Линклар

Qarshida 13 nafar militsiya xodimi pora olish, qiynoq va asossiz ravishda hibsda ushlab turish kabi 11jinoyatda aybdor deb topilib, uzoq yillik qamoq muddatlariga hukm qilindi. Ozodlik radiosi mobil muxbirlarining xabar berishicha, Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlariga nisbatan sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan.

Ozodlik radiosi mobil muxbirlarining xabar berishicha, Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlariga nisbatan hukm 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyat Muborak tuman sudi tomonidan o‘qilgan.

Sud Qarshi shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i Akmal Qultoyevni 11 yilga, tezkor vakillar Jasur Almardonov hamda Jahongir Nazarovni 10 yilu 3 oyga, jinoyat qidiruv bo‘limining 5 nafar xodimini 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Qarshi shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limining yana 5 nafar xodimi 3 yillik ahloq tuzatish, militsiya xodimlariga turli jinoyatlarda ko‘maklashgan 2 nafar fuqaro 2,5 yildan axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi.

Sud hukmiga asosan militsiya xodimlari jazo muddatlarini umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘taydi. Ozodlik radiosi mobil muxbirlarining xabar berishicha, Qarshi shahar ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlariga nisbatan sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan.

Jinoyat ishi materillariga ko‘ra, militsiya xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining guvohlik berishga majburlash, tovlamachilik, mansab soxtakorligi, pora olish, pora berish, qiynoq, asossiz hibsda ushlab turish va jinoiy uyushma tashkil qilish singari 11 moddasi bilan ayblangan.

Sudlanuvchilardan birining nomi sir qolishini istagan advokati militsiya xodimlarining javobgarlikka tortilishi hamda mahkamaga asos bo‘lgan voqealar xronikasini quyidagicha gapirib berdi:

“Shu yilning sentyabr oyi boshlarida Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida yashovchi fuqaro Rossiyada ishlayotgan o‘g‘lidan Qarshidagi bank pul o‘tkazmasi orqali 400 AQSh dollari miqdorida pul olgan. Bank muassasasi oldida fuqaroning pul olganini ko‘rgan, muqaddam 4 marta o‘g‘irlik va talonchilik jinoyati bilan sudlangan “G‘ilay” laqabli shaxs uni “Umida” choyxonasida qo‘rqitib, pulini tortib olgan. Fuqaroning Qarshi shahar IIBga murojaatidan so‘ng jinoyat qidiruv bo‘limining xodimlari jinoyatchini tutib, bo‘limda yuzlashtirish o‘tkazishgan. Gumondor aybini tan olganiga qaramay, militsiya xodimlari uni avval urishgan, so‘ng orqa chiqaruv teshigiga dubinka tiqishgan”, deydi advokat.

Advokatning ta’kidicha, Qarshi shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limining tezkor vakili, sudlanuvchi Jasur Almardonovdan tashqari boshqa sudlanuvchilarning aybi xizmat tekshiruv natijalari, tibbiy ekspertiza xulosalari, jinoyat joyidan olingan daliliy ashyolar hamda guvohlarning ko‘rsatmalari orqali to‘la tasdiqlangan.

Guvohlar hamda jabrlanuvchi qiynoq va so‘roq jarayonlarida Almardonovni ko‘rishmaganini, unga da’vosi yo‘qligini ta’kidlashgan, ammo sud buni e’tiborga olmagan.

“Mahkama to‘liq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va prokuraturaning nazoratida olib borildi. Bilishimizcha, militsiya xodimlarini javobgarlikka tortish MXXning talabi bilan amalga oshirilgan. Aksincha, bizning mamlakatda tergov jarayonidagi qiynoqlar bunchalik shaffof o‘rganilmaydi. Hatto so‘roq jarayonidagi o‘lim holatlari ham yashiriladi. Tem bolee, bu ishda jabrlanuvchiga aylangan shaxsning o‘zi 4 marta sudlangan retsidiv jinoyatchidir” , deydi advokat.

“Ozodlik” Qarshida militsiya xodimilariga nisbatan jinoyat ishlari ochilgani haqida 4 noyabr kuni O‘zbekistondagi huquq tartibot organlaridagi manbalariga tayanib xabar bergan edi.

O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan muntazam qiynoqlar qo‘llaniluvchi davlatlar sirasiga kiritilib kelinadi. 2007 yilda BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi O‘zbekistonda mahbuslarga nisbatan qiynoq va noinsoniy munosabat “keng tarqalgan”, deya xulosa qilgan edi.

XS
SM
MD
LG