Линклар

Suriyaning o‘tgan yil oktyabr oyidan buyon prezident Bashar Assad qo‘shinlari qurshovida qolayotgan Madaya shahri aholisi ochlikdan qirilmoqda. Suriya armiyasi shahar atrofiga mina o‘rnatgani bois, aholi oziq-ovqat ta’minotidan butkul uzilgan. Madayalik musulmonlar mushukni yeyish uchun ulamolardan ruxsat so‘ragani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni junbushga solmoqda.

Qamalda qolgan kurort shahri

Damashqdan bir necha o‘n kilometr olisda bo‘lgan tog‘li Madaya shahrida yashovchi 30 mingga yaqin aholi o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan qamal bois, o‘ta dahshatli kunlarni boshidan kechirmoqda.

Bir paytlar suriyalik boylar kelib dam oladigan yozgi oromgoh bo‘lgan Madaya 3 oydirki prezident Bashar Assad askarlari tomonidan o‘rab olingan. Aholining qochishi va shaharga oziq-ovqat kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun armiya shahar atrofiga zich qilib mina o‘rnatgan.

Onasi 10 kundan buyon namakob suv berib jonini saqlayotgan bolakay

Onasi 10 kundan buyon namakob suv berib jonini saqlayotgan bolakay

Ijtimoiy tarmoqlar va qator g‘arb nashrlari shaharning oziq-ovqat zahiralari tugab, ochlikdan o‘t-o‘lan va daraxtlar bargini yeyishni boshlagan keksalari hamda bolalarining suratlari, videolarini chop etmoqda.

Tasvirlarda ochlikdan sillasi qurigan keksalar va bolalar, eti suyagiga yopishib, qurib qolayozgan emizikli bolalar, nobud bo‘lgan madayaliklar aks etgan.

Sut o‘rniga namakob ichayotgan go‘daklar

Guardian gazetasi va Al-Jazeera axborot agentligi so‘nggi bir necha kun ichida bir necha yuz odam ochlikdan o‘lgani, bular orasida ko‘plab bolalar borligini xabar qilmoqda.

Shahar ichidagi faollar suratga olib, xalqaro axborot vositalariga uzatayotgan video tasmalardagi bolakaylardan biri 7 kundan beri ovqat yemaganini aytadi, bir ona esa ochlikdan ko‘kragidan sut qochib, emizikli qizchasiga namakob suv berayotganini aytadi.

Jumladan, Guardian nashriga telefon orqali intervyu bergan faollardan biri shahar ahlining ko‘pchiligi ochlikdan holdan toygani va ayniqsa, bolalar yurolmay qolganini aytadi:

"Odamlar sekin-asta o‘layapti. Uyimizda tuvakda o‘sadigan gullar bor edi. Kecha shu o‘simliklarning gulbarglarini yedik, juda nordon va bemaza ekan. Bir vaqtlar bu zamonda odamlar ochlikdan o‘lmaydi, deb yurardik. Hozir ko‘z o‘ngizimida ochlikdan o‘layotgan odamlarni ko‘rayapmiz", deydi Guardian nashrining manbasi.

Bir vaqtlar Madayaning, hatto, Damashqda nom qozongan mahalliy bozorida esa oziq-ovqat mahsulotlari juda oz qolgan.

Shu kunda un, guruch yoki boshqa don mahsulotlarining bir kilosi 100 - 250 AQSh dollaridan sotilmoqda.

Mushuk yegan sunniylar

Madayada, asosan, sunniy musulmonlar istiqomat qiladi. Qamaldan so‘ng aholi avvaliga uy hayvonlari, qushlarni ovladilar.So‘ngida shahar ahli mushuk yeyishga ruxsat bormi, deb ulamolarga yuzlanishga majbur bo‘lgani haqida faollar ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar qila boshladilar.

Ochlikdan joni ko‘ziga ko‘ringan odamlar shahar tashqarisidan yemak qidirishga majbur bo‘lmoqda. Minaga uchrab, qo‘llari va oyoqlaridan ayrilgan bolalarning rasmlari ham tarmoqda tarqalmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda xar xil suratlar tarqalib ketdi va ayni paytda sunniy musulmonlar jamoalari shaharga oziq-ovqat yordami jo‘natish yo‘llarini qidirmoqda. Biroq, ichkaridagi faollar shaharni qamal qilib olgan Assad askarlari insonparvarlik yordamini kiritmayotganini aytmoqda.

Madayalik faollar oktyabr oyidan buyon yordam so‘rab, Assad hukumati va xalqaro hamjamiyatga murojaat qilayotgani, ammo yordam kelmayotganidan nolimoqdalar.

Nega Madayani qamal qildilar?

Aslida shu kunda qamalda qolganlar faqat madayaliklar emas. Yana uch shahar - sunniylar yashaydigan Zabadaniy va shia musulmonlari yashaydigan Fua va Kafariya shaharchalari ham garovda qolmoqda.

Madaya va Zabadaniy shaharlarini Assad qo‘shinlari, Fua va Kafariya shaharchalarini esa Assadga muxolif isyonchilar qamalda saqlamoqda.

Idlib viloyatida joylashgan Fua va Kafariya shaharchalari o‘tgan yili kuzda "Jaysh ul-Fath" isyonchi guruhlar koalitsiyasi tomonidan Assad qo‘shinlaridan tortib olingan edi. Darvoqe, bu janglarda o‘zbek jangarilaridan iborat "Tavxid va Jihod" guruhi ham ishtirok etgan, jangda o‘lgan yoshgina xudkush xujumchi videosini ham tarmoqda tarqatgan edi.

Xabarlarga ko‘ra, hukumat kuchlariga qasdlashgan isyonchilar ham ikki shaharda yashovchi shia musulmonlarini qamalda saqlamoqda.

Ammo, 4 shaharcha orasida oziq-ovqati tugab, ochlikdan jon bera boshlagani Madayadir. Bu shahar dengiz sathidan 1 ming 400 metr balandlikda, tog‘li hududda joylashgani uchun qish kelishi bilan aholisining ahvoli og‘irlashdi.

O‘tgan yilning oktyabrь oyida tomonlar shahardagi tinch aholi vakillari uchun oziq-ovqat ta’minoti yo‘llarini ochishga kelishishdi. Ammo, bu kelishuv bir necha kun ishladi, xolos. Har ikki tomon yaralanganlarni almashtirishdi va bir bor oziq-ovqatga yo‘l ochib berishdi. So‘ngra tomonlar yana murosani yo‘qotdi va tinch aholi yana jabr-sitam, ochlikka mahkum qoldi.

Oktyabrь oyida gumanitar yordam konvoyi bilan Madaya va Zabadaniyga kirib chiqqan faollardan biri: "Har ikki joydagi bolalarning ahvoli juda ham dahshatli edi. Nima bo‘lganda ham bolalar azob-sitamda qoldirilmasligi kerak", deydi g‘arb nashriga bergan intervьyusida.

XS
SM
MD
LG