Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:40

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki odam yaralandi


Qirg‘iziston Chegara xizmati 30 dekabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasining Botken viloyatidan o‘tuvchi qismidagi “11 gektar” deb ataladigan hududda otishma sodir etilgani haqida bildirdi. Ma’lumotda aytilishicha, o‘q O‘zbekiston chegarachilari tomonidan otilgan.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining chorshanba kuni xabar berishicha, qirg‘iz fuqarolari chegarani noqonuniy kesib O‘zbekiston hududiga kontrabanda mahsulotlarini olib o‘tmoqchi bo‘lgan. O‘zbekiston chegarachilari buni sezib qolgan va qirg‘izistonliklarni ortga qaytish haqida ogohlantirgan. Biroq qirg‘iz fuqarolari ogohdantirishga e’tibor bermay, chegarani buzishda davom etgani ortidan O‘zbekiston chegarachilari o‘q uzishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston chegarachilari o‘qidan yaralangan qirg‘izistonliklar hozir Botken viloyat kasalxonasiga yotqizilgani aytilmoqda. Ikki tomonning chegara xizmati vakillari voqea joyida uchrashib, bo‘lib o‘tgan hodisani hamkorlikda tergov qilishga kelishib olgan.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida bunday holatlar tez-tez takrorlanib turibdi. Masalan, 26 oktyabr kuni davlat chegarasini buzib o‘tishga harakat qilgan paytda qirg‘izistonlik fuqaro o‘zbek chegarachisi otgan o‘qdan yaralangan.

Bundan avval O‘zbekiston - Qirg‘iziston chegarasida shu yilning 29 iyunida o‘q otilgan edi. O‘shanda ikki davlat chegarachilari o‘rtasida sodir etilgan otishmada bir o‘zbek chegarachisi yaralangan.

Shu yilning 12 mayida Botken viloyati So‘gment qishlog‘idan o‘tuvchi chegara hududida O‘zbekiston chegarchisi o‘qidan bir qirg‘izistonlik halok bo‘lgan.

19 may kuni esa Qadamjoy tumanida chegaraning to‘xtashga ruxsat berilmagan hududida avtomashinasini to‘xtatib, chegaradan o‘tayotgan ayollarni mashinasiga mindirmoqchi bo‘lgan qirg‘izistonlik ham o‘qqa uchgan.

Mutaxasislar O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu kabi otishmalarga chegaralarning to‘liq aniqlanmagani va O‘zbekiston tomonidan chegara bir tomonlama yopib qo‘ylgani sabab bo‘layotganini aytib keladi. Chegaralar yopiqligi sababli ikki davlat fuqarolari chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tishga majbur bo‘layotir.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraning uzunligi 1378 kilometr bo‘lib, bu masofaning 320 chaqirimi aniqlanmagan. Chegaralarni aniqlash bo‘yicha davlatlararo komissiya faoliyati so‘nggi yillarda bir necha marta muzlatib qo‘yilgan edi.

XS
SM
MD
LG