Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:37

Gaz yo‘qligidan norozi g‘azalkentliklarning talabi qondirildi


Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrining yigirma kun davomida gazsiz o‘tirgan aholisi yangi yil arafasida norozilik bildirib, bir hafta davomida deyarli har kuni shahar hokimligi va tuman gaz ta’minoti idorasiga borishdi. Bayram kunlari to‘polon chiqishidan qo‘rqqan mutasaddilar gaz ta’minotini yaxshilashga qaror qilishgan.

Yangi yil arafasida bir hafta davomida har kuni shahar hokimligi va gaz idorasiga borgan g‘azalkentliklar talabi “O‘zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasiga yetkazilgach, shaharda gaz ta’minoti yaxshilandi.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan g‘azalkentlikka ko‘ra, yigirma kun davomida gazsiz o‘tirgan aholi gaz ta’minoti yaxshilanishini qat’iy talab qilgachgina, ularning talabi inobatga olingan:

“Dekabr boshida qor yoqqach, gaz bosimi juda pasayib ketdi. Shaharning ayrim joylari, masalan, Dilbar mavzesi tomonlarda gaz umuman o‘chib qoldi. Boshqa joylarda bir kun gaz bo‘lsa, bir kun bo‘lmadi. Joniga tekkach odamlar yig‘ilib, hokimlikka va gaz idorasiga qatnay boshladi. Gorgazga jaloba qilib borishdi. Hokimiyatga jaloba qilib borishdi. Yoshi katta qariyalar har kuni qatnashdi. Shundan keyin gazni yoqib berishdi”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan g‘azalkentlik manba.

Boshqa bir g‘azalkentlikka ko‘ra, har kuni taxminan 100 nafar shaharlik yig‘ilib, hokimlik va gaz idorasiga borib, gaz ta’minoti yaxshilanishini talab qilgan:

“O‘zi ham bir hafta qatnashdi har kuni. Hokimiyatga 24 dekabr kuni borishganida, gorgazni boshlig‘ini norozilik qilib borgan odamlar yoniga chaqirib kelishdi. U bir pachka qog‘oz ko‘tarib kelibdi. Shu qog‘ozlarni ko‘rsatib, “Ayb bizda emas, biz vazirlikka gaz yo‘qligini aytib, murojaat qilganmiz. Odamlarning barcha shikoyatlarini yetkazganmiz”, deb suvdan quruq chiqishga harakat qilgan. Lekin odamlar "gazni yoqib berasan", deb qattiq turib olishdi. Gaz idoraga ham borib, to‘polon qilishdi”, dedi g‘azalkentlik manba mikrofonsiz suhbatda.

Yana bir g‘azalkentlik iddaosiga ko‘ra, gaz yo‘qligidan norozi aholi hatto shahar hokimligi binosini toshbo‘ron ham qilishgan.

G‘azalkent shahar hokimligi mutasaddilari gaz yo‘qligidan norozi aholining hokimlik binosiga kelganini tasdiqlashdi, biroq binoning toshbo‘ron qilinganini inkor qilishdi:

“Norozilik qilib kelgan odamlar bilan ko‘chaga chiqib gaplashildi. Lekin hokimlik binosiga tosh yoki kesak otish holati bo‘lmadi. Yangi yil oldi hokimlik binosi oldiga archa qo‘yildi. Archa atrofida nazorat kuchaytirildi. MXX, militsiya va boshqa organlar kuchaytirilgan tartibda ishladi. Bunday paytda kim ham hokimlikka tosh otishga jur’at etardi”, dedi hokimlikning o‘zini tanishtirmagan mas’uli.

Bo‘stonliq tuman gaz ta’minoti idorasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, G‘azalkentdagi gaz muammosini “O‘zbekneftgaz" Milliy xolding kompaniyasi hal qilgan:

“Gaz bosimi pastligini biz hal qila olmaymiz. Bu tepaga bog‘liq. Magistralda gaz bosimi past bo‘lsa, buni biz ko‘tara olmaymiz. Boshliqlarimiz vazirlikka aholining shikoyatini etkazdi. Ular to‘polon kattayib ketishidan qo‘rqib, bosimni ko‘tarib berishdi. 29 dekabr kechqurin vaziyat yaxshilana boshladi. 30 dekabrdan shaharning barcha joyida gaz bosimi normallashdi”, dedi Bo‘stonliq tuman gaz ta’minoti idorasi mulozimlaridan biri.

Norozi aholi. Surat 21 dekabrь soat 19lardan keyin Marg‘ilonning Saxovat mahallasi hududida olingan.
Norozi aholi. Surat 21 dekabrь soat 19lardan keyin Marg‘ilonning Saxovat mahallasi hududida olingan.

​G‘azalkentdan olingan so‘nggi xabarga ko‘ra, 4 yanvar kuni ham shaharda gaz bosimi normal holatda ushlab turilibdi. Biroq qor yoqsa, bosim yana pasayib ketishi xavfi saqlanib qolayapti.

O‘zbekistonda gaz va elektr taqchilligiga qarshi aholining norozilik chiqishlari keyingi paytda tez-tez kuzatilayapti.

Jumladan, 22 dekabrda Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri Saxovat mahallasi aholisi tabiiy gaz va elektr yo‘qligidan norozi bo‘lib, to‘rt kun ko‘chaga chiqib, gaz bosimi nisbatan ko‘tarilishiga erishdi.

Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida yashovchilar ham gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi.
Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida yashovchilar ham gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi.

Marg‘ilonliklarning noroziligidan avval - 18 dekabr oqshomida esa Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ko‘p qavatli uylarda yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqqib, Marg‘ilon avtomobilь yo‘lini bir soat davomida to‘sib turishdi. Militsiya va hokimiyat rasmiylari norozilar yoniga kelib, gaz ballonlari berilishini va’da qilganidan so‘ng olomon uylariga qaytdi.

So‘nggi o‘n yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekistonning deyarli barcha hududida tabiiy gaz va elektr taqchilligi muntazam kuzatilmoqda.

Ayrim qishloqlarda kuniga 20-22 soat davomida chiroq va gaz o‘chirilayapti.

XS
SM
MD
LG