Линклар

O‘zbekistonlik qochqin Fazliddin Qurbonov AQShda harbiy akademiyaga hujum rejalaganlikda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Qamoqdan so‘ng uni deportatsiya kutmoqda.

Qurbonov ishi bo‘yicha sud hukmi 7 yanvar kuni chiqarildi.

- U [Fazliddin Qurbonov] Qo‘shma Shtatlar hududida jihod qilish niyatida bo‘lgan. U [2001 yil 11 sentyabrida] sodir etilgan hujumlarda bo‘lgani kabi bildirgi sifatida AQShda bomba portlatmoqchi bo‘lgan, - dedi hukmni e’lon qilgan sudya Edvard Lodj.

2009 yilda O‘zbekistonni tark etgan yuk mashina haydovchisi Fazliddin Qurbonov sudda terrorchi bo‘lmaganini, hech kimga hech qanaqa zarar yetkazmaganini va bunday niyati ham bo‘lmaganini bildirgan.

Prokuror esa Qurbonov “O‘zbekiston Islomiy harakati” terror tashkiloti bilan aloqador “jihodchi” bo‘lib hisoblanishini, portlash moslamalari tarkibiy qismlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanganini aytgan.

Prokuror qanoaticha, Qurbonov AQShdagi harbiy ob’ektlarga, shu jumladan, West Point harbiy akademiyasiga hujum uyushtirishni rejalab yurgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlariga bundan olti yil muqaddam qochqin sifatida borgan Qurbonov 2013 yili Aydaho shtatining Boysi shahrida o‘z kvartirasida hibsga olingan edi.

2015 yil yozida bo‘lib o‘tgan mahkamada u O‘IH vakillari bilan internet orqali aloqada bo‘lganini tan olgan, biroq terrorchilikka aloqador ayblovlarni rad etgan edi. O‘shanda u O‘zbekiston islomiy harakati bilan aloqaga kirishdan maqsad bolalikdagi do‘stini topish bo‘lganini aytgandi. Qurbonov O‘IH vakili undan pul so‘ragani, biroq u guruhga hech qanday moliyaviy yordam bermaganini bildirgan.

Advokatsiz o‘tgan tergovda Fazliddin Qurbonov O‘IH haqida ma’lumot to‘plab, uni AQSh hukumatiga topshirish niyatida bo‘lganini aytgan.

Fazliddin Qurbonov AQShda terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan yagona o‘zbekistonlik emas. 2012 yilning iyulida o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidentini o‘ldirishga uringanlikda ayblangan va 15 yilga qamalgan edi.

Jizzaxlik 35 yashar Jamshid Muxtorov esa 2012 yilning yanvar oyida Chikago shahrida terror guruhlariga moddiy yordam berganlik va ular safiga qo‘shilishga uringanlik aybi bilan hibsga olingan.

XS
SM
MD
LG