Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:20

Metroning Navoiy bekatidagi panno ta’miri "vandalizm", deya baholandi


Toshkent metropoliteni boshqarmasi “Alisher Navoiy” metro bekati devorlaridagi taniqli rassom Chingiz Ahmarov ijodiga oid lojuvard koshin pannolarni oddiy moybo‘yoq bilan “bo‘yab” san’at asariga putur etkazdi. Asarlar “ta’miri” ijtimoiy tarmoqda muhokama qilingach O‘zbekiston Badiiy akademiyasi munaqqidlari metropoliten rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, “vandalizm jarayoniga nuqta qo‘yilishini” talab qildi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tomonidan ishlangan sakkizta ponnodan uchtasini qo‘pol ravishda “ta’mir” qilishga ulgurgan metro rahbariyati aybini tan olgan va “tamirlash”ni to‘xtatib, keramika ustiga surilgan bo‘yoqni sidirib tashlashga qaror qilgan.

"Alisher Navoiy" metro bekatiga borib "ta’mir"ni ko‘rgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ 1974 yili taniqli rassom Chingiz Ahmarov tarafidan yaratilgan pannolardan uchtasi yaroqsiz holga keltirilgan, to‘rt donasi yarmigacha bo‘yalgan, bir donasiga esa hali tegilmagan.

O‘zbekiston Madaniyat va Sport vazirligi mutasaddilari esa Toshkent markazida yuz bergan "vandalizm" holati haqida ma’lumotga ega emasligini aytishmoqda.

“Bo‘yab-bezash” tashabbusi

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ o‘tgan yil dekabr oyida Toshkent metropoliteni boshqarmasi mulozimlari "Alisher Navoiy" metro bekatining marmar devorlari va pannolarning rangi unniqib qoldi, degan andishada ulkan pannolarni oddiy qurilish moybo‘yog‘i bilan yangilansin, deya buyruq berishgan.

Ushbu buyruq asosida Toshkent metropoliteni mulozimi Karvon Madraimov boshchiligidagi bo‘yoqchilar “Alisher Navoiy” metro bekatidagi san’at asarlarini ta’mirlashga kirishgan.

Toshkent metropoliteni boshqarmasidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ Karvon Madraimov boshchiligidagi qurilish brigadasi Yangi yil bayramiga qadar pannolarni "yaltillatib qo‘yamiz", deb ish boshlashgan:

- Navoiyning "Hamsa"si dostonlari asosida moviy sopoldan ishlangan pannolar Toshkent metrosining tashrif qog‘ozidir. Biz doimo chet elliklarga faxrlanib, ko‘rsatamiz bu pannolarni. Ammo metroning tunellar boshqarmasi mulozimi Karvon Tursunboevich Madraimov pannolarni oddiy qurilish moybo‘yog‘i bilan yangilash mumkin, deb o‘ylagan va buning jinoyatga teng vandalizm ekanini tushunmagan ham. Asarlarning bir qismi dabdala qilinganidan keyin O‘zbekiston Badiiy akademiyasidagi Gulchehra opa telefon qilib, bizni tergab tashladi. Shundan keyin metropoliten boshqarmasi zudlik bilan ta’mirni to‘xtatishga buyruq berdi. Hozir lojuvard koshinlar ustidagi moy bo‘yoqlarni sidirib tashlash masalasini muhokama qilyapmiz. Buni endi soha mutaxassislari amalga oshiradi. Sarf-xarajat ham katta bo‘ladi. Nima qilamiz endi xatoni tuzatish kerak-ku¸- deydi Toshkent metropoliteni boshqarmasidagi Ozodlik manbasi.

Bekatdagi pannolar ustiga moy bo‘yoq chaplangan
Bekatdagi pannolar ustiga moy bo‘yoq chaplangan

Madaniyat va sport vazirligi Ahmarov asarining badiiy qiymatidan bexabar

O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi mulozimlari Ozodlik muxbirining Navoiy metro bekatidagi vandalizm haqidagi savolini izohsiz qoldirishdi.

Vazirlikning yodgorliklarni saqlash boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, vazirlik amaldorlari bu voqeaga aralashmaslikni ma’qul ko‘rishgan:

- O‘tgan yili distractify.com nashri Toshkentdagi "Alisher Navoiy" metro bekatini dunyoning eng chiroyli metro bekatlaridan biri, deb e’lon qilganidan sal o‘tib ushbu bekatda vahshiy vandalizm yuz berdi. Vazirlik kattalari bu masalani hal qilishni yodgorliklarni himoya qilish boshqarmasining Toshkent shahar bo‘limi boshlig‘i Diana Masharipovaga topshirdi. Diana Masharipova esa "Alisher Navoiy" metro bekatidagi ulug‘ rassom Chingiz Ahmarovning "Hamsa" mavzusidagi pannolari va metrodagi girih va islomiy naqshu nigorlar O‘zbekiston madaniy obidalari ro‘yxatiga kirtitilmaganini ma’lum qildi. Bu gapni eshitgan vazirlik kattalari engil tortishdi. San’at asari sifatida vazirlik reestriga kiritilmagan bo‘lsa, bizni muammomiz emas, degan fikrga kelishdi. Ammo vazirlikdagi oddiy mutaxassislar mayolikani moy bo‘yoq bilan bo‘yash vandalizm ekanligini yaxshi bilishadi. Bunga munosabat bildirishi kerak bo‘lgan vazirlik inspektsiyasi vaoqeaga panja orasidan qarab, byurokratlik qilayotganidan xafamiz¸- deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik O‘zbekiston Madaniyat va sport vazirligi mulozimlari bilan qayta bog‘langanida o‘zini tanishtirmagan mulozim “Metroning ichidagi rasmlar reestrga kirmagan bo‘lsa, uni badiiy qiymatini men qaerdan bilaman? Bu bizning muammomiz emas”, deya trubkani qo‘yib qo‘ydi.

O‘zbekistonlik rassom Lola Sayfiy Chingiz Ahmarovning asarlarini¸ xususan metro bekatidagi Alisher Navoiy asarlariga oid sahnalar tasvirini betakror san’at obidasi deya hisoblashini aytadi:

- Reestrga kiritilmagan bo‘lsa, kiritishsin. Rassom Chingiz Ahmarov nafaqat O‘zbekiston balki butun Markaziy Osiyodagi etuk rassomlardan biri edi. Uning Navoiy bekatidagi keramika pannolari bilan har qanday millat faxrlansa arziydi. “Hamsa” turkumiga kirgan “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” va boshqa asarlari nafaqat mening balki ko‘plab munaqqidlar nazarida mukammaldir¸- deydi suhbatdosh.

Metroning eng go‘zal bekati

"Alisher Navoiy" bekati 1984 yili foydalanishga topshirilgan edi.

Bu bekatdagi rasmlar O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarovning so‘nggi monumental asari hisoblanadi.

1947 yilda Chingiz Ahmarov Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli Davlat akademik katta teatri devorlarini o‘z san’ati bilan bezagan va bu uchun mamlakatda eng yuqori bo‘lgan birinchi darajali SSSR davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan. U tarafdan ishlangan mozaika Moskva metrosining “Kievskaya” bekatini bezamoqda, shuningdek, uning rasmlari Kislovodskdagi “O‘zbekiston” sanatoriyasida, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon va respublikaning boshqa ko‘plab shaharlarida ham mavjud.​

Toshkent metrosining "Alisher Navoiy" bekatidan farqli o‘laroq, Moskvadagi "Kievskaya" bekatidagi Ahmarov freskalari Rossiya Madaniyat vazirligi Madaniy obidalar reestriga kiritilgan.

Navoiy bekati
Navoiy bekati

Obidalar buzilishi epidemiya tusini olgan

Metroning Navoiy bekatidagi panno ta’mirini «vandalizm», deya baholab maqola ëzgan jurnalist Aleksey Volosevich Ozodlik bilan suhbatda muammoning ko‘lamiga diqqat qaratdi:

- Buni metrodagi johil prorab va quruvchilar amalga oshirgan oddiy vandalizm deya baholamaslik kerak. Bu - sistemali muammo. Ta’mir bahonasida san’at asarini buzish amaliyotini biz butun respublika bo‘ylab epidemiyaga aylanganini ko‘ramiz. O‘zbekiston hukumati qadimiy obidalarni ta’mirlaymiz, deya katta grantlar oldi. Pirovardida bu grantlarning katta qismi amaldorlar cho‘ntagida qoldi. Sariq chaqa evaziga oddiy ustalarni yollab, minoralarni remont qildirishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Masalan, Xivada qadimiy binoning kemtigini zamonaviy qizil g‘isht bilan yamashayotganligini ko‘rganman¸- deydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG