Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:12

Toshkentda arzon Qorbobo qolmadi, Qorqiz erib ketdi


Toshkentda 31 dekabrda uyga Qorbobo va Qorqiz taklif qilish narxi ikki million so‘mga chiqdi. Boshqa kunlarga esa 150 ming so‘mga ham buyurtma berish mumkin. Ayrim viloyatlarda esa, o‘tgan Yangi yil kechasida Qorqizlar zo‘ravonlikka uchragani uchun uylarga erkak Qorqiz yoki Qorboboning yolg‘iz o‘zi bormoqda.

Yangi yil oqshomida Toshkentda farzandlar xursandchiligi uchun uylarga taklif qilishga arzon Qorbobo va Qorqiz qolmadi.

Ozodlik O‘zbekistondagi Internet saytlarida berilgan e’lonlarga mijoz sifatida birma-bir qo‘ng‘iroq qilib chiqdi.

Aksariyat Qorbobolar 31 dekabr kuni butunlay band ekanligini aytib, boshqa kunlarga buyurtma olishini aytdi:

- 31 dekabrga buyurtmalarni bir hafta oldin olib bo‘lganmiz. Bugunga yoki 1 yanvarga zakaz olishimiz mumkin. 15 minut tomosha qo‘yib beramiz. Qorqiz ham bo‘ladi. Bolalaringizga olib qo‘ygan sovg‘alaringizni biz taqdim qilamiz. Shuning uchun narximiz 150 ming so‘m, dedi Qorbobolardan biri.

Bayram va tantanalar tashkillashtiruvchi Toshkentdagi “Flora” agentligi vakili Qorbobo va Qorqiz xizmati 31 dekabr kuni faqat kunduz paytiga qolganini aytdi:

- Faqat kunduziga buyurtma berishingiz mumkin. 15 minutlik xizmatimiz narxi 200 ming so‘m, 40 minutlik musiqa va raqslari bilan 330 ming so‘m, soatlik programma esa 380 ming so‘m bo‘ladi, dedi agentlik vakili.

Ozodlik muxbiri mijoz sifatida 31 dekabr kuni kechqurunga Qorbobo va Qorqiz topa oldi, faqat uning narxi juda baland bo‘ldi:

- Ikki million so‘m bo‘ladi. Programmada turli xil konkurslar, o‘yinlar, musiqalar bor. Farzandlaringizga shokolad va o‘yinchoqlardan iborat zo‘r sovg‘alar qilamiz. Biz artistlarmiz, faqat oldindan bir million so‘m zakolot berib qo‘yasiz, dedi Toshkentdagi teatrlardan birida ishlaydigan san’atkor.

O‘zbekistonda yangi yil kechasi aksariyat hollarda Qorbobo va Qorqiz rolini teatr artistlari o‘ynab beradi.

Viloyatlardan biridagi teatr direktorining aytishicha, odamlarning uylariga Qorbobo Qorqizsiz boryapti:

- O‘tgan yilda mast-alastlarning Qorqizga hujum qilgan holatlar bo‘ldi. Shunga artistlarimizdan hech kim Qorqiz bo‘lgisi kelmadi bu yil. Qorbobolarimiz ham sanoqli. Ular asosan katta rahbarlarning uylariga taklif qilingan. Shunchaki, bepul borib kelishadi, dedi teatr rahbari.

Ozodlikning Urganch shahridagi manbasining aytishicha, yangi yil kechasi uylarga borishga erkak Qorqizlar tayyorgarlik ko‘rgan:

- O‘tgan yili Urganchda Qorqizlarni zo‘rlash va zo‘rlashga harakat qilish holatlari bo‘ldi. Shuning uchun bu yil Qorqizning kiyimida o‘g‘il bolalar boradi, dedi manba.

O‘tgan yillarda Yangi yil kechasi Qorbobo va Qorqizlarning shirakayf uy egalarini g‘aflatda qoldirib to‘nash holatlari ham kuzatildi. Qorbobo ko‘ngilochar dasturlari bilan shirakayf uy egalarini chalg‘itayotganda, Qorqiz boshqa xonalarga mo‘ralab, qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlagan.

Rasmiylar chaqirilmagan Qorbobo va Qorqizni uyga qo‘ymaslikni tavsiya qiladi.

XS
SM
MD
LG