Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:25

Andijondagi 700 yillik masjid minorasi buzilmaydigan bo‘ldi


Andijon shahri markazidagi 13- asrda qurilgan minorani buzib, uning o‘rniga fontan qurish rejasi bekor qilindi. O‘tgan oy boshida minora buzilishiga qarshi noroziliklar haqida Ozodlik yoritganidan so‘ng hukumat komissiyasi tuzilgan. Minora bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan komissiya yodgorlikni buzmaslik haqida qaror chiqargan.

Ozodlik ta’siri: Minora va namozgoh buzilmaydigan bo‘ldi

Andijonning eski shahar qismidagi Jome me’moriy majmui hududida joylashgan 700 yillik tarixga ega minora buzilib, uning o‘rniga fontan qurish rejalanayotganidan tarixchilar va mahalliy faollarning tashvish-xavotirlari borasida Ozodlik 9 dekabr kuni yoritgan edi.

Ozodlik maqolasidan so‘ng mutasaddi tashkilotlar va mutaxasislardan iborat hukumat komissiyasi tuzilgan va komissiya a’zolari Andijonga borib, vaziyat bilan tanishgan.

Oldingi loyihaga ko‘ra, minora o‘rnida fontan qurilishi rejalangan edi.
Oldingi loyihaga ko‘ra, minora o‘rnida fontan qurilishi rejalangan edi.

​O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boshqarmasi boshliq o‘rinbosari Abdusafiy Rahmonovning bildirishicha, hukumat komissiyasi xulosasiga ko‘ra, tarixiy minorani buzish rejasi bekor qilingan:

- Bo‘ldi, hukumat komissiyasi buzish ishlarini to‘xtatdi. Hukumat komissiyasi xulosa berdi. Hukumat komissiyasi o‘rgandi, o‘sha joydagi odamlar bilan uchrashdi, hamma yozganlar bilan uchrashdi. Birma-bir, hamma fikrlarini aytdi. Keyin xulosasini berishdi, bunaqa mumkin emas, buzish mumkin emas deb,- deydi Abdusafiy Rahmonov.

Andijondan olingan xabarga ko‘ra, Ozodlik maqolasidan keyin Jome me’moriy majmui oldidagi yangi ob’ektlarning maketi aks etgan panno g‘oyib bo‘lgan. Pannodagi maketda minora o‘rnida fontan qurilishi aks etgan edi.

Mahalliy tarixchilardan birining aytishicha, buzilishi rejalangan qadimiy minora 700 yillik tarixga ega bo‘lib, uning poydevori 13- asrning ikkinchi yarmiga tegishli va 19- asrning 2- yarmida minora qayta tiklangan.

Bosh vazirning Andijondagi Registoni

Minora joylashgan xududdagi 2,5 gektar maydonni egallagan Jome me’moriy majmui o‘rnida Bosh vazir Shavkat Mirziyoev talabi bilan “Andijon Registoni”ni qurish harakatlari ketayapti. Dastlabki rejaga ko‘ra, majmuadagi 700 yillik tarixga ega namozgoh ham buzilishi kerak edi. Biroq hukumat komissiyasi namozgoh buzilishini ham to‘xtatish haqida xulosa bergan.

Andijon viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Respublika Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov Andijonda 9 ballik zilzila xavfi borligi va minora bunday katta zilzilaga chidamsizligini aytib, uni buzish borasida kiritgan taklif kiritgan va ushbu taklif asosida buyruq chiqqan edi. Hukumat komissiyasi xulosasidan so‘ng bu buyruq bekor qilingan.

Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Shuhratxo‘ja Hoshimov rais o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatilgan va 5 yanvar kuni uning o‘rniga boshqa odam tayinlangan.

Hoshimovning ishdan ketishiga minora bilan bog‘liq voqea sabab bo‘lganmi yoki yo‘q, bunisi Ozodlikka ma’lum emas.

Mahalliy tarixchilar va bir guruh faollar minora va namozgohning buzilishiga qarshi chiqib, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev nomiga norozilik maktubi yo‘llagandi. O‘zbekiston Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi ham ushbu yodgorliklar buzilishiga qarshi chiqqan edi.

Shuningdek, YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohi mutaxasislari ham Andijondagi ushbu tarixiy yodgorliklar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganayotgan edi.

Majmuida joriy yilning martida rekonstruktsiya ishlari boshlanadi, hozirda ta’mirga tayyorgarlik ketayapti. Yangi loyihaga ko‘ra, majmuada minora va namozgohni saqlab qolgan holda, yangi o‘zgarishlar kiritiladi.

Hozircha Ozodlikda yangi loyihaning rejasi va maketlari mavjud emas.

Masalaga bilvosita daxldor yana bir jihat

Buzilishi to‘xtatilgan Jome me’moriy majmui tarkibiga kiruvchi 700 yillik tarixga ega namozgohda 90-yillarning birinchi yarmida mashhur Abduvali qori Mirzaev imomlik qilgan edi. Imom bundan 20 yil muqaddam - 1995 yilning yozida Rossiyaga uchib ketayotgan paytda Toshkent aeroportining samolyotga olib boruvchi yo‘lagidan sirli g‘oyib bo‘lganidan buyon hanuz daraksiz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG