Линклар

Andijon shahrining Bo‘ston mahallasida istiqomat qilgan chol va uning kampiri gaz portlashidan nobud bo‘ldi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, gaz o‘chib qolganidan so‘ng uy sohiblari gaz jo‘mragini burab qo‘yishni unutgan. Kechasi gaz uyni to‘ldirgan va ertalab chiroq yonganda uchqun chiqib, portlash sodir bo‘lgan. Kampir voqea joyida, chol esa kasalxonada jon bergan.

Andijon shahridagi Bo‘ston mahallasining Hamid Olimjon ko‘chasida istiqomat qilgan 82 yashar Nurmatov (ismini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahririyat) va uning 79 yashar kampiri 5 yanvar kuni tongda yuz bergan gaz portlashidan halok bo‘ldi.

Bo‘ston mahallasida yashaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, cholning kampiri o‘sha joyda, uning o‘zi esa kasalxonada jon bergan:

“Bo‘ston mahallasida svet uzilganidan so‘ng gaz tortadigan motor o‘chib qolgan. Keyin gaz jo‘mragi ochiq qolgani sabab sahargacha uyda gaz to‘plangan. Ertalab yana svet kelganda portlash sodir bo‘lgan. Uyning ichida chiqqan yong‘indan kampir xola o‘lgan. Qo‘shnilar va uning yaqin joyda yashaydigan o‘g‘li yordamga kelishgan. Ota-onasini o‘t ichidan olib chiqqan o‘g‘ilning ham oyoqlari kuygan. Cholni kasalxonaga olib ketishgan, lekin u ham o‘sha kuni kechqurun jon bergan”, dedi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan Bo‘ston mahallasi faollaridan biri shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Mahallada gazning bosimi juda past. Cholu kampir gaz plitasining jo‘mragini burab qo‘yishni unutishgan shekilli. Kechqurun trubada qolgan gazlar sizib chiqib, uyni to‘ldirgan. Keyin ertalab gugurt yoqishganmi yoki svetdan uchqun chiqqanmi, ishqilib portlash sodir bo‘lgan. Portlashdan uyning ichidagi ashyolar yongan. Gaz va svetning uzib-uzib berilishi oqibatida shunday falokat sodir bo‘ldi. 5 yanvarda kampirini, kecha esa cholini tuproqqa qo‘ydik”, dedi mahalla faollaridan biri.

O‘zbekistonda aholiga tabiiy gaz yetkazib berishdagi uzilishlar sabab noxush hodisalar tez-tez sodir bo‘ladi.

Jumladan, o‘tgan yilning mart oyida Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining Chandir qishlog‘ida istiqomat qilgan Hazratovlar oilasining uch a’zosi – ota va uning ikki qizi gaz portlashidan nobud bo‘lgan edi.

2014 yilning fevralida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani “Go‘zalkent” poselkasidagi Qulton qishlog‘ida gaz ballonida ishlovchi qo‘lbola isitish moslamasi portlab ketishi oqibatida bir oiladan besh kishi halok bo‘lgan edi.

2014 yilning fevralida Farg‘ona viloyat Qo‘shtepa tumani G‘ishtmon fuqarolar yig‘inida yashovchi Qodirovlar uyida 2 fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan gaz portlashi oqibatida bu xonadondagilarning hammasi turli daraja kuyish bilan viloyat kasalxonasiga yotqizilgan haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG