Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:37

Turkiya Rossiya propagandasining yangi nishoniga aylandi


Rossiya ommaviy axborot vositalari yangi “dushman” izlab topdi. Rus propagandasi Ukraina va AQShni o‘z sahifalariyu tok-shoularida kamroq tanqid qilayotgani natija bermoqda, ko‘rinadi. “Medialogiya” kompaniyasi so‘roviga ko‘ra, keyingi oylarda ruslar o‘zlarining asosiy dushmani sifatida Turkiyani tanlagani ma’lum bo‘ldi. Ruslarning turklarga bo‘lgan dushmanlik kayfiyati hatto terrorchi IShIDdan ham oshib o‘tgani qayd etildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining Ukraina va AQShni kamroq yodga olishi rus jamiyatida “dushmanlik vektori” o‘zgarishiga olib keldi.

“Medialogiya” kompaniyasi oxirgi bir yilda olib borgan kuzatuv xulosalaridan aniqlanishicha, 2015 yilning so‘nggi 9 oyi davomida rus ommaviy axborot vositalari 1- raqamli dushman deb Ukraina, 2- raqamli dushman sifatida esa AQShni hisoblab kelganini qayd etgan. Bu vaqtda Rossiya gazeta, radio, televideniesi va Internet bloglarida AQSh bilan qiyoslaganda Ukraina o‘rtacha hisobda 1,5 barobar ko‘proq “dushman” deb atalgan.

Ayni paytda, tadqiqot mualliflari yil davomida bu ikki mamlakatga nisbatan “dushmanlik kayfiyati” so‘nib borganini ham aniqladi.

Ukrainlarga bo‘lgan salbiy munosabat rus aholisida 2014 yildagi Ukraina prezidenti saylovidan keyin susaygani ma’lum qilindi. 2015 yil oxirlariga kelib Rossiya OAVi Ukraina hukumatini “nolegitim” va “o‘zini-o‘zi saylagan” deb nomlashni bas qildi. Bundan tashqari, mahalliy xabarlarda “banderachi”, “fashistlar”, “ukroplar” kabi ukrainlarga nisbatan berilib kelgan ta’riflar yo‘qoldi.

2015 yilning 24 noyabrida Suriya hududida Rossiyaning Su-24M bombardimonchi uchog‘i urib tushirilganidan keyin mahalliy va federal telekanallar va Internet sahifalarida yangi dushman obrazi yaratildi. Agarda bungacha “Turkiya davlati” iborasi “terrorchilik” so‘zi bilan birgalikda haftasiga atigi 20 marotaba ishlatilgan bo‘lsa, 24 noyabrdan keyin “Turkiya va terrorchilik” iborsi ishlatilgan xabarlar 150 taga etdi.

Yil boshida Rossiya matbuoti va blogosferasida ukrain hukumati “xunta”, deb o‘rtacha 2,5 ming marotaba tilga olingan bo‘lsa, yil oxirida bu ko‘rsatkich 1,3 mingtaga tushgani qayd etildi.

Aynan shu davrdan va prezident Vladimir Putinning keskin nutqidan keyin Turkiya davlatiga Rossiyada “IShID homiysi” yorlig‘i yopishtirildi.

- Bugungi yo‘qotish bizga terrorchilarga ko‘maklashuvchilar tomonidan ortimizdan berilgan zarba natijasidir. Uchog‘imiz Suriya ustida Turkiyaning F-16 uchog‘i tomonidan urib tushirildi. Biz Turkiya hududida IShID bosib olgan yerlardan katta miqdorda neft va neft mahsulotlari olib kirilayotganini qayd etayotgandik. Bu pullar banditlarga sarflanayotgan edi. Bugungi hodisa Rossiya-Turkiya munosabatlari jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, degan edi Turkiya davlati va aholisiga nisbatan "sazoyi qilish" kampaniyasini boshlab bergan Vladimir Putin

Rus telekanallari va matbuot nashrlari Turkiyani qoralash haqida “yuqoridan” biror buyruq tushganini inkor etib kelayotgan bo‘lsada, uchoq urib tushirilganidan keyin mahalliy telekanallarda turklarga qarshi sanoqsiz telesyujetlar va tok-shoular tashkillashtirildi.

Buning ortidan Internetning rus segmentini Turkiyani qoralovchi memlar, hajviy karikaturalar, haqoratli plakat-posterlar va izohlar to‘ldirib yubordi. Rossiya poytaxtidagi elchixona vandallar hujumiga uchradi, mamlakatning turli joylarida turk firmalari va oshxonalari jismoniy va ruhiy bosim ostida qoldi, turk millatiga mansub shaxslarga ochiqdan-ochiq tahdidlar bo‘ldi. Rossiya bilan chegarada minglab yuk mashinalari birdan tekshiruvlarga uchradi, Rossiyadagi turk firmalarini soliq va boshqa nazorat idoralari bosdi, turk talabalari Rossiya oliy o‘quv yurtlaridan sababsiz chetlatildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyaliklarni Turkiyaga sayohat qilmaslikka chaqirdi, Kreml o‘zining janubiy qo‘shnisi va shu paytgacha eng asosiy ittifoqchisi bo‘lgan davlatga nisbatan iqtisodiy-moliyaviy sanksiyalarni joriy qildi.

VTsIOM dekabrda o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 73 foiz rossiyalikning so‘nggi bir oy davomida Turkiyaga nisbatan munosabati keskin salbiy tomonga o‘zgargan.

Mana shunday kayfiyat hukm surayotgan Rossiya jamiyatida o‘z-o‘zidan Ukraina “xoxollariyu banderachilari” hamda Amerika “pindoslari”ga nafrati yo‘qola bordi. Bu tendensiyaga hatto Ukrainadagi qrim tatarlarining Qrim yarimorolini qamalga olishi va elektr tokini o‘zib tashlashi to‘sqinlik qila olmadi.

Ta’kidlash zarurki, Ukrainaga nisbatan Rossiya OAVidagi “nafrat kayfiyati” 2015 yilning aprel oyida eng yuqori nuqtasiga yetkazilgan edi: o‘shanda Rossiya telekanallarida oyiga kamida 70 marotaba Ukraina “dushman” deb atalgan edi.

Shu tariqa, tez vaqt ichida mediapropaganda kuchi bilan Turkiya hukumati va aholisi Rossiyaning asosiy “raqibi va dushmani”ga aylandi. Bugunga kelib bunday dushmanlik kayfiyati rossiyaliklarda hatto IShIDga nisbatan yo‘qligi ma’lum.

Vaholanki, Turkiya-Rossiya o‘rtasidagi mojaro boshlanmasdan oldin Rossiya hukumat jurnalistlari asosiy dushman sifatida “IShID, Islom Davlati”ni tanlagan edi va Bashar Asadga qarshi kurashuvchi har qaysi kuchga qarshi Rossiya axborot vositalari “axborot urushini” ochgandi.

XS
SM
MD
LG