Линклар

Prezident Karimov 29 dekabrda imzolagan va 30 dekabr kuni kuchga kirgan yangi qonun bilan mamlakat Jinoyat kodeksiga yana bir modda qo‘shildi.

Yangi - 2293- moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlar uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2015 yil 27 noyabrda qabul qilgan, Senat 2015 yil 4 dekabrda ma’qullagan va prezident 29 dekabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 396- qonun bilan Jinoyat kodeksiga qo‘shilgan 2293- moddada belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan holda binolarni, inshootlarni yoki boshqa ob’ektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish va kapital ta’mirlash uchun javobgarlik belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unda aynan mana bunday deyilgan:

"Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq binolarni, inshootlarni yoki boshqa ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlashga taqiqlar (cheklovlar) belgilangan zonalarda ushbu ishlarni bajarish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, – eng kam oylik ish haqining o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi".

Shu kunda O‘zbekistonda minimal ish haqi 130 240 so‘mga teng. Demak, 2293- moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga 3 907 200 so‘mdan 6 012 000 so‘mgacha jarima solishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga hukm qilishlari mumkin.

E’tibor bering: 2293- moddada gap “belgilangan zonalar” haqida ketayaptiki, jinoyat hodisasi agar qurilish yoki ta’mir ishlari ana o‘sha “belgilangan zonalar”da amalga oshirilsa paydo bo‘ladi.

“Belgilangan zonalar” nima ekanligini mutaxassisdan – Namangan viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi mulozimidan so‘radik.

Ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimning aytishicha, “o‘rmon xo‘jaliklari tasarrufidagi yerlar, madaniy meros ob’ektlari hududi, shisha tolali kabel, elektr liniyalari o‘tgan uchastkalar va shularga o‘xshagan hududlar belgilangan zonalar hisoblanadi”, dedi mulozim.

Uning aytishicha, bunday hududlar shu paytgacha ham davlatning qo‘ruvi ostida bo‘lgan, Jinoyat kodeksiga kiritilgan modda esa, javobgarlikni kuchaytirish uchun qabul qilingan bo‘lishi mumkin.

Masalani chuqurroq bilishni istaganlar O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksidan, xususan uning “Aholi punktlari va shaharlar atrofidagi zonalar hududlaridan foydalanish”, deb ataluvchi 6- bobidan batafsil ma’lumot topishi mumkin.

- U yoki bu xonadon sohibi ko‘chaning yarim metr-bir metrini egallab uy qurib olsa, bundan buyon mana shu yangi modda bo‘yicha javobgarlikka tortiladimi?

Bu savolimizga mulozim “Yo‘q, bu - boshqa masala”, deb javob berdi.

Aftidan, bu holat Jinoyat kodeksining 2291- moddasi bilan tartibga solinadi:

“Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish”, deb ataluvchi mazkur moddada bunday deyilgan:

“Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, agar xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, - eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq bilan jazolanadi”.

XS
SM
MD
LG