Линклар

Suriyadagi "Tavxid va Jihod" guruhining BTRda xudkushlik amaliyotiga yo‘llangan 6 jangarisi namoyish qilingan video tarmoqda tarqadi. Halab viloyatida Assad qo‘shinlariga qarshi jangga otlangan yoshgina o‘zbeklar bu kunni "hayotimizning eng go‘zal kuni" deb ta’riflaydi. ​Yirik planda kadrga so‘zlagan yana bir jangari esa tez orada "yurtimizda qamoqda saqlanayotgan olimlar, muslimalarni ozod qilishga boramiz", deb tahdid qiladi.

6 "fidoyi"

Dekabr oyining o‘rtalarida Suriyaning Halab viloyatidagi janglarda "Jaysh ul-Fath" jangari guruhlar koalitsiyasi safida ishtirok etgan "Tavxid va Jihod" guruhining tarmoqda tarqatgan navbatdagi videosida 6 jangari "fidoyi" sifatida talqin qilindi.

Suriya va Iroq hududidagi jangari o‘zbeklar xudkushlik amaliyotiga yo‘l olgan safdoshlarini "fidoyi" deb atashlari avval ham bir necha bor kuzatilgan.

Eskirib, zanglab ketgan BTRlarga qurollangan holda o‘tirgan jangarilar "Ollohni kuldirish" uchun jangga ketayotganini aytib, yon-atrofidagilarni takbirga chaqiradi:

"Biz bugun kofirlarni yer tishlatamiz, inshaolloh. Bu bizning hayotimizdagi eng go‘zal kun", deydi yuziga niqob tortgan yoshgina jangarilardan biri.

BTRlarga zich o‘tirib, naqd o‘limga yo‘l olgan jangarilar kadr ostidagi yozuvlarda "fidoyilarning birinchi guruhi" deb atalgan. Ammo, ularning keyingi taqdiri haqida hech bir ma’lumot berilmagan.

Yurtga qaytish "va’dasi"

Yirik planda kadrga gapirgan yana bir o‘zbek jangari bu gal ham g‘alaba qozonishi va tez orada yurtiga qaytishini va’da qiladi:

​"Musulmonlarga aytamizki, bu tepaliklarning fath bo‘lganini tez kunda eshitasiz. Ummatga aytamizki, biz tez orada sizni qutqargani boramiz. Qamoqdagi olimlarimizni, birodarlarimizni, musulimalarni qutqargani boramiz", deya va’da qiladi yoshgina o‘zbek jangarisi.

Avvalgi videolaridan farqli ravishda jangari guruh bu gal mujohidlarining ismini ma’lum qilmagan. Shuningdek, shaxsi noma’lum bu o‘zbeklarning o‘zbekistonlik yoki qirg‘izistonlik ekani haqida ham ma’lumot yo‘q.

Ayni paytda ushbu guruhning a’zosi ekani gumon qilingan 10 ga yaqin shaxsning Qirg‘iziston janubida qo‘lga olingani haqida rasmiy ma’lumot bor.

Rossiya hujumlariga javob

Bu va so‘nggi bir oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan "Tavxid va Jihod" guruhining o‘nga yaqin videolarida guruh rahbari Abu Saloh jihodga da’vat qilingan ma’ruzalarini kanda qilmadi.

Oktyabr oyi oxiridan Suriyada boshlangan Rossiya amaliyotlarida Suriya prezidenti Bashar Assad rejimiga qarshi kurashayotgan "Jaysh ul-Fath" jangari guruhlar koalitsiyasi manzillari nishonga olinayotgani aytib kelinmoqda.

Buni tasdiqlagan "Tavxid va Jihod" guruhi jangarisi kadrga qarata: "Bu kofirlarning samolyotlariyu, bombalari, kofirlarning adadi bizni qo‘rqitib qo‘ymaydi", deya maqtanadi.

"Movaraunnahrning birinchi fidoyisi"

O‘tgan yilning kuzida "Imom Buxoriy" katibasining Idlib viloyatida qilgan janglari aks etgan video e’lon qilingan va unda, taxminan, 17-20 yoshlar atrofidagi o‘zbek xudkush Ja’far al-Tayyar, "Movaraunnahrning birinchi fidoyisi", deb ta’riflangan edi.

Suriyaning Idlib viloyatidagi Fua shaharchasi uchun janglarda qatnashgan Ja’var boshqargan BTRning manzilga yetib portlagani ham namoyish qilingan.

Keyinchalik bu yigit Qirg‘izistonning Suzoq tumanida 1994 yilda tug‘ilgan Bobur Isroilov ekani ma’lum bo‘lgan.

Ja’farning xudkushligi haqida o‘tgan yilning sentyabr oyida tarqatilgan videoda "Imom Buxoriy" katibasi va "Tavxil va Jihod" guruhidan kamida yana 4 yigitning xudkushlik amaliyotida qatnashgani aytilgan, ammo ularning taqdiri haqida biror ma’lumot berilmagan.

Targ‘ibotga o‘ch yetakchi

"Tavhid va Jihod" Suriya hududida 2014 yildan buyon alohida guruh sifatida prezident Assadga armiyasiga qarshi kurashib kelayotganini iddao qilgan o‘zbek jangarilari jamoatidir.

Suriyadagi "Tavhid va Jihod" o‘zbek jangari guruhi yetakchisi Abu Saloh

Suriyadagi "Tavhid va Jihod" o‘zbek jangari guruhi yetakchisi Abu Saloh

2014 yilning dekabr oyida Internetda alohida sahifa ochgan va o‘z logosini ham e’lon qilgan bu katiba tarmoqda o‘zbeklarni jihodga da’vat qilib kelayotgan faol jangari guruhlardan biridir.

Uning yetakchisi ekanini da’vo qiladigan Abu Saloh O‘zbekiy ismli jangari haqida esa ma’lumot oz. Shu kunga qadar Ozodlikka ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘langan o‘zbek jangarilari Abu Salohning qattiqqo‘l ekanini aytganlar.

U ijtimoiy tarmoqlarda bir jang maydoni, bir "Jabhatan Nusra" bayrog‘i yonida bo‘y ko‘rsatib tushgan videolarini tez-tez e’lon qiladi.

Hozircha "Tavhid va Jihod" katibasida jami nechta jangari borligi va ularning qancha o‘zbek ekani haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo, aksar manbalar guruh jangarilarining ko‘pchiligi Qirg‘izistondan borgan o‘zbeklar, deb taxmin qiladi.

The Long War Journal tahlilchisi Kalib Veys "Tavhid va Jihod"katibasi ilk bor 2014 yilning 28 dekabrida YuTub tarmog‘iga video ilgach, mintaqani kuzatayotgan tahlilchilar diqqatini o‘ziga tortganini yozadi. Uning yozishicha, avvaliga "Jabhatan Nusra" safida jang qilib yurgan o‘zbeklar keyinchalik alohida jamoatga birlashib, Abu Saloh yetakchiligida "Tavhid va Jihod" katibasini tuzgan.

XS
SM
MD
LG