Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:37

Xorijda eski o‘zbek pasportlarining kuni bitdi


Rossiyada eski nobiometrik pasport bilan yurgan O‘zbekiston fuqarolari mamlakatdan chiqib keta olmayapti. Rossiya hududidan chiqish uchun chegara xodimlari ulardan yangi biometrik pasport yoki O‘zbekiston elchixonasidan olingan “Vatanga qaytish uchun sertifikat” deya ataluvchi hujjatni talab etmoqda.

Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida yashovchi o‘zbekistonlik muhojirlardan biri vatandan yiroqda yurib, eski pasportini yangi biometrik pasportga o‘zgartirishga ulgurmagani sabab O‘zbekistonga ketolmayotganini aytadi:

- O‘zbekistonga ketish uchun samolyotga bilet olgan edik, eski pasport bilan ketolmaysizlar, deyapti aeroportdagilar. Pasportni muddati uzaytirilgandiku, - deydi ismi sir qolishini istagan o‘zbek muhojiri.

Sankt Peterburgning Pulkovo aeroporti pasport nazoratchilari ham, Moskvaning Sheremetyevo aeroporti xodimlari ham nobiometrik pasport bilan yurgan O‘zbekiston fuqarolari chegaradan o‘tkazilmasligini tasdiqlashdi.

– Eski pasport bilan o‘tkazilmaydi. Chegaradan o‘tish uchun elchixonaga borib yangi pasport yoki “vatanga qaytish uchun sertifikat”ini olish kerak, - dedi Sheremetyevo aeroporti pasport nazorati xodimasi Ozodlik bilan suhbatda.

Eski o‘zbek pasportlarining amalda yaroqsiz hujjatga aylangani xorijda yurgan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

Avvalroq O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylari eski fuqarolik pasportini biometrik pasportga almashtirish 2018 yilning 1 iyuliga qadar davom etishini bildirishgandi.

Lekin, amalda eski o‘zbek pasportlari xorijda allaqachon o‘z kuchini yo‘qotib bo‘lgan.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi konsulxonasi xodimi Ozodlik bilan suhbatda eski pasportlar chet davlatlarda yaroqsiz hujjatga aylanganini tasdiqladi:

- Bu pasportlarni kuni bitdi. O‘zbekistonga eski pasport bilan ketish uchun konsulxonaga uchta foto va 60 dollar bilan kelib ariza to‘ldirasiz. Vatanga qaytish sertifikati bir oyda tayyor bo‘ladi. Shu hujjat bilan O‘zbekistonga uchib ketasiz, - dedi konsulxona mulozimi.

Ayni paytda yangi biometrik pasporti yo‘qligi sabab chegaradan qaytarilgan xorijdagi yuzlab o‘zbek fuqarolari “Vatanga qaytish uchun sertifikat”ni olish uchun O‘zbekiston elchixona va konsulxonalariga yopirilgan.

Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi oldida vataniga qaytish uchun hujjat olishga navbatda turgan xorazmlik Hamdam gapiradi:

- Eski pasportlar 2018 yilni o‘rtalarigacha uzaytirildi, deb aytishgandi. Hozir bilsak bu pasport Rossiyada yurganlar uchun yaroqsiz bo‘lib qolibdi. Buni bilganimizda oldinroq ketishga taraddud ko‘rar edik. Hozir endi yangi pasport olish uchun O‘zbekistonga ketolmayapmiz. Eskisi bilan chiqarishmayapti. Yangi pasportni elchixona bermaydi, O‘zbekistonga borib olish kerak. Shuning uchun “sertifikat vozvrashenie na rodinu” olishga keldik. Bir oy deyishyapti, lekin odamlar ko‘pligi sabab cho‘zilsa kerak, - deydi Hamdam.

Ayni paytda Rossiyada eski pasport bilan yurgan o‘zbekistonliklar uchun "kirdi-chiqdi" muhrini urdirish ham katta muammo bo‘layotganini aytishadi.

Rossiyaga ishlagani kelgan o‘zbek mehnat muhojirlari mamlakatda ko‘proq muddat qolish uchun pasportiga chegarani kesib o‘tganini tasdiqlovchi muhrni har yilda yangilab turishlari kerak.

Buning uchun ular har yili Rossiya chegarasidan chiqib, qayta kirishadi va buni pasportlariga qayd qildirib kelishadi.

- Eski pasport bilan buni qilib bo‘lmayapti. Chunki chegaradan o‘tkazmaydi. Kirdi-chiqdi uchun Pogari (Rossiya va Ukraina orasidagi Pogari chegara-tranzit zonasi -tahr.)ga borganlar eski pasporti bo‘lsa o‘tkazmayapti. Shuning uchun hozir hamma O‘zbekistonga borib pasportini almashtirib kelish harakatiga tushgan. Elchixonani oldi odamga to‘lib ketgan, - deydi Rossiyada yashovchi qashqadaryolik Eshquvvat.

Moskvadagi mehnat muxojirlari huquqlarini himoya qiluvchi "Yordam" tashkiloti rahbari Bahrom Hamroevga ko‘ra, eski pasportlarning amal qilish muddati haqida aholiga aniq ma’lumot berilmagani xorijdagi minglab o‘zbekistonliklarni mushkulotlar qarshisida qoldirgan:

- Ko‘pchilik bu erda 2018 yilga uzaytirildi, deb xotirjam yurgandi. Endi unday emas bo‘lib chiqyapti. Hozir endi ular katta pul to‘lab spravka olishlari kerak. Qanchasini uchoq bileti kuyib ketdi. Go‘yoki buni hukumat ataylab qilganday. Qarangda minglab odam elchixona oldida turibdi, spravka olish uchun jonini berishga tayyor. Tanish-bilishchilik bo‘lib ketyapti, pora aralashyapti, - deydi Bahrom Hamroev.

Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, eski fuqarolik pasportining biometrik pasportga almashtirish muddati 2,5 yilga uzaytirilgani eski pasportlarning chet davlatlarda amalda bo‘lishini anglatmaydi:

- To‘g‘ri, O‘zbekiston pasportlarini biometrik pasportlarga almashtirish muddati 2018 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirildi. Lekin, eski pasportlar chet davlatlarda kuchini yo‘qotdi. Faqat biometrik pasport bilan chegara kesib o‘tiladi. Eski pasportini almashtirishga ulgurmaganlar kelgusi ikki yarim yil ichida jarimaga tortilmaydi. Bemalol kelib almashtirishlari mumkin, - dedi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining rasmiysi.

2013 yilning mart oyidan biometrik pasport hammaga berila boshlandi.

Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovning aytishicha, O‘zbekistonda ham hozir mahalladan tortib ishxonagacha odamlardan yangi pasport talab qilinmoqda:

- Eski pasport bilan O‘zbekistonda yuraverish mumkin. Lekin, u bilan chetga chiqolmasangiz yoki ishga joylasholmasangiz, demak uni kuni O‘zbekiston ichida ham bitgan ko‘rinadi, - deydi toshkentlik huquq faoli Sur’at Ikromov.

XS
SM
MD
LG