Линклар

*Ozodlik joriy yilda o‘zbekistonliklar orasida eng ommabop tarmoqlarning barchasida o‘z sahifasiga ega bo‘ldi. Bizni Feysbuk, Twitter, Odnoklassniki, Instagram, Moy Mirdan izlang!

*Muxlislarimizning tarmoqlardagi faolligi ushbu yilda ancha oshdi. Odnoklassnikidagi “ozodlikchilar” 370 mingga yaqinlashdi, Facebookda esa 200 mingdan oshdi.

*Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan voqealar beshligi. Tarmoqlarni “portlatgan” Shayx o‘limi va trendga kirmagan prezident saylovi.

O‘zbekistonda Internet tezligi o‘ta nochorligi va hukumat cheklovlariga qaramay, o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi kun sayin oshib borayapti. Bu faollik Ozodlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham kuzatilmoqda.

Ozodlik joriy yilda o‘zbekistonliklar orasida mashhur bo‘lgan barcha ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifasini ochdi. Feysbuk, Twitter, Odnoklassnikidan tashqari ushbu yilda Instagram va Moy Mir tarmoqlarida ham Ozodlik sahifalari tashkil qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlar so‘z erkinligi mutlaqo bo‘g‘ilgan O‘zbekistonda bugungi kunda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar borasida o‘z fikrini erkin bildirish va hukumatga qarshi muxolif fikr aytish uchun asosiy sahnaga aylanayapti.

“Arab bahori” qo‘zg‘olonlaridan keyin yanada ommalashgan ijtimoiy tarmoqlar oddiy “gurungxona”dan bugungi kunda jiddiy suhbatlar va siyosiy bahslar maydoniga aylandi.

Matbuot bo‘g‘ilgan O‘zbekistonda paydo bo‘lgan axborot bo‘shlig‘ini hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar to‘ldirayapti.

Bugungi kunda www.ozodlik.org to‘sib qo‘yilgani bois o‘zbekistonliklar Ozodlik maqolalarini asosan ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatish imkoniga ega.

Odnodagi 370 ming va FBdagi 200 ming "ozodlikchi"

Dunyo bo‘yicha eng mashhur tarmoqqa aylangan va bugungi kunda 1 milliarddan ziyod foydalanuvchisi bo‘lgan Feysbukdagi Ozodlik sahifasi a’zolari soni 200 mingdan oshdi.

Feysbuk o‘zining ommabopligi bilan ijtimoiy tarmoqlar orasida birinchilikni qo‘ldan bermay kelayapti. Ushbu tarmoqda har minutda bir milliondan ortiq Internet sahifasiga oid linklar qo‘yiladi.

Har soatda Feysbuk orqali 4,5 million odam turli tadbirlarga taklifnomalar oladi.

Tarmoq foydalanuvchilarining yarmi o‘z sahifasiga hech bo‘lmaganda bir kunda bir marta kiradi. Har daqiqada Feysbuk tarmog‘i vositasida yuz ming odam do‘stlashadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik "o‘tiradi". Ularning 370 mingga yaqini esa Ozodlik muxlislaridir.

Joriy yilda Ozodlik Instagram va Moy Mir tarmoqlarida ham o‘z sahifalarini ochdi, bugungi kunda ushbu tarmoqlardagi sahifalarimiz a’zolari ham kun sayin ko‘payapti.

Tarmoqlarni “portlatgan” Shayx o‘limi va trendga kirmagan prezident saylovi

Joriy yilda ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan va bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan, trendga aylangan voqealarni saralashda Ozodlikning zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha mutaxasisi To‘lqin Umaraliyevga murojaat qildik.

Umaraliyevga ko‘ra, suriyalik uch yashar bolakayning o‘lik holda dengiz sohilidan topilishi va uning surati ijtimoiy tarmoq yuzerlariga qattiq ta’sir ko‘rsatgan.

Turli agentliklar tarqatgan suratda asli Suriya-Turkiya chegarasidagi Kobani shahridan bo‘lgan Aylan Kurdiyning sohilda yotgani aks etgandi.

Aylan akasi va onasi bilan birga Yunoniston hududiga qayiqda o‘tayotgan paytda cho‘kib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, taniqli ulamo Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning vafoti haqida na rasmiy matbuot va na teleradiokanallar xabar bergani yo‘q. Lekin Shayx o‘limi ijtimoiy tarmoqlarda portlash darajasiga yetdi.

Joriy yilda tarmoqlarda ko‘p muhokama qilingan boshqa voqealar haqida Umaraliyev bilan suhbatda tanishasiz:

To‘lqin Umaraliyev bilan suhbat

Tarmoqlarni to‘sishga urinishlar

Yil boshida O‘zbekiston hukumati ijtimoiy tarmoqlardan xuddi Arab davlatlaridagi singari norozilik va namoyishlar keltirib chiqaruvchi omil sifatida hayiqqan bo‘lsa, yil oxiriga kelib tarmoqlar rasmiy Toshkent uchun IShID xavfi sifatida ko‘rilayapti.

Keyingi yarim yil mobaynida hukumatning ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha nazoratni kuchaytirgani kuzatilayapti.

O‘zbekiston rasmiy matbuoti va televideniesi Feysbuk, Twitter va Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarni qoralovchi materiallarni berib kelayapti. Davlat televideniesi hatto ijtimoiy tarmoqlarni "atom bombasi"ga tenglashtirgan.

Tarmoqlarni cheklash urinishlari oqibatida ta’lim muassasalari - maktab, litsey, kollej va oliy ta’lim dargohlarida uyali telefon, noutbuk va tabletlardan foydalanish cheklangan.

O‘zbekiston hukumatining maxsus nizomiga ko‘ra, ta’lim dargohlarida uyali telefonni cho‘ntakda olib yurish yoki bo‘yinga osib olish qat’iyan man qilingan.

O‘zbekistonda ko‘plab saytlarga to‘siq qo‘yilgani bois Toshkent hukumati xalqaro tashkilotlar tarafidan Internet dushmanlari qatoriga qo‘yilgan.

Mamlakatda Internet, ayniqsa UZ milliy zonasida ro‘yxatdan o‘tgan domenlar qattiq nazorat ostiga olingani aytiladi.

Joriy yilda Skayp, Viber, Telegram kabi messenjerlar aloqasida muntazam muammo kuzatildi.

Nomi tilga olingan messenjerlar O‘zbekistonda keyingi yillarda axborot almashinuvning asosiy manbai sifatida juda ommaviylashib ketdi.

Mustaqil Internet nashrlarini blok qilgan O‘zbekiston hukumatining profilaktika bahonasida, oxir-oqibat, mobil messenjerlarni ham cheklashidan xavotir bildirilmoqda.

Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik hizmati WatsApp, Viber va Telegram kabi messenjerlar trafigini jilovlash uchun o‘tgan yili Isroildan maxsus josuslik dasturlarini sotib olgan va MXXning to‘rt xodimi xorijda maxsus trening o‘tab ham qaytgan.

Vikiliks veb sahifasi tomonidan chop etilgan hujjatlardan ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston hukumati josuslik dasturlarini sotib olish va MXXning to‘rt xodimini shu dastur bo‘yicha treningdan o‘tkazish uchun yarim million dollardan ziyod pul sarflagan.

XS
SM
MD
LG