Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:13

Chinozdagi stadion ta’miri uchun “o‘lpon” solindi


Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi markaziy stadionni kapital ta’mirdan chiqarish uchun barcha byudjet tashkilotlariga, mahalla fuqarolik yig‘inlariga o‘lpon solinyapti. Chinoz tumani hokimligi mutasaddilari esa bu iddaolarni inkor qilmoqda.

Chinoz tumanidagi markaziy stadionni tez fursatda kapital ta’mirdan chiqarish uchun uning xonalari korxona va tashkilotlarga bo‘lib berildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan chinozlik manbaning iddao qilishicha, kapital ta’mirni boshlagan firma ishini oxiriga etkazolmay qolgan:

“Markaziy stadionni kapital ta’mirdan chiqarishni yakunlash korxona va tashkilotlarga bo‘lib berildi. Stadionni ta’mir qilayotgan “Quvasoy qurilish savdo” tashkiloti 400 million so‘mni yeb yuborgani aytilyapti. Kapital ta’mirning umumiy qiymati narxi 2,5 milliard so‘m. Bu ham asosan xalqdan yig‘ib olingan pul. Endi firmaning ta’mirni davom ettirish uchun puli qolmapti. Shunga tuman hokimi qurilishni “podderjka” qilish uchun tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 30 ming so‘mdan pul yig‘ib olishni buyurgan. Yeb yuborilgan pulni jabrini endi oddiy xalq tortishi kerakmi?”, dedi tumandagi tashkilotlardan birida ishlaydigan manba.

Chinozda faoliyat olib boruvchi xususiy korxonalardan birining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi stadion ta’miri uchun hokimiyatga pul o‘tkazib berilayotganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Hokimiyatning sport ishlari va boshqa narsalar uchun o‘lpon solib turishi yangilik emas. Yaqinginada bolalar sporti va stadion uchun 10 million so‘m o‘tkazib berdik”, dedi mulozim.

Chinoz tumani hokimligining kapital qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Mirsoat Mirsodiqov Ozodlik bilan suhbatda, stadion ta’mirida korxona va tashkilotlar hasharga jalb qilinganini tan oldi, lekin pul yig‘ilayotganini inkor qildi:

- To‘g‘ri hasharga tashkilotlar chaqirilyapti. Masalan, obodonlashtirish, musor-pusor, boshqa narsaga. Bu mablag‘ ketadigan ishlar emasda. Lekin asosiy ishni podryadchiklarning o‘zlari qilishyapti. Mablag‘i bor, yetadi. 70-80 foiz ishlarini bajarib bo‘lgan. Fevral oyiga topshirishmoqchi. Lekin tashkilotlarga va mahalla fuqarolar yig‘inlariga hech qanday soliq yoki o‘lpon solinmagan. Bu noto‘g‘ri ma’lumot, dedi bosh mutaxassis Mirsoat Mirsodiqov.

O‘zbekistonda stadionlar qurilishi uchun majburiy hasharlar tashkil qilish, korxona va tashkilotlarni, tadbirkorlarni pul o‘tkazishga majburlash holatlari uchrab turadi.

Jumladan Namangan shahridagi “Navbahor” klubining stadioni qurilishi uchun ham viloyat hokimining og‘zaki buyrug‘i bilan o‘qituvchilardan tortib “Damas” haydovchilarigacha “soliq” solingan va bu ham aholi orasida norozilik kuchayishiga sabab bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG