolga tushib qolgan edi. Bunday bo‘lishiga bir necha sabab bor.

Ayrim Markaziy Osiy mamlakatlari asosan Rossiyaga borib ishlaydigan muhojirlar yuboradigan pulga qaramdir. Dunyo bozorlarida neft va gaz narxlarining tushib ketgani hamda Kremlning sharqiy Ukrainadagi aralashuvi ortidan joriy qilingan sanktsiyalar sabab Rossiya pul birligi rubl qadrsizlandi. Bu esa Rossiyadagi millionlab markaziy osiyolik mehnat muhojiriga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

O‘zbekistonning millionlab fuqarosi bir necha yildan beri Rossiyada ishlab topgan pulini uyga jo‘natib keladi. 2013 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga taxminan 6,6 milliard dollar mablag‘ yuborilgan. Tolibov 2015 yilda Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga pul jo‘natish 40 foizga qisqarganini aytdi. Tolibov yana ayrim muhojirlar O‘zbekistonga qaytayotganini, O‘zbekistonda esa ishsizlik darajasi ko‘tarilayotganini qo‘shimcha qildi.

Muhojirlar yuborgan pulga qaram Qirg‘izistonda ham bu muammo kuzatilmoqda. Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari pul birliklari kabi Qirg‘iziston milliy valyutasi - so‘m ham qadrsizlandi. Jumatayeva 2015 yilda narxlar taxminan 50 foizga oshganini, natijada Qirg‘izistondagi qurilish kompaniyalarining yarmi singanini aytdi.

Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi sohasida ahvol yanada og‘irroqdir. Yil boshida 1 dollar 180 Qozog‘iston tangasiga teng edi. Yil yakuniga kelib esa 1 dollar taxminan 330 tangaga teng bo‘ldi.

Qozog‘iston muammolariga mamlakatning asosiy eksporti bo‘lmish neft narxining tushib ketgani va o‘zining ikki yirik savdo hamkori – Rossiya va Xitoyning iqtisodiy muammolari sabab bo‘ldi.

Tabiiy gaz narxining arzonlab ketgani Turkmanistonda ham muammolar keltirib chiqardi. Mamlakatda so‘nggi yillarda ilk marta gaz sektorida ishchilar qisqartirildi. Hatto mamlakat sharqida joylashgan Lebap viloyatida ishchilar namoyishga chiqdi.

Markaziyo Osiyo mamlakatlari uchun janubdagi qo‘shni Afg‘oniston qo‘shimcha muammolarni tug‘dirdi. 2014 yilning oxirida mamlakatdagi xorijiy kuchlar butunlay chiqib ketdi.

Natijada avval nisbatan tinch bo‘lgan shimoliy viloyatlarda zo‘ravonlik ko‘paydi. Tojikistondan uncha olis bo‘lmagan Qunduz shahri sentyabr oyida qisqa muddatga toliblar va xorijiy jangarilar qo‘liga o‘tdi. 2015 yilning so‘nggi oylarida Afg‘oniston g‘arbida sodir bo‘lgan to‘qnashuvar bir necha joyda Turkmaniston chegarasiga yaqinlashdi.

“Islomiy davlat” jangari guruhi ham boshog‘riq bo‘ldi. Markaziy Osiyodan yuzlab odam dunyodagi eng boy jangari guruhga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa ketdi. Ketganlarning asosiy qismi Rossiyada muhojiratda yurganida yollangan. Ammo ayrimlar, jumladan, Tojikiston Ichki ishlar vazirligining maxsus otryadi sobiq qo‘mondoni “Islomiy davlat”ga qo‘shilish uchun Markaziy Osiyodan yo‘lga chiqdi.

2015 yil davomida Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyo hukumatlarini “Islomiy davlat”ning o‘sib borayotgan xavfi haqida ogohlantirdi. Rossiya rasmiylarning bu chaqiriqlari Markaziy Osiyo hukumatlariga moydek yoqdi. Hududdagi hukumatlar diniy radikalizmga qarshi kurashish bilan birgalikda yana mamlakat ichidagi ham dunyoviy, ham diniy raqiblarni yo‘q qilish imkonini beruvchi qonun va choralarni joriy qilishi uchun birovning maslahatiga zor emas edi.

Bryus Pannier

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG