Линклар

logo-print

Shimoliy Koreya vodorod bombasini muvaffaqiyatli sinaganini iddao qilmoqda


Yadroviy sinov Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Unning tug‘ilgan kuni arafasida o‘tkazildi

Yadroviy sinov Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Unning tug‘ilgan kuni arafasida o‘tkazildi

Shimoliy Koreya 6 yanvar kuni vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi. Kichraytirilgan sinov bombasi portlatilgani aytilayotgan yer osti bazasi joylashgan hududga chegaradosh mamlakatlarda kichik yer silkinishlari qayd etildi. Pxenyanning termo-yadroviy bomba sinovini o‘tkazgani to‘g‘risidagi bayonoti tasdiqlanadigan bo‘lsa, Shimoliy Koreya BMT sanksiyalariga qaramasdan to‘rtinchi marta yadroviy sinov o‘tkazgan bo‘ladi. Shu bilan birgalikda bu Pxenyanning yadroviy qurol ishlab chiqarishdagi yirik qadam qo‘yganini ham anglatadi.


Pxenyan vodorod bomba sinovini o‘tkazganini e’lon qilishidan biroz avval Punggie-ri yadroviy sinov maydonchasiga yaqin hududda 5,1 ballik zilzila qayd etilgani sinov haqiqatdan amalga oshirilganiga ishora qiladi.

Shimoliy Koreyaning bu harakati xalqaro hamjamiyat tarafidan keskin qoralandi.

BMT Xavfsizlik kengashi, Janubiy Koreya va Yaponiya 6 yanvar kuni favqulodda majlis o‘tkazishga chaqirishdi. Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe sinovni o‘z mamlakati “xavfsizligiga tahdid va mutlaqo nomaqbul”, deya qoraladi.

Yaponiya va Janubiy Koreya BMT tizimlari orqali Shimoliy Koreyaga nisbatan jazo choralari qo‘llanishiga erishishlarini bayon qilishdi. Qo‘shma Shtatlar ma’muriyati Shimoliy Koreyaning “provokatsiyalariga tegishli” javob qaytarilishini bildirdi.

Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi mamlakat xavfsizligi va Shimoliy Koreyaga doir monitoring choralarini kuchaytirayotganini e’lon qildi.

Yadroviy sinovlarni taqiqlash bitimi tashkiloti rahbari Lassina Zerbo 6 yanvar kungi hodisani “xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy xavf”, deya qoraladi.

Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashi matbuot vakili Ned Prays Vashingtonda qilgan chiqishida: “bu xabarlarni hozircha tasdiqlay olmasak-da, BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarining har qanday ko‘rinishda buzilishini qoralaymiz”, deya bayon qildi. “Shimoliy Koreyaning yadroviy davlatga aylanishini qabul qilmaymiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreyaning sinov o‘tkazish niyatlaridan Pekinning xabari bo‘lmagani va Pxenyanning harakatlariga keskin qarshilik bildirishini bayon qildi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Moskva sinov o‘tkazilganiga doir xabarlardan “juda tashvishda” ekani va Putin olimlarga bu masalani o‘rganish borasida topshiriq berganini bildirdi.

Frantsiya “xaqlaro hamjamiyat tarafidan jiddiy munosabat bildirilishiga” chaqirdi. Germaniya esa Shimoliy Koreyaning Berlindagi elchisini chaqirtirishini bildirdi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Filip Hemmond sinov “BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol tarzda buzish va provokatsiya” bo‘lganini ta’kidladi.

Shimoliy Koreya yillardan beri AQSh hududigacha etib bora oladigan raketaga o‘rnatish mumkin bo‘lgan yadroviy kallaklarni ishlab chiqarish ustida ish olib boradi. Pxenyan Qo‘shma Shtatlar “agressiv yondashuvidan” voz kechmasa, yadroviy dasturlarni to‘xtatmasligini aytib keladi.

Yadroviy sinov Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Unning tug‘ilgan kuni arafasida o‘tkazildi.

Kim o‘tgan oyda Pxenyan vodorod bombasini qo‘lga kiritganini iddao qilgan edi. Lekin ko‘pchilik bu iddaoni jiddiy qabul qilmagan edi.

Ayrim ekspertlar Shimoliy Koreyaning 6 yanvar kungi sinovi borasida ham shubha bildirmoqda. Ularning aytishlaricha, yer silkinishining kuchi unchalik katta bo‘lmagani portlatilgan bombaning kuchi termo-yadvroviy moslamadan kichiqroq ekaniga ishora qiladi.

Frans Press agentligi yadroviy qurollar bo‘yicha mutaxassis Krispen Roverning “sinov o‘tkazilgan hududda qayd etilgan 5,1 magnitudalik yer silkinishi Pxenyanning iddaolarini tasdiqlash uchun yetarli emas”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

Xitoyning CCTV telekanali xitoylik harbiy ekspertga tayanib, hozirgacha olingan ma’lumotlar termo-yadroviy bomba sinovdan o‘tkazilganiga doir iddaolarni “tasdiqlay olmaydi” mazmunidagi xabarni tarqatdi.

Shimoliy Koreya 2006, 2009 va 2013 yillarda ham uch marta yadroviy sinov o‘tkazgani uchun BMT sanktsiyalari bilan jazolangan.

XS
SM
MD
LG