Линклар

2016 yilda Rossiyaning “Gazprom” shirkati O‘zbekistondan tabiiy gaz sotib olishni ko‘paytiradi. Bu haqda Rossiya nashrlari “Gazprom” rahbari Aleksey Miller so‘zlariga tayangan holda xabar tarqatdi.

“Biz o‘zbekistonlik do‘stlarimiz bilan erishilgan muzokaralar natijasini yuqori baholaymiz. O‘zbekiston gaz sohasida bizning ishonchli hamkorimiz va biz bundan buyon ham o‘zaro manfaatli hamkorligimizni rivojlantirishda davom etamiz. Shu jihatdan ham bu yil o‘zbek gazini sotib olish hajmi oshishi mutlaqo tabiiydir”, deya iqtibos keltiradi Aleksey Miller so‘zlaridan “Rossiyskaya gazeta” nashri.

Gazprom vakillariga ko‘ra, Rossiyaga eksport qilinajak o‘zbek gazi hajmini oshirish bo‘yicha rus va o‘zbek gazchilari o‘tgan yil dekabrida kelishuvga erishganlar.

Avvalroq “Turkmangaz” mas’ullari “Gazprom eksport” shirkati 2016 yil 1 yanvaridan Turkmaniston gazini sotib olishni to‘laligicha to‘xtatishi haqida bildirgandilar.

“Bu qaror negizida xalqaro gaz bozorida o‘zgargan kon’yunktura hamda “Gazprom eksport”da vujudga kelgan muayyan iqtisodiy va moliyaviy masalalar yotibdi”, deya ma’lum qilinadi “Turkmangaz” matbuot xizmati tarqatgan xabarnomada.

Gazprom va Turkmangaz shirkatlari Rossiyaga sotilajak tabiiy gaz bahosi yuzasidan anchadan beri kelisholmay kelgan.

2015 yil o‘rtalarida rasmiy Ashxobod Gazpromni yetkazib berilgan gaz uchun Turkmangaz oldidagi qarzni yil boshidan beri to‘lamay kelayotganlikda ayblab chiqqan.

Iyunь oyida Gazprom gaz bahosini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha da’vo arizasi bilan Stokholm arbitrajiga murojaat qilgan.

Avvalroq Gazprom mas’ullaridan biri TASS agentligiga 2016 yilda O‘zbekistondan olinadigan gaz miqdori Turkmanistondan olinayotgan 3,1 milliard kub metrdan ham oshishini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda Gazprom shirkati O‘zbekistondan 7,38 milliard kub metr gaz sotib olgan.

2012 yil oxirida Gazprom O‘zbekiston bilan 2015 yilgacha tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Mazkur shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiyaga 2012 yilda 8,7 milliard kub metr, 2013 yilda esa 7,5 milliard kub metr gaz yetkazib bergan.

Sotib olinayotgan gaz qiymati Yevropa mamlakatlaridagi gaz uchun o‘rtacha narxga asoslangan formula asosida belgilanishi aytilgan.

Gazprom shirkati 2006 yildan beri O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasidagi yangi konlarni o‘zlashtirish bilan shug‘ullanib keladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2006-2013 yillar orasida Rossiya shirkati bu yerda o‘tkazilgan geologorazvedka ishlari uchun 383 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflagan.

Gaz qazib olish bo‘yicha MDH davlatlari orasida uchinchi o‘rinda turadigan O‘zbekistonda har yili 63-65 milliard kub metr gaz qazib olinadi.

G‘arb sanksiyalari va neft narxining tushishi tufayli iqtisodiy bo‘hronni boshdan kechirayotgan Rossiya Turkmanistonga to‘lay olmagan pulni O‘zbekistonga to‘lay oladimi? Bu savol javobi hozircha ochiq qolmoqda.

XS
SM
MD
LG