Линклар

logo-print

Do‘ppisi ocmondan qaytib tushmagan fermer, yopishtirilgan paxta va “Oybolta”

  • Садриддин Ашур

Bosh vazir kelishi munosabati bilan terib olingan paxta chanog‘iga qayta yopishtirilmoqda

Bosh vazir kelishi munosabati bilan terib olingan paxta chanog‘iga qayta yopishtirilmoqda

Mamlakat qishloq xo‘jaligi hayoti 2015 yilda turli xil voqealarga boy bo‘ldi. Bug‘doy rejasini bajardim deb do‘ppisini osmonga otgan fermerning do‘ppisi qaytib tushmadi. Bosh vazir kelishiga qo‘shtepaliklar terilgan paxtani qayta chanoqqa yopishtirib chiqdilar. Eng muhim voqealar esa yilning oxiriga kelib boshlandi. “Oybolta” tadbiri qarzdor minglab fermerlarni zor qaqashatib, uyidagi tovug‘igacha mol-mulkini musodara qildi.

Farg‘onacha paxta qo‘yish

Keling eng qizig‘idan boshlaylik.

Mushtariyning xabari bor, oktyabr oyining boshida Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani hokimining buyrug‘i bilan, “Istiqlol” fermer xo‘jaligining paxtasi terib olingan bir yarim gektar maydoniga qaytadan paxta yopishtirib chiqilgani haqida xabar bergan edik.

Ba’zi rasmiy nashrlarning bu xabarni inkor etganidan so‘ng, Ozodlikning mobil muxbiri o‘sha joyga borib, kleylangan paxtalarni tasvirga tushirib qaytgan edi.

Bu xabar juda qisqa muddatda boshqa tillarga tarjima qilinib, dunyodagi 100dan ortiq nashrlarda chop etildi.

Bu nashrlar O‘zbekistondagi bunday ishlarni absurdizm, deb atadi.

Masalan, Ukrainadagi “Inforesist” agentligi “O‘zbekistonda bosh vazirga mo‘l-ko‘l hosilni ko‘rsatish uchun odamlar terilgan paxtani qaytarib yopishtirishdi”, degan sarlavhani tepaga chiqardi.

“Exo Moskvi” radiosi bergan qisqa xabar esa “darvoqe, O‘zbekiston Bosh vaziri oxir-oqibat paxta yopishtirilgan tumanga kelmadi”, degan xulosa bilan yakunladi.

Bu voqeaga eng qiziq sharhni “Kommersant” gazetasi yozdi: “Xarms va Kafka O‘zbekistonda uyg‘onganda bormi, ular yozadigan narsalari qolmaganini tushungan bo‘lardi”, deb kinoya qildi gazeta.

O‘zbekcha fermerchilik yoki g‘allasiz qolgan g‘allakor

O‘zbekistonda fermerlar bilan don qabul qilib olish korxonalari orasida shartnoma bor.

Bu shartnomaga ko‘ra, fermer shartnomadan ortgan bug‘doyni o‘ziga olib qolishga yuz foiz haqli.

Biroq bu yil ham fermerlarning rejadan ortgan bug‘doyini tortib olish holatlari kuzatildi.

Joriy ilning 8 iyul kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanilik 27 nafar fermer rejadan ortgan bug‘doyi zo‘ravonlik bilan tortib olinayotganidan arz qilib, avval Bosh prokuraturaga, undan keyin Oqsaroyga arz qilib borgan edi.

Devon mulozimi fermerlar arzini tinglagandan so‘ng, Toshkent viloyati hokimi Ahmadjon Usmonovga qo‘ng‘iroq qilgan. Hokim fermerlarni qabul qilishga va’da bergan.

Shundan so‘ng 27 nafar fermer Toshkent viloyati hokimi Ahmadjon Usmonov bilan uchrashgan.

“Viloyat hokimi Ahmadjon Usmonov bu yil g‘alla rejasining bajarilishi respublikada og‘ir ahvolda ekanligi va o‘zimizning tog‘li viloyatlarda bug‘doyni sovuq urib ketganligi uchun rejadan ortig‘ini zaxiraga topshirishni iltimos qildi. Qo‘shimcha shartnoma qilinglar, dedi. Qo‘shimcha topshirgan bug‘doylaringni rejasi to‘lmagan fermerlar bozor narxida sotib olib, pulini sizlarga beradi, o‘zlaring surishib ketaverasizlar, dedi. Shunga ishonib, bor bug‘doyni o‘rib topshirdik, o‘zimizga hozircha hech narsa qolmadi. Bu yog‘i endi peshonadan. Hokim va’dasini bajarsa, qo‘shimcha bug‘doyimiz uchun bozor narxida pul olamiz”, degan edi viloyat hokimi bilan uchrashgan fermerlardan biri.

Fermerlarning bug‘doyini tortib olish zo‘ravonlik ila amalga oshirildi.

Tuman militsiyasi boshlig‘i va viloyat ichki ishlar boshqarmasidan kelgan podpolkovnik oqqo‘rg‘onlik fermerlarning rejadan ortib qolgan bug‘doyni o‘rdirib olib, norozilik bildirgan ikki fermerni urib, so‘kib, qamab qo‘ygan edi.

Zaxiraga topshirilgan bug‘doyning bir qismini kimdir qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi, kimdir kuyib qolaverdi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishishi ortidan mamlakatdagi ekin yerlar fermer xo‘jaliklariga bo‘lib berilgan.

O‘zbekistonlik fermerlar davlatga bug‘doy va paxta topshirish rejalarini bajarishga majbur. Rejani bajarolmagan fermerlar hokimiyat, militsiya va prokuratura tomonidan ta’qib qilinadi.

Bug‘doy topshirish shartnomasiga ko‘ra, davlat rejasini bajargan fermer ortib qolgan bug‘doyni o‘ziga olishi yoki ishchilariga ish haqi sifatida bo‘lib berish huquqiga ega.

Biroq, O‘zbekistonda rejani bajarolmagan fermerlar sabab tuman yoki viloyat bug‘doy rejasi oqsab qolayotgan bo‘lsa, rejani bajargan fermerlarning bug‘doyi zo‘ravonlik bilan tortib olinishi holatlari ko‘p kuzatiladi.

Mutaxassislar buni “o‘zbekcha fermerchilik” deb atamoqdalar.

Mirziyoevning “Oybolta”si fermerlarni zir qaqshatmoqda

O‘zbekiston Bosh Vaziri Shavkat Mirziyoevning shaxsiy tashabbusi bilan tuzilgan “Oybolta” tadbirida paxta rejasini bajarmagan yoki davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan fermerlarning mol-mulki Sud ijro departamenti, Adliya vazirligi, IIB va bank xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinishi va qarzdor fermerning avtoulovlari, chorvasi musodara qilinishi nazarda tutilgan.

O‘zbekistonda ob’ektiv va sub’ektiv sabablar bilan qarzdor bo‘lib qolgan fermer xo‘jaliklari juda ko‘p.

Bu tadbir, fermerning qarzi qanday paydo bo‘lganini, uning tabiiy ofat, suv tanqisligi kabi ob’ektiv sabablarni ham inobatga olmasdan, qarzdor fermerlarning mol-mulkini bir chetdan talashdan boshlandi.

Ayniqsa, Jizzax, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda qarzdor fermerlarning texnikasidan tortib, chorvasi, sholisi, uy jihozlarigacha musodara qilindi.

"Mening bir tanishim ana shu guruh tarkibida bor. Uning aytishicha, “Qozog‘iston”, “Samarqand”, “Chinobod”, “Yangibo‘ston”, “Xorazm” sovxozlaridagi qarzdor fermerlarning mol-mulki musodara qilinayapti. Ular har bir fermerning xonadonidan gilam, mebel, mol, qo‘y, echki, hattoki tovug‘igacha olib ketishayapti. Ba’zi uylardan pardalar ham yulib olingan. Norozilik bildirganlarning ovozi shu guruh tarkibida bo‘lgan militsiya tomonidan o‘chirilayapti”, degan edi o‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan mahalliy mulozimlardan biri.

Aksariyat fermerlar, bu qarzlarning paydo bo‘lishiga ob’ektiv sabablar borligini aytishsa ham, «Oybolta» bu iddaolarni eshitishni ham istamagan:

“Qarz sababsiz paydo bo‘lmaydi. Gektariga 200 ming so‘mdan yonimizdan to‘lab paxtani chopiq qildiramiz. Naqd pul yo‘q, paxta xarajatlari uchun mol-holimizni sotamiz. Mana bu yil paxta ayni shonalab gulga kirayotgan paytda suv bo‘lmadi, hosilning yarmi nobud bo‘ldi. Suratlarga olib qo‘yganmiz. Komissiyalar kelib o‘z ko‘zi bilan ko‘rib ketgan. Suv bermasa qaerdan hosil bo‘lsin? Bahordagi qattiq sovuq bug‘doylarimizni urib ketdi, buni kim to‘laydi? Hokimiyat esa bu sabablarni eshitishni ham istamaydi. Endi esa “Oybolta”sini olib kelib so‘nggi nonimizgacha tortib olayapti”, deydi fermer.

“Optimallashtirish” o‘zini oqlamadi, endi navbat "maqbullashtirish"ga

Fermerlar yerlarini maqbullashtirish siyosati 2015 yilning oxiriga kelib avj oldi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining joriy yil oktyabrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishi qaror chiqargan edi.

Ilgari optimallashtirish davrida fermer xo‘jaliklarining eri 100 gektardan kam bo‘lmasin degan qaror chiqqan bo‘lsa, endi esa yerlarni qisqartirish va buni hisobidan yangi fermer xo‘jaliklari tashkil etish haqida qaror chiqarildi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi joriy yilning 15 dekabrida fermer xo‘jaliklari uchun ekin erlarining optimal o‘lchamini o‘rtacha 36,1 gektar hisobida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida Toshkentdagi yarim rasmiy mahalliy nashrlar dushanba kuni xabar tarqatdi.

Aytishlaricha, bu qarzdor fermer xo‘jaliklarni tugatish hisobidan amalga oshirilar ekan.

2016 yilda "maqbullashtirish" siyosati qanday natija beradi, fermerlik rivojlanib ketib, fermer ham, ularning erida ishlaydigan dehqon ham boyib ketadimi yoki bundan ham battar bo‘ladimi, hozircha bu savolga hech kim javob berolmaydi.

XS
SM
MD
LG