Линклар

Moskva viloyatining Podolsk shahrida "Hizb-ut-Tahrir" tashkilotiga a’zolikda ayblanib hibsga olingan o‘zbekistonlik Farmon Fayziev ishi bo‘yicha ayblov xulosasi e’lon qilindi. Moskva viloyat prokuraturasi 43 yoshli samarqandlik muhojirni “moskvaliklarni Rossiyada taqiqlangan terrorchilik tashkilotiga da’vat qilishda” aybladi. Uning begunoh ekanini gapirayotgan huquq faollari so‘nggi paytlarda Rossiyada musulmonlar jamoasiga bo‘layotgan bosim oshib borayotganidan xavotir bildirmoqda.

Moskva viloyat prokuraturasi "Hizb-ut-Tahrir" tashkilotiga a’zolikda ayblanayotgan samarqandlik Farmon Fayziev ishi bo‘yicha ayblov xulosasini yakunlagani va uni sudga taqdim etganini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatda Moskva viloyat prokurori katta yordamchisi Marina Kaurova O‘zbekiston fuqarosi Rossiyada taqiqlangan tashkilotga a’zolikda va unga da’vat qilishda ayblanib qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

- Bu ish Moskva okrug harbiy sudga yuborildi. O‘sha yerda sud tergovi olib boriladi. Farmonov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 205.5- moddasi 2- qismi, ya’ni Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga binoan terrorchi deb tan olingan tashkilotga a’zolikda ayblanmoqda, dedi tergov tafsilotlarini gapirib bergan Marina Kaurova.

Prokuratura rasmiysi jinoyat ishi materiallariga tayanib aytishicha, Sarmarqandlik 43 yoshli Farmon Fayziev 2015 yilning fevralidan mayigacha “Moskva viloyatilik ayol bilan suhbatlar olib borgan, bu suhbatlar davomida terrorchi sanalgan tashkilotning maqsad va vazifalarini tushuntirgan, boshqa din va konfessiya vakillariga nisbatan salbiy munosabat bildirgan”.

Shuningdek, tergovchilar Fayziev elektron pochtasi orqali bu ayolga Rossiya Adliya vazirligi tomonidan taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritilgan ekstremistik ruhdagi adabiyotni jo‘natganlikda gumonlanmoqda. Prokuratura bu shaxsning diniy motivlar asosida oldin ham sudlanganini ma’lum qildi.

Moskva okrug sudida o‘zbekistonlik Farmon Fayziev ishi 11 dekabr kuni ko‘rib chiqishga qabul qilingani va yaqin orada mahkama vaqti tayinlanishini bildirishdi.

Muhammadsolih Abutov

Muhammadsolih Abutov

​Muhojirotda yashayotgan taniqli o‘zbekistonlik imom Muhammadsolih Abutov Ozodlik radiosiga samarqandlik Farmon Fayzievni yaxshi tanigani, u bilan hatto O‘zbekiston qamoqxonalaridan birida uchrashganini aytib berdi:

- Men Farmon Fayziev bilan birinchi marotaba Tovoqsoyda uchrashganman. U paytda u allaqanday kriminal modda bilan tushgan edi. O‘sha yerda bu bola ozmi-ko‘pmi namozni o‘rgandi. Bu 1996-97 yillardagi gap. Bir-ikki yildan keyin u chiqib ketdi, men turmada qoldim. Men 2000 yili “raskrutka” bo‘lib, yangi muddat qo‘shib berishganidan keyin Navoiyga ketdim, u yerda yana 3,5 yil o‘tirdim. Xullas, yillar o‘tib, Shvetsiyaga keldim va Internet orqali u bola meni topdi. Skaypda gaplashib turardik, dedi janob Abutov.

Keyingi bo‘lgan internet-suhbatlardan imom 2000-yillar boshidagi ommaviy qama-qamalar davrida Farmon yangi diniy ayblovlar bilan mol-mulki musodara qilinib, 12 yilga qamalib ketganini bilganini aytdi.

- 1999 yilgi voqealardan keyin buni ham 159- modda bilan qamashibdi, namoz o‘qigani uchun. O‘shanda u Qarshining “Koson” degan eng qattiq rejimli turmalardan biriga tushgan. Juda ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirganini gapirib berdi. U ham “hizbutlar” bilan o‘tirgan ekan. To‘g‘risi, u yerda “hizbutlar” to‘la edi – hammamiz ular bilan o‘tirganmiz. Keyin ozodlikka chiqib, xotinini olib, u Rossiyaga mehnat muhojiri bo‘lib kelgan, ishlab yurgan ekan. To‘g‘risi, bu bolaning Hizb-ut-Tahrirga mutlaqo aloqasi yo‘q! Diniy savodi yo‘q, namozini uncha-muncha o‘qiydigan bola edi. Samarqandning tojiklaridan o‘zi. Rossiya huquq-tartibot organlariga ham mansab kerakdir, ishlayotganini ko‘rsatish uchun nohaq tergov qilyapti, u nohaqlik qurboni bo‘lyapti, deydi imom Muhammadsolih Abutov.

Suhbatdoshning fikricha, Farmon Fayziev ham Rossiya hukumatining musulmonlarga qarshi olib borayotgan siyosati qurboniga aylangan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, asli Samarqandning Siyobida 1972 yilda tug‘ilgan Farmon Fayziev birinchi marotaba 1994 yilda Toshkentning Akmal Ikromov tuman sudi qarori bilan 7 yilga qamalgan va 1998 yilda amnistiya asosida ozodlikka chiqqan.

2001 yilning 6 aprelida u yana hibsga olinib, Jizzax viloyat sudining 2001 yil 11 iyundagi qarori bilan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159 moddasi 3- qismi “b” bandi, 244-1- moddasi 3 qismi “a” bandi va 244-2- moddasi 1- qismi asosida 12 yilga qamalgan, mol-mulki musodara qilingan.

Hozirda Moskva viloyat tergov izolyatorida qolayotgan Farmon Fayziev himoyasini “Yordam” Inson huquqlari tashkiloti o‘z zimmasiga olgani ma’lum bo‘ldi. Tashkilot raisi Bahrom Hamroev u ayni ayblovlar ostida Rossiya turmalarida “hizbchilik”da ayblanib bir qancha markaziy osiyolik, jumladan o‘zbekistonlik muhojirlar saqlanayotganini gapirdi:

- Ta’kidlashim kerakki, “Hizb-ut-Tahrir”da ayblanib 10 yilga qamoqqa tashlangan asli o‘zbek Rossiya fuqarosi Inomov Azizbek masalasida men hozir Kirovga turmaga kelgan edim. Hozir ko‘rishdik, 4,5 soat gaplashdik. Juda axloqli inson, undan na davlat, na jamiyat biror yomonlik ko‘rmaydigan inson. Shunday odamlarni Rossiya, xuddi O‘zbekistonga o‘xshab, o‘rnak olib, “Hizb-ut-Tahrir”da ayblab, yoshlarni juvonmarg qilyapti. Ayniqsa, Tatariston, Boshqirdistonda Hizb-ut-Tahrirga aloqasi bormi-yo‘qmi – jinoiy ishlarni soxtalashtiryapti. Bu yigitni ham biz himoyamizga olamiz, albatta. Terrorchilikda ayblanayotgan odamlarni ayblashdan oldin ekspertlarni chaqirish kerak. Bu – hukumatning musulmonlarga qarshi inqiroziy siyosatidir, dedi huquq himoyachisi Bahrom Hamroev.

Ozodlik "Hizb-ut-Tahrir"ga aloqadorlikda gumonlanib Rossiyada hibs etilgan o‘zbekistonliklar to‘g‘risida oldin ham xabar bergan.

(2015 yilning oktyabrida Moskvada olib borilgan maxsus amaliyot)

2015 yilning 11 oktyabrida Moskvada “maxsus amaliyot” davomida terror hujumini uyushtirishda gumon qilinib, “Islomiy davlat”ning Suriyadagi lagerida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgani aytilgan 150 yaqin o‘zbekistonlik va tojikistonlik mehnat muhojirlari ushlangan edi. Ulardan 10 tasi Rossiya va O‘zbekistonda taqiqlangan “Hizb-ut Tahrir” partiyasining markaziy osiyolik a’zosi borligi aniqlangani xabar berilgandi.

Shu yilning 17 dekabrida Sankt-Peterburgda “Hizb-ut Tahrir” partiyasiga a’zolikda gumonlanib yana bir o‘zbekistonlik – 29 yoshli Ilhomjon Ma’murov qo‘lga olindi. Farg‘ona viloyat tergovchilari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan bu yigit shu yilning noyabrida Peterburgda ushlangan yana bir o‘zbekistonlik “hizbchi” bilan birga ekstraditsiya taftishi ostida qolayotgani ma’lum.

“Hizb ut-Tahrir al-Islomiy” partiyasi Rossiyada va postsovet o‘lkalarining bir nechtasida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham sud qarori bilan ekstremistik tashkilot, deb tan olingan.

XS
SM
MD
LG