Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:54

Qozog‘iston-2015: Amalga oshmagan va’da, qadrsiz tanga, Yevropa sari yo‘l


Nursulton Nazarboev aprel oyida o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng tanganing dollarga nisbatan qiymati ushlab turilishini va’da qilganiga qaramay, avgust oyida qozoq milliy valyutasi bir kun ichida 30 foizga arzonladi. Bu 2015 yilda nafaqat qozog‘istonliklar, balki o‘zbekistonliklar hayotiga ta’sir ko‘rsatgan muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Qozog‘iston prezidentligiga navbatdan tashqari saylov

2015 yilning 26 aprelida Qozog‘istonda o‘tkazilgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovi, kuzatuvchilar bashorat qilganiday, 1989 yildan beri respublikani boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboevning hokimiyatini mustahkamlashga xizmat qildi.

Rasman e’lon qilingan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Nazarboevning hokimiyatda qolishi uchun saylovchilarning 97,5 foizi ovoz berdi. Saylovda saylovchilarning 95 foizdan ko‘prog‘i ishtirok etgan. Bu esa Qozog‘iston yangi tarixidagi rekord sifatida e’lon qilindi.

Nazarboev 29 aprel kuni yangi eski prezident sifatida qasamyod keltirar ekan, qozog‘istonliklarga bir qator va’dalarni berdi. Bu va’dalar orasida qozoq tangasi qadrining dollarga nisbatan tushib ketmasligiga yo‘l qo‘ymaslik va’dasi ham bor edi:

- Men Qozog‘iston xalqiga yana bir bor ta’kidlayman: biz hech narsani yashirmaymiz. Qiyinchiliklar bo‘lsa, xalq bilan birga shu qiynchiliklarga bardosh beramiz. Hech narsaga javob bermaydigan, faqat tili bilan ishlaydiganlarga ishonmang Tanganing qadrsizlanishi uchun hech qanday omillar yo‘q. Har hil mish-mishlarga emas, rasmiylarga ishonish kerak, -degan edi Nazarboev.

Tanganing qadri pastga sho‘ng‘idi

Biroq Nazarboevning bu va’dasidan to‘rt oy o‘tar o‘tmas Qozog‘iston valyuta koridoridan voz kechib, milliy valyutasini erkin tebranuvchi kursga o‘tkazishi ortidan tanga dollarga nisbatan 30 foizga arzonladi.

Qozog‘iston erkin tebranuvchi kursga o‘tishi haqida mamlakat bosh vaziri Karim Masimov 20 avgust kuni Ostonada bo‘lib o‘tgan hukumat selektor majlisida e’lon qildi.

- Qozog‘iston Milliy banki va hukumati 2015 yil 20 avgustidan inflyatsiyaga qarab ish ko‘rishga asoslangan yangi pul-kredit siyosatini amalga oshira boshlash, valyuta koridorini bekor qilish va erkin tebranuvchi kursga o‘tish haqida qaror qabul qildi. Pul almashtirish kursining o‘zgarishi susayish tomonga ham ketishi mumkin, kuchayish tomonga ham. Buni jahon iqtisodiyotidagi va ichki valyuta bozoridagi vaziyat belgilab beradi, - dedi Karim Masimov.

Bu xabar ortidan Qozog‘iston fond birjasi ertalabki sessiyasida 1 AQSh dollari narxi 255,26 tangaga chiqib ketdi. Bu esa avvalgi kursdan 66,88 tangaga yuqori edi. Shu tariqa Qozog‘iston milliy valyutasi bir kunda taqriban 30 foizga “arzonladi”.

Tajribadan ma’lumki, Qozog‘iston va Rossiyada milliy valyuta qadrining tushishi O‘zbekistonga ham bilvosita ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, Qozog‘iston Migratsiya politsiyasi departamentiga ko‘ra, 2015 yilining 8 oyi davomida mamlakat ichki ishlar organlari tomonidan jismoniy shaxslar qo‘lida ishlash uchun 103 ming chet ellikka ruxsatnoma berilgan. Ularning 97 minggi o‘zbekistonlikdir.

Qozog‘istonda ishlayotgan mehnat muhojirlaridan biri avvalroq Ozodlik bilan suhbatda tanga kursining AQSh dollariga nisbatan pasayishi Qozog‘istondagi o‘zbek muhojirlar uchun zararli ekanini, boisi bu muhojirlar oilasiga jo‘natayotgan pulning ozayishiga sabab bo‘lishini aytgandi.

Aydan Aimbetovning kosmosga parvozi

2015 yilda Qozog‘iston uchun muhim voqealardan biri qozoq fazogiri Aydin Aimbetovning xalqaro kosmik kemada koinotga parvoz qilgani bo‘ldi.

Aydin Aimbetov Qozog‘istondan kosmosga uchgan ikkinchi qozoqdir.. Bundan avval SSSR davrida 1991 yilda qozoq To‘qtar Abubakirov koinotga parvoz qilgan edi.

Qizig‘i shundaki, To‘qtar Abubakirov SSSRning yetmish ikkinchi va so‘nggi kosmonavti edi. Aydin Aimbetov esa mutsaqillikdan so‘ng Qozog‘iston nomidan kosmosga uchgan birinchi qozoq, biroq dunyoning 545 –fazogiri bo‘ldi.

Aydin Aimbetovning koinotga safarini Qozog‘istondagi barcha ommaviy axborot vositalari kundalik ravishda, keng miqyosda yoritib bordi. Qozoq telekanallari Aydinning bundan o‘n yil oldingi telesyujetlardan birida aytgan gaplarini topib,namoyish etdilar.


Aydin Aimbetov 2015 yilning 2 sentyabridan 12 sentyabrigacha koinotda bo‘ldi. U koinotda “Dasturxon-6” deb nomlangan bir qator ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazdi.

Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi aloqalarni yaqinlashtirish bitimini imzoladi

21 dekabr kuni Otstonada Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni yaqinlashtirish bitimini imzoladi. Bitimga Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisov va Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini qo‘l qo‘ydi.

Ostona va Bryussel bitimga erishishga qaratilgan to‘rt yillik muzokaralarni o‘tgan yili yakunlagan edi. YeI Markaziy Osiyoda iqtisodi eng yirik bo‘lgan Qozog‘iston bilan hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirib kelgan.

Bitimda tomonlar 29 sohada hamkorlikni yaqinlashtirishi nazarda tutilgan. Ular orasida hududiy xavfsizlik, qurolsizlanish va savdo-iqtisodiy aloqalar ham bor.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni yaqinlashtirish bitimini imzoladi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Erlan Idrisovning yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirishicha, Qozog‘iston bilan Yevropa Ittifoqining o‘zaro tovar ayriboshlashi bir yilda 50 milliard dollardan oshib ketgan.

Qiyoslash uchun aytib o‘tish joizki, Erlan Idrisov 2015 yilda Qozog‘iston boshqa davlatlar bilan 60 milliard dollarlik shartnomalarni imzolagan.

XS
SM
MD
LG