Линклар

Saudiya Arabistoni Tehronda Saudiya elchixonasiga qilingan hujum ortidan Eron bilan diplomatik aloqalarini uzganini bildirdi.

Saudiya Arabistonida terrorchilikda ayblangan shia ulamosi Nimr Bakr an-Nimrning qatl etilishidan norozi bo‘lgan namoyishchilar yakshanba kuniga o‘tar kechasi Tehronda mazkur mamlakat elchixonasiga bostirib kirgan va o‘t qo‘ygan edi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Abdul al Jubayr Eron bilan aloqalarning uzilishiga aynan norozilarning elchixonaga bostirib kirgani sabab bo‘lganini rasman tasdiqladi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Eron diplomatlari mamlakat hududini 48 soat ichida tark etishi lozimligini ta’kidladi.

Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Saudiya Arabistoni Nimr Bakr an-Nimrni qatl etgani uchun “xudoning qahriga uchraydi”, deya bayonot berdi.

Oyatulloh fikricha, Nimr Bakr an-Nimr o‘z siyosiy qarashlari, jumladan Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilgani uchun qatl etilgan.

Saudiya Arabistoni va Eron Yaqin Sharqda, jumladan, Yaman, Baxrayn, Iroq va Suriyada o‘z ta’sirlarini saqlab qolish uchun ko‘p yillardan beri o‘zaro kurashib keladi.

XS
SM
MD
LG