Линклар

AQSh shimoli-g‘arbidagi Oregon shtatida federal hukumatga qarashli Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish markazi binosini egallab olgan qurolli isyonchilar bilan qarama-qarshilik davom etmoqda.

Markaz binosini uch kundan beri egallab olgan yuzga yaqin norozilar 2012 yilda davlatga qarashli yerlarga o‘t qo‘yganlik aybi bilan qamoqqa hukm etilgan ikki fermerga AQSh federal sudi qo‘shimcha besh yillik qamoq jazosini berish qaroriga norozilik bildirmoqda. Isyonchilarga Ammon Bandi ismli rancho egasi etakchilik qilmoqda.

Rancho egalari, fermerlardan iborat isyonchilar guruhi Malhoer yovvoyi tabiatni muhofaza qilish milliy markazini tark etishdan bosh tortib, talablari bajarilishi uchun oxirgacha kurashishlarini aytmoqda.

Ammon Bandining otasi Kliven Bandi 2014 yilda Nebraska shtatida davlat yerlarida podasini boqish ustida chiqqan tortishuv ortidan hukumat bilan qurolli qarama-qarshilikka qo‘l urgan edi.

Ota Bandi hukumatni xususiy yerlarni noqonuniy tarzda musodara etayotganlikda ayblagan edi.

Oregonda Ammon Bandi boshchiligidagi isyonga rancho egalari Linkoln Hammond va uning o‘g‘li Stiven Hammond ustidan chiqarilgan qaror sabab bo‘ldi. Ota-bola AQSh Erlarni boshqari byurosiga qarashli maydonlarga o‘t qo‘yganiga iqror bo‘lgan. Lekin ular o‘z yerlaridagi zararkunandalarni yo‘q qilish urinishi paytida olov tasodifan hukumatga qarashli yerlarga o‘tib ketganini iddao qilishgan.

Ota-bola sud tomonidan aybdor, deb topilib, qisqa muddat qammoq jazosini o‘tagan. Lekin AQSh federal sudi ularga berilgan dastlabki jazo yetarli bo‘lmaganini xulosa qilib, 4 yanvardan boshlab yana to‘rt yillik jazoni o‘tash uchun qamoqqa qaytishlari to‘g‘risida hukm chiqargan.

XS
SM
MD
LG