Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:08

Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni uzdi


Saudiya Arabistoni Tehronda Saudiya elchixonasiga qilingan hujum ortidan Eron bilan diplomatik aloqalarini uzganini bildirdi. Saudiyada shia ulamosi Nimr Bakr an Nimrning qatl etilishi oqibatida norozilar Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga 3 yanvarga o‘tar kechasi hujum qilgan edi. Qo‘shma Shtatlar tomonlarni vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirdi, Iroqda esa siyosatchilar hukumatdan Saudiya Arabistoni bilan diplomatik aloqlarni uzishni talab qilmoqda.

Saudiya Arabistonida terrorchilikda ayblangan shia ulamosi Nimr Bakr an Nimrning 2 yanvar kuni qatl etilishidan norozi bo‘lgan namoyishchilar yakshanba kuniga o‘tar kechasi Tehronda mazkur mamlakat elchixonasiga bostirib kirgan va o‘t qo‘ygan edi.

Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Abdul al Jubayr Eron bilan aloqalarning uzilishiga aynan norozilarning elchixonaga bostirib kirgani sabab bo‘lganini rasman tasdiqladi. Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri Eron diplomatlari mamlakat hududini 48 soat ichida tark etishi lozimligini ta’kidladi.

Abdul al Jubayr o‘z so‘zi davomida Tehronning Nimr qatl etilganini qoralashi Eron haqiqatan ham terrorchilikni moliyalashtiradigan davlat ekaniga dalil bo‘la olishini ta’kidladi.

Saudiya Arabistonining bu bayonotiga davlat televideniyasi orqali munosabat bildirar ekan, Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xusayn Amir Abdullohiyon “Diplomatik aloqalarni uzish orqali Ar Riyod eng katta xatosi - shayx Nimrning qatl qilinishini haspo‘shlay olmaydi”, deb bayonot berdi.

Эронда Саудия Арабистони элчихонасига ўт қўйилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:50 0:00

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Nimrning qatl etilishini qoraladi, biroq Saudiya Arabistoni elchixonasiga qilingan hujumni ham “oqlab bo‘lmaydigan holat”, deya baholadi.

Eron rasmiylariga ko‘ra, 3 yanvar kuni elchixonaga hujum qilgan va o‘t qo‘ygan norozilardan 44 kishi qamoqqa olingan.

Avvalroq Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Saudiya Arabistoni Nimr Bakr an Nimrni qatl etgani uchun “xudoning qahriga uchraydi”, deya bayonot bergandi. Oyatulloh fikricha, Nimr Bakr an Nimr o‘z siyosiy qarashlari, jumladan, Saudiya Arabistoni hukumatini tanqid qilgani uchun qatl etilgan.

Qo‘shma Shtatlar esa Eron va Saudiya Arabistoni hukumatlarini zudlikda vaziyatning keskinlashuvi oldini olishga chaqirdi.

Hokimiyat shialar qo‘lida bo‘lgan Iroqda ham nufuzli shia ulamolari va siyosatchilari hukumatdan Ar Riyod bilan diplomatik aloqalarni uzishni talab etmoqda. Iroq bosh vaziri Haydar Abodiy Nimrning qatl etilishi mintaqadagi xavfsizlikka jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytdi. Iroqdagi taniqli shia ulamosi Muktadi al Sadr esa Fors ko‘rfazi davlatlaridagi barcha shialarni Saudiya Arabistoniga norozilik bildirishga da’vat etdi.

Nimrning qatl etilishi nafaqat Eronda, balki boshqa davlatlarda ham shialarning norozilik chiqishlariga sabab bo‘ldi. Saudiya Arabistonida namoyishga chiqqan yuzlab shia norozilari hibs qilindi. Norozilar va Saudiya politsiyasi to‘qnashuvlari paytida bir necha politsiyachi halok bo‘lgani xabar qilindi.

Aholisining asosiy qismi shia, biroq hokimiyat suniylar qo‘lida bo‘lgan Bahraynda Nimr qatl etilganiga qarshi norozilik namoyishiga chiqqan shialarga qarata politsiya rezina o‘q otdi va suv purkagichlar vositasida namoyishchilarni tarqatdi.

Nimr 2012 yilda qamoqqa olinguniga qadar Saudiya Arabistonida yashovchi shia ozchiligining norozilik namoyishlariga rahbarlik qilib kelgan edi. Nimr terrorchilikda ayblanib qo‘lga olingandi. Nimrning qatl etilishi Yaqin Sharq mintaqasidagi shialarning katta noroziligiga sabab bo‘ldi.

Nimr bilan birga 46 odam, jumladan, uch shia dissidenti va Al Qoidaning bir necha janggarisi qatl qilingan.

Saudiya Arabistoni va Eron Yaqin Sharqda, jumladan, Yaman, Bahrayn, Iroq va Suriyada o‘z ta’sirlarini saqlab qolish uchun ko‘p yillardan beri o‘zaro kurashib keladi.

XS
SM
MD
LG