Линклар

logo-print

Kievda 29 dekabr kuni taqdim etilgan "Xuizmisterputin" nomli hujjatli film ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘lmoqda. 60dan ortiq hujjatli filmi bilan tanilgan rejissyor Valeriy Balayan bu safar Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va u bilan birga maxsus xizmatlarning kiriminal guruhlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan bir to‘da amaldorining hokimiyatga kelishini hikoya qilgan.

Filmda hikoya qilinishicha, 90-yillarning boshlarida Sankt Peterburg shahri meriyasining amaldorlaridan biri bo‘lgan Vladimir Putin o‘sha kezlarda sobiq ittifoq hududida hukm surgan inqiroz, xususan, Peterburgda yuzaga kelgan ochlikka barham berish uchun echim taklif qiladi.

U davlatning strategik ahamiyatga ega zahiralari, jumladan, neftni oziq-ovqat mahsulotlariga almashtirish sxemasini ishlab chiqadi. Sxema evaziga Sankt Peterburg Yevropadan oziq-ovqat olishi kerak edi. Ammo, olmadi.

Buning sabablariga qiziqqan Marina Sale rahbarligidagi komissiya Rossiya tarixining Vladimir Putin nomiga bog‘langan mavhum sahifalarini to‘liq o‘rgangan. Hujjatli film Sale bilan Ozodlik radiosi rus xizmati o‘tkazgan intervyudan boshlanadi.

Bu syujet dokumentalist Valeriy Balayan surishtirgan Putin bilan bog‘liq ko‘plab syujetlardan biridir.

Film davomida Balayan meriyaning Vladimir Putinni yaqindan tanigan sobiq xodimlari, Peterburgdagi korruptsiyani tergov qilgan tergovchi, 90-yillar boshida maxsus xizmatlar va kriminal guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni surishtirgan ekspert va jurnalistlar bilan suhbatlashgan.

Natijada, amaldorlaru kriminal guruhlarni birlashtirgan sxema asosida davlatning millionlab puli birin-ketin o‘marilgani aks etgan voqealar zanjiri paydo bo‘lgan.

Film nomini "Xuizmisterputin" deb nomlagani sabablari haqida Valeriy Balayan shunday deydi:

- Mening asosiy maqsadim ilmiy-ommabop film olish edi, odamlarga eng oddiy narsalarni oddiygina qilib tushuntirib berish edi. Ya’ni, Putin o‘z karyerasini faqat Leningrad va Peterburg darajasidagi o‘g‘rilikdan boshlagani va hozir ham u o‘zgarmaganini tushuntirish edi. Odam o‘zgarmaydi, vaqt o‘tishi bilan uning asl qiyofasi ko‘rinadi. Putin shu qadar o‘zini ko‘rsatdiki, uning soyasida gebeshnik (maxsus xizmatlar xodimlari) bilan o‘g‘rilar olamining vakillari butun Rossiyani egallab oldi.

Balayanning aytishicha, 4 kishilik guruh fimni mutlaqo maxfiy tarzda suratga olgan. Internet orqali mavzu va suratga olish detallarini umuman gaplashmagan.

Shunga qaramay, kriminal guruhlar va amaldorlar birlashmasi tuzgan "Ozero" kooperativi hududida intsident sodir bo‘lgan:

- U yerda suratga olayotganimizda qo‘riqchilar bizni videoga olishdi, mashina va uning raqamini videoga olishdi, qayoqqadir telefon qilishdi, hisobot berishdi. Bunaqa holat faqat bir marta bo‘ldi. Aslida biz to‘rt kishi bo‘lsak, bu mavzuni Internetda ham gaplashmadik. Axborot sizishiga yo‘l qo‘ymadik, zotan suratga olish ishlari 8 oy davom etdi.

Ushbu filmni imkoni boricha ko‘proq ko‘rish va boshqalarga ulashishni tavsiya qilgan rejissyor uni Ozodlik radiosi auditoriyasiga ham tavsiya qildi.

Valeriy Balayan – 60dan ortiq hujjatli film muallifi, bular sirasida "Lev Kopelev", "Viktor Nekrasov", "Vladimir Voynovich", "Lyubite menya, pojaluysta", "Gibel imperii", "Kamni, zakrivayushie vxod" nomli filmlari tanilgan. U Rossiya va xalqaro miqyosdagi kinofetivallar mukofotlari sovrindoridir.

XS
SM
MD
LG