Линклар

Jizzaxlik fermer, asli millati armani bo‘lgan Aramais Avakyan IShIDga xayrxohlikda gumon qilinib, 4 sentyabrdan beri hibsda qolmoqda. Ammo yaqinlari 33 yashar Avakyanning hibsga olinishiga uning fermerlik faoliyati sabab bo‘lganini aytishadi. Yaqinlari uning tergov davomida qiynoqqa tutilayotganini aytishmoqda.

“Erimni tergov paytida o‘ldirishgan bo‘lsa kerak, keltirgan oziq-ovqat va dori-darmonlarni ham qabul qilmay qo‘yishdi”, dedi Ozodlik bilan suhbatda mahbusning xotini Shirin Tursunova.

Jizzax huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasi Aramais Avakyanning o‘lmagani, ammo tergov paytida “stuldan yiqilib, mayib” bo‘lganini aytdi.

“Aramais Avakyan va uning 4 nafar sherigi “O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish” (O‘zb.JK 159-modda) va “Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish” (O‘zb.JK 244-modda) kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, sudgacha ehtiyot sharti bilan, hibsda qolmoqda. Avakyan bundan tashqari 169-modda, ya’ni “o‘g‘irlik” bo‘yicha ham ayblanmoqda. Tergovni avvaliga Dilmurod Bolbekov ismli tergovchi olib borgan¸ Sherzod Holov esa tugatib sudga topshirgan. Tergov 7 dekabrda tugadi¸ mahbuslar sudni kutishyapti", dedi Ozodlik manbasi.

Uning ta’kidlashicha¸ Aramais Avakyan va uning to‘rt nafar sherigi ustidan ochilgan jinoiy ishni Jizzax viloyati bosh prokurori Baxtiyor Abdullaevning shaxsan o‘zi nazorat qilmoqda.

Avakyanni so‘roq qilgan Sherzod Holovga yaqin manbaning aytishicha¸ mahbuslar¸ xususan, Avakyanning “IShIDga hayrxohligi” undan musodara qilingan telefondan yuborilgan SMS xabarnomasida aks etgan.

Tergovchiga yaqin manbalar Aramais Avakyanning soqol qo‘yganini ham IShIDga hayrxohlik deya malakalashgan.

Ozodlik bu rasmiy aybnomalarni o‘rganish asosida bir necha ziddiyatlar mavjudligini aniqladi.

“Nasroniy erimni radikal musulmonga chiqarishdi”

Ozodlik bilan suhbatda mahbusning xotini Shirin Tursunova eriga qo‘yilayotgan ayblar to‘qima ekanligiga e’tibor qaratdi.

"Erim nasroniy edi. Omin qilishni ham bilmasdi. Unga to‘hmat qilib, islomiy ekstremist, degan aybni yuklashmoqchi. Soqol qo‘ygani masalasiga kelsak, armanilarda odat bor: yaqinlari o‘lganida 40 kun soqolni olmay yurishadi. Erim ukasi o‘lganda va bobosi olamdan o‘tganda shu odatga rioya qilib, soqolini olmay yurgandi¸ deydi suhbatdosh.

Aramais Avakyanni so‘roq qilgan Sherzod Holovga yaqin manbaning aytishicha¸ mahkum Avakyan Shirin Tursunovaga uylangan payti Islomni qabul qilgani haqida nikoh o‘qigan imom ko‘rsatma bergan.

Shirin Tursunova esa buning g‘irt uydirma ekanini ta’kidlaydi.

“G‘irt yolg‘onku bu. Bizga nikoh o‘qigan imom ikki yil oldin olamdan o‘tib ketgan. Ayblov xulosasida go‘yo meni nomimdan ham shunaqa gaplar yozilgan. Bu g‘irt yolg‘on”, deydi Shirin Tursunova.

Shirin Tursunova bilan suhbat

Jihod haqidagi SMS

Avakyanni so‘roq qilgan Sherzod Holovga yaqin manbaning aytishicha¸ tergov tasarrufida ayblanuvchilar tarafidan yuborilgan SMSlar mazmuni “jihodga ketish” haqida bo‘lgan.

“Bu SMSlar ularga qarshi asosiy dalil isbotdir”, dedi Ozodlik manbasi.

Avakyan boshiga tushgan mojarolar haqida bir necha maqola yozgan asli jizzaxlik va hozir Kanadada istiqomat qiladigan jurnalist Ulug‘bek Haydarovga ko‘ra “jihod haqidagi SMS MXX turmasidan yuborilgan”.

“Avakyan 4 sentyabr kuni¸ uning sheriklaridan biri esa 3 sentyabr kuni yo‘qolib qolgandi. Yo‘qolgan yigitlarning yaqinlari 40 kun davomida Ichki ishlar va MXX xodimlari bilan birgalikda farzandlarini qidirib yurgan kezda, g‘oyib bo‘lgan yigitlardan “Biz Qozog‘istondamiz. Shu erdan jihodga ketamiz. Bizdan rozi bo‘linglar”, mazmunidagi SMSlar keldi. Bunday SMSga yo‘qolib qolgan yigitlarning yaqinlari ishonmagan va qidiruvda davom etgan. Oradan 40 kun o‘tgach, ya’ni 14 oktyabr kuni, yigitlarning barchasi viloyat Milliy Xavfsizlik Xizmati hibsxonasida ekani ma’lum bo‘ldi”, deydi Ulug‘bek Haydarov.

O‘g‘irlangan yigitlarning oila a’zolari, viloyat MXX tergovchisi Dilmurod Bolbekov imzosi bilan, “Farzandingiz 4 sentyabr kuni hibsga olingan” mazmunidagi bildiruvnoma olishgan.

SMSlar yuborilgan kuni esa 5 sentyabr ekani yuzaga chiqdi. Ulug‘bek Haydarov o‘z jurnalistik surishtiruvi asnosida bu SMS maktublarni SNB xodimlari yuborgan degan hulosaga keldi:

“Nega endi 4 sentyabr kuni hibsga olinganlarni 40 kun davomida MXX va militsiya ularning ota-onalari bilan birgalikda qidirdi? Qanday qilib, bu yigitlar hibsxonadan turib, ota-onasiga qozoq telefon nomerlaridan “Biz jihodga ketdik” degan SMS yo‘llashadi? Bu savollar xozirgacha javobsiz qolayapti”, deydi Ulug‘beki Haydarov.

Sazoyi qilinganlar

Qamalganlarning yaqinlari sud bo‘lmasdan turib mahallada sazoyi qilindi.

14 dekabr kuni Jizzax shahrining Bobur maxallasida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida mahalla raisi hali ustidan sud humi o‘qilmagan Aramais Avakyanni “IShIDchi va terrorchi”, deb atagan va MXXdan kelgan maktubni o‘qib bergan.

Maktubda Aramais Avakyan va uning 4 nafar o‘rtog‘i, O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darib tashlamoqchi bo‘lgani, bundan tashqari “bir militsiya xodimini o‘ldirib, murdani baliq hovuziga tashlab yuborgani”, bayon etilgan.

Bu majlisda qatnashgan Aramaisning rafiqasi Shirin Tursunova Ozodlik bilan suhbatda, maktubda yozilgan jinoyatlarni eri qilmagani, maktub quruq tuxmat va bo‘xtondan iborat ekanini baland ovozda bildirmoqchi bo‘lgani¸ biroq mahalla oqsoqollari uning gapirishiga imkon bermaganini aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ mahalla oqsoqoli o‘qib bergan MXX idorasidan kelgan maktub so‘ngida bundan buyon mahalladagi yoshlarning Aramais va uning sheriklari kabi jinoyat yo‘lini tutmasliklari uchun keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borish kerakligi ta’kidlangan.

Ushbu voqealarni o‘rgangan jurnalist Ulug‘bek Haydarov yig‘ilish bo‘lib o‘tgan “Bobur” mahalla kengashidagi fuqarolardan biri bilan gaplashganini aytadi:

“Menga aytishicha, yig‘ilishda hamma jim o‘tirgan. MXXdan kelgan maktub esa xuddi sud hukmi kabi o‘qib berilgan. Odamni etini junjuktiradigan jinoyatlar birma-bir sanab o‘tilgan va aybsizlik prezumptsiyasiga zid tarzda Furqat, Akmal, Aramais, Temur va Dilshod degan bolalar ana shu jinoyatlarni ijrochisi, deb aytilgan. Bu xuddi Stalin davri qatag‘onlarini eslatmaydi-mi?” deydi Ulug‘bek Haydarov.

U “Bobur” mahalla fuqaolari yig‘ini va MXX mulozimlarinig o‘zi qonunni oyoq osti qilganini aytadi.

“O‘zbekiston Bosh qomusining 26-moddasida shunday deyilgan: “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha, u aybdor hisoblanmaydi”. Shundan kelib chiqsak, mulozimlar konstitutsiyani oyoq osti qilib, aybsiz odamlarni sazoyi qilmoqda”, deydi suhbatdosh.

Ruhiy bosim

Hibsda saqlanayotgan Aramais Avakyanning rafiqasi Shirin Tursunova Ozodlik bilan suhbatda¸ hali 1 yoshga to‘lmagan farzandini quchog‘iga olib kunora viloyat MXX va Ichki ishlar bo‘limiga qatnasa ham, eri bilan uchrashtirilmaganini aytadi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Avakyanning advokati Laylo Abdullaevaga hibsga olinganlar bilan uchrashish imkoni berilgan.

Shirin Tursinovaning aytishicha¸ advokatning tergov izolyatoridan olib chiqqan xabari qo‘rqinchli bo‘lgan.

“Erim oqsoqlanib yuribdi ekan. Badanlarida ko‘kargan va momataloq bo‘lgan joylar bor, dedi. Ishqilib, o‘lmagan bo‘lsa bo‘ldi”, deydi suhbatdosh.

Hokim nazariga tushgan hovuz nizosi

Hibsga olingan Avakyanning turmush o‘rtog‘iga ko‘ra¸ hammasi Paxtakor tumanida yashaydigan Aramais Avakyanning baliq hovuzidan boshlangan.

“Hozir qamoqqa olingan Furqat Jo‘raev, Akmal, Temur ismli yigitlar Aramaisning baliq hovuzida birga ishlashgan. Dilshod Alimov esa ijaraga olingan Neksiya avtomashinasida Aramais va uning brigadasidagi yigitlarning xizmatini qilib yurgan. Hovuz masalasida hokim bilan chiqqan nizo kattayib ketdi”, deydi suhbatdosh.

Fermer Aramais Avakyan bundan ikki yil avval Paxtakor tumanida ikkita xovuz ochib, u yerda baliq xo‘jaligi tashkil qiladi.

Tadbirkor hovuzni tozalatirib, Chinoz tumanidan mayda baliq urug‘larini keltirib, baliq yetishtirish bilan shug‘ullangan.

Ikki yil o‘tib hovuzdagi baliqlar kattayib ko‘payib ketgan paytda hokim bilan fermer o‘rtasida nizo chiqadi, deydi voqeani o‘rgangan Ulug‘bek Haydarov.

Ikki hovuzda taxminan 70-80 tonna baliq yetishtirilgan. Fermer Aramais Avakyan baliqlarni sotishni boshlamoqchi bo‘lganida hokim bilan nizolashadi. Menga aytishlaricha, Paxtakor tumani xokimi Sobir Qarshiboev katta foyda keltirishi aniq bo‘lgan hovuzni o‘zining yaqinlaridan biriga olib bermoqchi bo‘lgan. Hokim va Aramais o‘rtasidagi suhbat janjal bilan tugagan. Bilishimcha, hokim Aramaisga “Seni turmada chiritaman!” deb baqirganini odamlar eshitgan”, deydi Ulug‘bek Haydarov.

Ozodlikning Jizzah huquq-tartibot organlaridagi manbasi Aramais Avakyan ustidan sud kelasi yilga qoldirilganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG