Линклар

Britaniya poytaxti Londondan ellik chaqirim g‘arbda joylashgan Reding shahrida O‘zbekiston fuqarosi o‘zi yashagan uyda o‘lik holda topildi. Reding politsiyasi o‘lgan shaxs 36 yoshli o‘zbekstonlik Bobur Esonov ekani va uni o‘limi yuzasidan tergov boshlaganini bildirdi.

Reding shahri politsiyasi mulozimlari 27 dekabr kuni shaharning London ko‘chasidagi uyda o‘lik topilgan shaxs 36 yoshli o‘zbek fuqarosi Bobur Esonov ekanini aniqlashdi.

O‘lim sabablari ma’lum emas. Bobur Esonov bo‘g‘ib o‘ldirilgan, degan taxminlar bor. Redingda chiqadigan mahalliy gazeta “Getreading” xabariga ko‘ra, politsiya Esonovning o‘limini shubhali, deya surishtiruv boshlagan.

O‘zbekiston fuqarosining o‘limi yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida Redingda yashayotgan o‘nlab o‘zbekistonlik qo‘lga olingan.

Ulardan ayrimlarining Britaniyada qolish muddati o‘tib ketgani sababli chorshanba kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi kutilayapti.

Shuningdek, mazkur ish doirasida 1 yanvar kuni hibsga olingan 36 yoshli o‘zbekistonlik 2 fevralgacha shaharni tark etmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgan.

Bobur Esonov bilan bir uyda yashagan 24 yoshli yana bir o‘zbekistonlik esa qidirilmoqda.

Politsiya tergovchisi Saymon Still tergov hali boshlang‘ich bosqichda ekanini aytib, o‘zbek fuqarosining o‘limi borasida biror ma’lumotga ega bo‘lgan kishilarni politsiyaga murojaat etishga chiqirdi.

“Getreading” nashri Saymon Stillning "Bob deya tanilgan Bobur Esonovning O‘zbekistondagi oilasi unga nima bo‘lganini bilishni juda istaydi va har qanday ma’lumot tergov uchun muhim", degan so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi mulozimlari Bobur Esonov o‘limi haqida xabar topganliklarini aytishdi.

Uning jasadini O‘zbekistondagi qarindoshlariga jo‘natish borasida elchixona qanday ko‘mak berishi mumkin, degan savolga mulozimdan aniq javob bo‘lmadi.

Bobur Esonov Reding shahridagi kafelardan birida ishlab kelgan.

U 1998 yilda O‘zbekiston prezidentining "Umid" jamg‘armasi orqali Britaniyaning Reding shahrida moliya soxasi bo‘yicha ta’lim olgan.

Bobur uch yil Britaniyada o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan va "Umid" jamg‘armasi bilan kelishuv doirasida besh yil ishlab bergan.

So‘ngra u yana Britaniyaga qaytgan. Uning yetti yoshli qizi va rafiqasi O‘zbekistonda yashamoqda.

XS
SM
MD
LG