Линклар

logo-print

Baliqchida pensiya jamg‘armasidagi kamomaddan so‘z ochgan xodim sudga tortildi


Балиқчи тумани пенсия жамғармаси

Балиқчи тумани пенсия жамғармаси

Andijon viloyati Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasi xodimi jamg‘armadagi kamomad yuzasidan respublika va viloyat idoriy organlariga shikoyat qilgani uchun bosimga uchrayotganini iddao qiladi.

Jamg‘arma xo‘jalik mudiri Osiyo Qo‘chqorovaning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasi rahbariyati 160 million so‘m kamomadni “yashirishga urinmoqda”.

40 ariza uchun 165 ming so‘m jazo

Prokuratura javobi

Prokuratura javobi

34-yashar yolg‘iz ona Osiyo Qo‘chqorova besh yillik faoliyati davomida tuman va viloyat jamg‘armalaridagi rahbarlarning, o‘z ta’birida, “qonunga zid ishlari bo‘yicha” prezident devoni, bosh vazir, bosh prokuror va Milliy Xavfsizlik Xizmatiga qirqta ariza yozgani, javoban uch marta “nohaq” ishdan chetlatilib, yana tiklanganini aytadi.

Osiyo Qo‘chqorova so‘zlariga ko‘ra, uning mehnat faoliyati ustidan so‘nggi tekshiruv 2 iyulda boshlangan.

- Andijon viloyati Pensiya jamg‘armasi boshqarmasining boshlig‘i Nabijon Ismoilov oldiga ariza bilan bordim. Ya’ni, Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasi rahbari bilan bosh hisobchining qonunga zid ishlari bo‘yicha ariza bilan bordim. Sababi, ular menga ishonchnoma kitobiga hali binoga etib kelmagan yangi mebellar uchun imzo qo‘yishimni talab qilishdi. Men ularning harakatidan norozi bo‘lib, boshqarma rahbariga murojaat qildim. Borsam, meni xonadan haqorat qilib, “senga o‘xshagan yozuvchilarning ko‘pini ko‘rganman,” deb chiqarib yubordi, - deya hikoya qiladi Osiyo Qo‘chqorova.

Osiyo Qo‘chqorova o‘z shikoyat arizasida, shuningdek, tuman pensiya jamg‘armasida 160 million so‘m kamomad chiqqaniga e’tibor qaratib, aybdorlarni jazolashni so‘raganini ilova qiladi.

- Byudjet hisobidan pensionerlarga ortiqcha to‘lab yuborilgan. Imtiyozli pensiya bor. Bu pensiya kamida 20 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan va yoshi 54 ga kirilgan ayollarga beriladi. Agar mehnat staji etmasa, 55 yoshdan chiqishi kerak. Ammo, pensiya jamg‘armasida yoshi to‘lmagan ayollarga pensiya to‘langani tufayli 160 million so‘m kamomad yuzaga kelgan, - deydi Osiyo Qo‘chqorova.

Uning ishonishicha, pensiya jamg‘armasi nozirlari yoshi to‘lmagan ayollarni nafaqaga chiqarish bilan “pul ishlashmoqda”.

Ammo, Qo‘chqorovaning iddao qilishicha, viloyat pensiya jamg‘armasi rahbari arizani tekshirish o‘rniga arizachining o‘zi ustidan tekshiruv ishlarini boshlagan.

- Buyruq chiqipti beshta xodim ishtirokida Qo‘chqorova Osiyoning arizasi ichidagi vajlar tekshirilsin, degan. Besh kishilik guruhni Baliqchi tumaniga jo‘natishdi. Mening arizam ichidagi vajlar – boshlig‘im va buxgalterimning qonunga zid ishlari – qolib, ular mening ustimdan tekshiruv o‘tkazdi. Sizda, dedi bular, bo‘yningizda katta kamomad bor. Besh million kamomad bor. O‘z xohishingiz bilan arizangizni yozib chiqib ketsangiz, biz buni bosti-bosti qilamiz, hech qaysi organ idorasiga topshirmaymiz, dedi, - deydi Osiyo Qo‘chqorova.

Ammo, Qo‘chqorova tekshiruv guruhi taklifiga ko‘nmagani va surishtiruv ishlari to‘rt oy so‘ngra sudga oshirilganini aytadi.

Noyabrь oyida bo‘lib o‘tgan mahkama unga qiymati 165 ming so‘mga teng yaroqsiz holga kelgan va xo‘jalik hisobidan chiqarib tashlangan tovarlar pulini to‘lash haqida ajrim chiqargan.

Biroq, Osiyo Qo‘chqorova ayni sud qaroriga nisbatan shikoyat arizasi kiritganini aytadi.

"Xullas, natija yo‘q"

Navbatdagi rasmiy javob

Navbatdagi rasmiy javob

​Osiyo Qo‘chqorova pensiya jamg‘armasi rahbariyatini kamomadni yashirishga urinayotganlikda ayblaydi.

- Xullas, natija yo‘q. Nafaqat viloyat, respublikada ham fuqaroning huquqim himoya qilinmadi. Arizam yuzasidan ijrosi muddatida ta’minlanmadi, - deya xulosa qiladi Osiyo Qo‘chqorova.

Baliqchi tuman pensiya jamg‘armasi xodimi jamg‘arma boshlig‘ining mehnat ta’tiliga chiqqani vaji bilan Ozodlikka Qo‘chqorova iddaosi yuzasidan izoh bera olmasliklarini bildirdi.

Andijon viloyati pensiya jamg‘armasi boshqarmasiga esa Ozodlik ulana olmadi.

Ammo, Osiyo Qo‘chqorovaga u yo‘llagan shikoyat yuzasidan Andijon viloyati Milliy Xavfsizlik Xizmatining bergan rasmiy javobida Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasida 160 million so‘m kamomad aniqlangani qayd etilgan.

Mazkur hujjat nusxasi Ozodlikda mavjud.

Andijon viloyati Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasida kamomadga oid janjal ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

2008 yil Baliqchi tumani pensiya jamg‘armasida 180 million so‘m kamomad chiqib, jamg‘armaning 15 nafar xodimi ishdan bo‘shatilgan edi.

XS
SM
MD
LG